Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi qoʻshinlariga yangi texnika va qurol-aslahalar topshirildi

18:31 19 Mart 2019 Jamiyat
405 0

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarini 2018 — 2021 yillarda zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan taʼminlash, ularni modernizatsiya qilish va taʼmirlash boʻyicha kompleks dasturga muvofiq, kecha Chirchiq dala oʻquv maydonida qoʻshinlarga yangi harbiy texnikalar tantanali ravishda topshirildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekiston mudofaa vazirining qurol-aslaha va qurollantirish boʻyicha oʻrinbosari, polkovnik Oybek Ismoilov, Toshkent harbiy okrugi qoʻmondonligi vakillari hamda harbiy texnikalarni qabul qilgan harbiy xizmatchilar qatnashdi.

Jami ikki yuzga yaqin harbiy texnika va qurol-aslaha namunalari orasida yuk, oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, harbiy xizmatchilarga tez tibbiy yordam koʻrsatishga moʻljallangan transport vositalari bor.

— Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan, Qurolli Kuchlarimiz qoʻshinlarining qudrati va salohiyatini oshirish, qolaversa, harbiy xizmatchilarimiz koʻnikmasini yanada mustahkamlash maqsadida qoʻshinlarni yangi, bugungi kun talablariga javob beradigan qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan taʼminlash ishlari jadal davom ettirilmoqda, — deydi mudofaa vaziri oʻrinbosari O. Ismoilov. — Bugun taqdim etilgan harbiy texnikalar bu borada koʻrilayotgan chora-tadbirlarning bir qismi, debochasi hisoblanadi. Kelgusida bundan-da zamonaviy zirhli texnikalar, oʻq-dorilar hamda havo hujumidan mudofaa vositalari bilan taʼminlashni rejalashtirganmiz. Harbiy xizmatchilarimiz ushbu texnikalardan oqilona va samarali foydalanish bilan birga, ularni doimo jangovar shay holatda saqlashiga umid bildiramiz.

Aytish joizki, 2018 yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasida qoʻshinlarni zamonaviy qurol-aslahalar va harbiy texnikalar bilan taʼminlash hamda mustaqil mudofaa-sanoat majmuasini yaratish koʻzda tutilgan edi.

Shavkat Ortiqov (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?