O‘zbekiston Mozori-Sharifda yirik industrial park quradi

19:04 10 Iyul 2018 Siyosat
464 0
Foto: wikiway.com

2018 yilning 8-9 iyul kunlari Afg‘oniston Islom Respublikasida amaliy tashrif bilan bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi Hukumat delegatsiyasi Kobul shahrida Afg‘oniston Hukumati Ijrochi Raisi Abdulla Abdulla, Xavfsizlik kengashi rahbari Muhammad Hanif Atmar, Tashqi ishlar vaziri Salohuddin Rabbani, Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay va boshqa nufuzli jamoatchilik va siyosat arboblari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘zaro muloqotlar chog‘ida Afg‘oniston shimolidagi Mozori-Sharif shahrida umumiy maydoni 10 ming gektarga teng bo‘lgan industrial park qurish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Tolo News’ning xabar berishicha, Afg‘onistonning O‘zbekiston bilan chegarasiga yaqin bo‘lgan hududda umumiy maydoni uch ming gektarlik erkin iqtisodiy zona ham barpo etiladi.

O‘zbekiston tomoni Mozori-Sharifdan mamlakat g‘arbidagi eng yirik shahar Hirotga qadar temir yo‘l qurish bilan shug‘ullanmoqchi ekanligini ham tasdiqladi. Bu boradagi bitim o‘tgan yil dekabr oyida ikki davlat o‘rtasida imzolangan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?