“Oʻzbekiston” mehmonxonasi qariyb 10 mln. dollarga arzonlashtirildi.

15:48 26 Sentyabr 2019 Iqtisodiyot
292 0

“Oʻzbekiston” mehmonxonasi narxi uchinchi bor tushirildi. Bu gal u dastlabki qiymatidan qariyb 10 mln. dollarga arzonlashtirildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Unda qayd etilishicha, uning narxi dastlabki qiymatidan qariyb 10 mln. dollarga arzonlashtirilgan.

Agentlik Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-avgustdagi “Mehmonxona sohasiga qoʻshimcha investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq mehmonxona kompleksini sotish boʻyicha oshkora tanlov savdolariga taklif etgan.

Eslatib oʻtamiz, “Otel Oʻzbekiston” MCHJqoʻshma korxonasining 80,13 foiz aksiyalar paketi fevral oyida 33 mln. dollarga baholanib, sotuvga chiqarilgan edi. Keyinchalik uning narxi dastlab 29,7 mln., keyin 26,4 mln. dollargacha tushirilgan edi. Ayni paytga kelib ushbu paket qiymati 23,1 mln. dollargacha arzonlashtirildi. Bu boradagi yagona majburiyat – mablagʻlar uch yil ichida toʻlanishi kerak.

Xaridor “Oʻzbekiston” majmuasi hududidagi yerdan infratuzilma obyektlari va bino bilan birgalikda 99 yilga foydalanish huquqiga ega boʻladi.

Xaridor ikki yil davomida 100 mlrd. soʻm investitsiya kiritish majburiyatini oladi. Bu mablagʻlar modernizatsiya va zarurat tugʻilsa mehmonxonani rekonstruksiya qilishga yoʻnaltiriladi.

Uning yangi egasi oʻn yil davomida asosiy faoliyat turi(mehmonxona xizmatlari)ni, binoning fasad qismini saqlab qolishi, mehmonxonani boshqarish uchun eng yaxshi menejerlarni jalb etishi shart. Tanlovda ishtirok etish uchun boshlangʻich narxning 15 foizi miqdorida zakalat toʻlash lozim.

Bu galgi savdolar 14-oktyabr kuni boʻlib oʻtadi.

Maʼlumot uchun, “Oʻzbekiston” mehmonxonasi Toshkent markazida 1974-yilda qad rostlagan.223 xonali ushbu toʻrt yulduzli mehmonxona poytaxtdagi eng mashhurlaridan biridir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?