Oʻzbekiston keyingi 10 yillikda trenddagi sayohat manzillari reytingida 

14:54 27 Dekabr 2019 Welcome to uzbekistan
351 0

Yaqin Sharqdagi taniqli axborot manbalaridan biri boʻlgan “Ynet” internet-nashri turizm mavzusida soʻrovnoma natijalarini eʼlon qildi. Ushbu tadqiqot turizm sohasidagi kelasi 10 yillik tendensiyalarini aniqlash maqsadida oʻtkazildi. Unda dunyo tan olgan 25 nafar professional sayohatchi-bloger ishtirok etdi. 
Oʻzbekiston haqidagi materiallar esa Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan info-turda ishtirok etgan bloger Yanina Zlaslavskiy Afekning foto va maqolasi asosida tayyorlandi. Bu kabi koʻplab sohalar orqali Isroildagi reklama-targʻibot ishlari qisqa muddatda oʻz natijasini koʻrsatdi: 2017-yilda ushbu davlatning 3800 nafar fuqarosi Oʻzbekistonga tashrif buyurgan boʻlsa, 2018-yilda mazkur koʻrsatkich 57,3 foiz oshib, 9 779 kishiga yetdi. Ushbu miqdor 2019-yilda 2018-yilga nisbatan 41 foiz koʻpaydi va 13 170 nafar isroillik sayyoh yurtimizga keldi. 
Maʼlumot uchun, “Ynet” - Isroil yangiliklari va boshqa ijtimoiy mavzularni yorituvchi veb-sayt boʻlib, 2000-yilda oʻz faoliyatini boshlagan. Google Trends statistikasiga koʻra, ushbu manba 2008-yildan beri oʻz davlatidagi eng mashhur internet-portal hisoblanadi. “Alexa” internet-trafik reytingi boʻyicha esa, dunyodagi eng yaxshi 1500 ta veb-sayt roʻyxatiga kiradi. 
“Ilgari Buyuk Ipak yoʻlining yuragi boʻlgan va bugungi kunda mintaqadagi eng tez rivojlanayotgan davlatlardan biri boʻlgan, Markaziy Osiyo sahrolari oʻrtasida joylashgan oʻlkaga tashrif buyurish vaqti keldi. Qulay sayyohlik infratuzilmasi turistlarga qadimiy tarix, liberal islom, qadimiy yahudiy obidalari, betakror meʼmorchilik va Sharq va Gʻarb taʼsiri ostida yaratilgan boy madaniyati bilan qarshi oladi. Kuz va bahor mamlakatga tashrif buyurish uchun eng qulay payt. U yerga qanday borish mumkin? – Tel-Avivdan Toshkentga toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnov mavjud”, - deyiladi mazkur internet-nashr xabarida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?