Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari yil boshidan buyon eng yuqori choʻqqisiga chiqdi

12:13 17 Sentyabr 2019 Iqtisodiyot
165 0

Oʻzbekiston Markaziy banki mamlakat oltin-valyuta zaxirasining yangilangan statistikasini eʼlon qildi.

1-sentyabr holatiga koʻra rasmiy zaxiralar 28,4 mlrd. AQSH dollarini tashkil qilgan boʻlsa, shundan 12,1 mlrd. dollari chet el valyutasidagi zaxiralar va 15,9 mlrd. dollari oltindir. Shunday qilib zaxira hajmi yil boshidan buyon oʻz choʻqqisiga chiqdi. Sababi 1-yanvarda bu koʻrsatkich 27 mlrd. dollardan ziyod, 1-aprelda 27,6 mlrd. dollar, 1-iyulda 27,7 mlrd., 1-avgustda 27,74 mlrd. dollar tashkil etgandi.

Zaxiralar asosan oltin narxidagi oʻsish hisobiga koʻpaygan. Sababi oltin zaxiralari avgust oyidagidek qolgan – 10,5 mln. troya unsiyasi. Maʼlumot uchun, troya unsiyasi banklar va zargarlar tomonidan qoʻllaniladigan ogʻirlik oʻlchov birligi boʻlib, 31,1034768 grammga teng. Shu asosda oltin zaxirasini tonnaga oʻgirsak, 326 tonna boʻldi.

Bundan oldin Oʻzbekiston oltinning bir qismini xorij obligatsiyalariga almashtirishi haqida xabar berilgandi. Xususan, MB xorij obligatsiyalari hisobiga oltin ulushini qisqartirgan holda zaxiralarni diversifikatsiya qilyapti.

“Oltin ulushi kam boʻladi. Birinchida, chunki zaxiralarning oʻzi oʻsadi, ikkinchidan, biz koʻproq oltin sota boshlaymiz”, – degandi iyul oyi boshida MB rahbari M.Nurmuratov.

Uning soʻzlariga koʻra, toʻrt-besh yil oʻtib Oʻzbekiston ishlab chiqaruvchilarining oʻzlari oltinni dunyoda toʻgʻridan-toʻgʻri sota olishlari mumkin. Ayni paytda uning xaridori Markaziy bank boʻlib, ushbu moliya muassasasi oltinni mamlakat ichkarisida soʻmga sotib olib, uni tashqi bozorda dollarga sotyapti.

MB raisi izohicha, bu yoʻl bilan soʻmning ayirboshlash kursini qoʻllab-quvvatlanmayapti, tebranishni tekislashga urinish boʻlmayapti. “Bizning bozordagi ishtirokimiz – bu valyutani qoʻllab-quvvatlashga aralashish emas, balki oltin xaridini kompensatsiya qilishdir”, – deya qoʻshimcha qilgandi u.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?