Oʻzbekiston koronavirusdan xoli mamlakat sifatida qoʻshimcha turistlarni jalb etishni rejalashtirmoqda

10:09 28 Fevral 2020 Welcome to uzbekistan
270 0

Foto: Spot

Oʻzbekiston koronavirusdan xoli degan maqomga ega mamlakat sifatida qoʻshimcha sayyohlarni jalb etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining rejalashtirish va inson resurslarini rivojlantirish masalalari boʻyicha departament boshligʻi Shuhrat Isaqulov maʼlum qildi.

“Oʻylashimizcha, koronavirus bilan bogʻliq vaziyat tufayli turistlar soni, xususan, Xitoyda maʼlum miqdorda kamayadi. 2019-yil yakunlariga koʻra XXRdan Oʻzbekistonga qariyb 64 ming sayyoh kelgandi, joriy yilda biz 98 ming nafarni prognoz qilgan edik. Ammo koʻrinib turibdiki, ushbu koʻrsatkichlar past boʻladi”, — dedi u.

Ammo buning oʻziga yarasha plyus tomoni ham bor ekan.

“Oʻtgan yilda Xitoyga 36 million turist borgan. Ushbu oqimni omilkor marketing siyosati bilan tortish mumkin. Buni bugungi kungacha koronavirus bilan bogʻliq biror holat roʻy bermagan va koronavirusdan xoli davlat sifatida amalga oshira olamiz”, — dedi u.

Sh.Isaqulov mazkur epidemiya hozirda butun dunyo jamoatchiligini xavotirga solayotgani, bunday inqirozlar esa turizm industriyasiga taʼsir etishini aytib oʻtdi.

“Odamlar bugun oʻz salomatligidan xavotirlanmoqda va safarlarni qisqartirishyapti. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi epidemiyaga oid ilk xabarlar paydo boʻlishi bilan zarur chora-tadbirlarni qabul qildi va mahalliy turoperatorlarga fuqarolarimizni Xitoy hamda boshqa xatar zonalariga yuborishni toʻxtatish toʻgʻrisida ogohlantirishlar yubordi. Bundan tashqari, koronavirus tarqalish ehtimolining oldini olish maqsadida 1-fevraldan Xitoy bilan parvozlar toʻxtatildi”, — deya taʼkidladi u.

Ekspert hukumat darajasida shu boʻyicha Respublika komissiyasi tuzilgani, ushbu yoʻnalishda tizimli tadbirlar qabul qilinganini qoʻshimcha qildi. Masalan, aeroportlarda teplovizor vositasida keluvchilarning monitoringi yoʻlga qoʻyilgan. 

Bundan tashqari, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan 53 ta sanitar-karantin punkti ochilgan boʻlib, u yerda xatar zonalaridan kelgan shaxslar 14 kunlik karantinga joylashtirilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?