Oʻzbekiston oʻrik eksporti boʻyicha oʻtgan yil kuchli uchtalikka kirgan edi. Bu yil-chi?

11:43 29 May 2019 Iqtisodiyot
722 0

2018-yilda Oʻzbekiston sarxil oʻrik eksporti boʻyicha dunyodagi yetakchi uch mamlakat qatoridan oʻrin olgan edi. Ammo bu muvaffaqiyat vaqtinchalikmi?

Maʼlumki, oʻtgan yilda oʻzbekistonlik bogʻbonlar va treyderlar 43 ming tonna yangi uzilgan oʻrikni eksportga yoʻnaltirgani holda nafaqat Fransiya, Italiya va Gretsiyani yetakchilar qatoridan siqib chiqardi, balki jahon boʻyicha nufuzli uchini oʻrinni egalladi. Bozor ishtirokchilarining aytishlaricha, 2018-yilda Oʻzbekistondan sarxil oʻrik eksporti hatto 43 ming tonnadan ziyod boʻlib, real hajmi 47-50 ming tonnagacha yetgan.

EastFruit ekspertlarining fikricha, oʻtgan yilda Yevropada ob-havoning noqulay kelishi, xususan, bahorgi sovuq ob-havo tufayli u yerdagi eksportchi davlatlar hosilning yarmidan ayrilgan. Joriy yilda esa koʻhna qitʼada, aksincha, ob-havo juda qulay boʻldi va hosil 12 foizga oshishi kutilmoqda.

Oʻz navbatida mutaxassislar Oʻzbekiston oʻrik eksporti hajmini joriy yilda ham koʻpaytirishi ehtimoli borligini inkor etishayotgani yoʻq. Qolaversa, Oʻzbekiston 2018-yilda birinchi marta sarxil oʻrikni Yevropa Ittifoqiga, toʻgʻrirogʻi, Litvaga ham chiqargan edi. Joriy yilda ushbu koʻrsatkich yana oshishi mumkin.

Boz ustiga, oʻzbek oʻriklari may oyi boshidan sotuvga chiqarilgan va narxi ham hamyonbop. Bugungi kunda koʻplab eksportchilar Fargʻona vodiysidagi sovitgichlardan ushbu mevani yuklab berish bilan birga 70-95 sentdan taklif etyapti.

Dunyo reytingi yetakchilariga keladigan boʻlsak, ular ham eksport hajmini oshirgan. Masalan, Ispaniya 2018-yilda 109 ming tonna sarxil oʻrik sotib, rekord oʻrnatgan boʻlsa, Turkiya ham bu boradagi raqamlarni 70,7 ming tonnaga yetkazib, oʻz natijasini yangiladi.

Bu borada Afgʻonistonda ham ulkan oʻzgarishlar kuzatilayotgani diqqatga sazovor. Qoʻshni davlat oʻtgan yilda qariyb 7 ming tonna oʻrik sotgan. Asosiy xaridorlar Pokiston, Hindiston, Iroq boʻlgan. Eʼtiborlisi, 25 tonna oʻrik AQSHga ham yetkazib berilgan.

2018-yilda Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozogʻiston 9-, Tojikiston va Qirgʻiziston mos ravishda 16 va 17-oʻrinlarni olgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?