Oʻzbekiston kelasi 20 yil ichida qariyb suvsiz qolishi mumkin. Yechim nima?

14:12 12 Avgust 2019 Jamiyat
704 0

Xarita Oʻzbekistonning aksar hududlarida hozirdanoq oʻta suv taqchilligini koʻrsatadi.

Dunyo aholisi soni oʻsishi, goʻsht isteʼmoli oshayotgani, sugʻorma dehqonchilik, iqlim isishi va iqtisodiy rivojlanish birgalikda dunyoda suv zaxiralari kamayishiga olib kelmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Jahondagi 400 mintaqa yoki hududda hozir suv oʻta taqchil.

Bu boradagi tadqiqotlarni eʼlon qilgan WRI yoki Jahon Zaxiralari Institutiga koʻra, suv yetishmasligi sabab millionlab odamlar boshqa joylarga koʻchishga majbur boʻlishi, urushlar va siyosiy notinchliklar yuzaga kelishi mumkin.

Turkmaniston allaqachon Markaziy Osiyodagi eng suv taqchil mamlakat. Ikkinchi oʻrinda esa - Oʻzbekiston.

Ammo kelasi 20-25 yil ichida Oʻzbekiston ham jahondagi eng suvsiz davlatlarda biriga aylanishi kutiladi.

Suv - xalqaro muammo

Eng koʻp chuchuk suv dunyoda sugʻorish uchun ishlatiladi. Keyingi oʻrinda sanoat keladi.

Bugun Yaqin Sharq, Hindiston, Pokiston, Botsvana, Eretriya va Turkmanistonda suv juda taqchil.

Oʻzbekiston va Qozogʻistonda ham allaqachon suv taqchilligi seziladi.

Chili va Turkiyaning qator mintaqalarida ham suv yetishmaydi.

Xitoy va Rossiyada suv zaxiralari yetarli, ammo bu ikki mamlakat poytaxtlari - Pekin hamda Moskvada suv kam.

Yevropada esa Italiya va Ispaniya bugun suv taqchilligi muammoasiga yuz tutmoqda. Bir sababi - turizm.

Suv qayerga ketmoqda?

Oxirgi yarim asrdan koʻproq vaqt ichida yoki 1961-2014-yillari davomida dunyoda suv isteʼmoli 2 yarim baravar oshgan.

Ayniqsa, qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish uchun chuchuk suvning 67% sarflanadi.

Oʻzbekistonda, masalan, paxtani sugʻorish uchun ishlatilgan suv tufayli Orol Dengizi qurigan.

Bu nafaqat suv taqchilligini kuchaytirayapti, balki Oʻzbekiston ekologiyasini halokat yoqasiga keltirib, insonlar salomatligiga juda salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Deylik, Oʻzbekiston hududining yarmidan koʻpi shundoq ham Qizilqum sahrosi va unga yondosh choʻl-dasht mintaqalaridan iborat.

Buning ustiga, Orol dengizi oʻrnida yangi, Orolqum sahrosi paydo boʻldi. Bu sahro esa paxtadan chiqqan pestitsid va boshqa zaharli oʻgʻitlarga boy.

Shamol uchiradigan bu zaharli moddalarni yuzlab chaqirim uzoqda yashovchi millionlab odamlar havo orqali yutishadi.

Oʻzbekiston hozir Orol oʻrnida saksovul ekib, bu qumlarning osmonga koʻtarilishini jilovlab, odamlarning yashashi uchun sharoitlarni yaxshilamoqda.

Ammo Orol tubini oʻrmonga aylantirish uchun hali 150-yil vaqt kerak.

Butun dunyoda chuchuk suvga ehtiyoj oshib bormoqda.

Bir yechim - insonlar mol goʻshti yeyishni kamaytirishi kerak. Chunki qoramol uchun koʻp suv ketadi.

Shuningdek, paxta kabi ekinlar ham suvtalab sanaladi.

Tojikiston va Qirgʻiziston togʻlaridagi muzliklar ham iqlim isiyotgani sababli jadal erimoqda.

Rasmiylar allaqachon qator muzliklar kichraygani yo chekinganini aytishgan. Kelasi yarim asr davomida bu jarayon tezlashishi mumkin.

Suv va urush

Shundoq ham notinch davlatlarda suv taqchilligi urush uchun yangi sabab boʻladi.

BMTning Sahrolashishga Qarshi Konvensiyasiga koʻra, choʻl va yarim choʻl mintaqalardagi ahvol hozirgidek davom etsa, 2030-yilga borib, dunyoda 24 milliondan toki 700 millionga yaqin odam oʻz uy-joylarini tashlab, boshqa yashaydigan joy izlashga majbur boʻlishadi.

Isroil, Liviya, Yaman, Afgʻoniston, Suriya va Iroq kabi davlatlarning aksarisi notinch.

Suv taqchilligi esa bu mamlakatlarda tinchlik oʻrnatishni qiyinlashtirib, yangi nizolarni keltirib chiqaradi.

Millionlab qochqinlar kelib oʻrnashgan Iordaniya va Turkiyada ham qator hududlarda suv yetishmaydi.

Suvni tejab ishlatish, qayta ishlash hamda suv isteʼmolida eng soʻnggi texnologiya va innovatsiyalarni qoʻllash muammoga yechim boʻlishi mumkin.

Singapur “Toʻrt joʻmrak” nomli suv yigʻish tizimini ishga tushirgan.

Isroil dunyodagi suvni eng koʻp qayta ishlovchi davlat va bu borada soʻnggi texnologiyalarni ishga soladi.

Ayrim mamlakatlarda dengiz suvini kichik miqyosda chuchuklashtirish tajribalari yoʻlga qoʻyilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?