Oʻzbekiston xokkey klubi Kontinental xokkey ligasida paydo boʻlishi mumkin

15:12 18 Mart 2019 Sport
365 0

Oʻzbekiston xokkey klubi Kontinental xokkey ligasi(KXL)da paydo boʻlishi mumkin. Bu voqea 2022 yilga Olimpiada oʻyinlaridan keyin sodir boʻlishi kutilyapti. Avvaliga oʻzbek jamoasi Oliy xokkey ligasida(OXL) debyut qiladi. Bu haqda KXL vitse-prezidenti Vitaliy Proxorov maʼlumotiga asoslanib vesti.ru xabar berdi.

“Hozircha Oʻzbekistonda OXL jamoasini tuzish rejamizda bor, u kelgusi mavsumdan ligaga qoʻshiladi, - dedi Proxorov. – Klub tajriba toʻplashi kerak, Pekin Olimpiadasidan keyin KXL ishtirokchisi boʻlishi mumkin”.

“Bizda rivojlanish strategiyasi mavjud, nazariy jihatdan Oʻrta Osiyo divizionida “Kunlun”, “Baris”, koreys, yapon va xitoy jamoalari, shuningdek, Uzoq Sharq jamoalari oʻynashi mumkin”, - deya qoʻshimcha qildi u.

Oʻzbekiston xokkey federatsiyasidan maʼlum qilinishicha esa, joriy yilda mamlakatimiz Xalqaro xokkey federatsiyasiga(XXF) aʼzo boʻladi.

“Ayni paytda Oʻzbekiston XXFga kirish uchun nomzod hisoblanadi, lekin may oyidayoq biz Xalqaro xokkey federatsiyasi tarkibiga kirmoqchimiz”, - dedi OʻXF vitse-prezidenti B.Gʻofurov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?