Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi kam taʼminlangan 500 nafar insonning koʻz kataraktasini tekinga operatsiya qildirib beradi

19:49 09 Noyabr 2019 Jamiyat
121 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisining Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim bilan boʻlgan uchrashuvlarda Oʻzbekistonda 500 kishi (yordamga muhtoj oilalar, ayol va erkaklar)ning koʻz kataraktasi operatsiyalarini oʻtkazishga kelishilgan edi.

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Xitoy Xalq Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan bu borada muzokaralar olib bordi.

Joriy yil 4-noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining tajribali mutaxassislari mavjud vaziyatni oʻrganish hamda dastlabki ishlarni boshlash uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurishdi.

XXR Sogʻliqni saqlash davlat qoʻmitasining Xalqaro hamkorlik markazi va Pekin universiteti xalq kasalxonasining malakali mutaxassislaridan iborat delegatsiya aʼzolari 5-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi E.Basitxanova hamda sogʻliqni saqlash vaziri A.Shodmonov bilan uchrashdi.

Muloqotda koʻz kataraktasi tashxisi bilan kasallangan bemorlarni operatsiya qilish boʻyicha “Yorqin yoʻl” xayriya aksiyasini oʻtkazish, diagnostika va jarrohlik amaliyotlarini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Shuningdek, 8-noyabr kuni Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasida bu borada Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Szyan Yan xonim ishtirokida mazkur masala yuzasidan hamkorlik Memorandumi imzolandi.

Tashrif doirasida delegatsiya vakillarini Respublika koʻz kasalliklari klinik shifoxonasi hamda Samarqand viloyati koʻz kasalliklari shifoxonasida aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ular Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining oftalmologiya kafedrasi ilmiy xodimlari bilan ham uchrashadilar.

Hududiy xotin-qizlar qoʻmitasi va sogʻliqni saqlash boshqarmasiga, eng avvalo, kam taʼminlangan oilalar hamda nogironlar qatoridan, shuningdek, “Muruvvat” va “Saxovat” uylaridan koʻz kataraktasi operatsiyasiga muhtojlarni aniqlash hamda tavsiya etish vazifasi topshirildi.

Xitoylik 9 nafar malakali mutaxassislar va oʻzbekistonlik tajribali shifokorlar hamkorligidagi mazkur aksiya 18-noyabrdan 7-dekabrga qadar oʻtkaziladi. Jarrohlik amaliyotlari uchun eng zamonaviy meditsina jihozlarini olib kelinishi kutilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?