O‘zbekiston hududidan 2000 yillik tarixga ega qal’a qoldiqlari topildi

11:09 16 Aprel 2018 Madaniyat
402 0
Foto: O‘zA

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani hududidan 2000 yillik tarixga ega Kushan imperiyasi davriga oid qal’a qoldiqlari topildi. Ayni paytda bu yerda taniqli arxeolog olim, O‘zbekiston Qahramoni G‘ayratdin Xo‘janiyazov rahbarligida vaqtinchalik arxeologik ishlar olib borilmoqda. 

— Shu yil boshida, aniqrog‘i, 4 yanvar kuni Taxiatosh tumani hokimligidan tuman hududidan eski kulolchilik idishlari topilgani haqida qo‘ng‘iroq qilib aytishdi, – deydi arxeolog G‘. Xo‘janiyozov. – Shu kuni topilgan ko‘zalarni menga olib kelib ko‘rsatishdi. Ertasiga o‘sha yerga borib hududni ko‘zdan kechirdik. Haqiqatdan ham bu yerda eski tarix izlari namoyon bo‘layotgandi. 

Qoraqalpog‘istonda chin ma’noda arxeologiya ishlari o‘tgan asrning 36-37 yillari boshlangan bo‘lsa, shu kungacha Taxiatosh tumani hech bir arxeologning nazariga tushmagan. Sababi bu yerda ko‘zga ko‘rinib turgan devorlar yoki qal’a qoldiqlari yo‘q edi. Mana biz tuman hokimining iltimosiga binoan bu yerda vaqtinchalik arxeologik ishlarini olib bordik va bu yerdan yoshi 1800-2000 yillarga borib taqaladigan tarixiy yodgorliklarni topdik. 

Foto: O‘zA

Taxiatosh tumanining "Keneges" ovul fuqarolar yig‘ini hududidan topilgan qadimiy qal’a mahalliy aholini ham befarq qoldirmadi. U yerdan topilgan esdaliklar tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 4-umumta’lim maktabi muzeyiga topshirilmoqda. 

Mazkur muzey 2010 yilda maktabning tarix fani o‘qituvchisi Aralboy Nurjanovning tashabbusi hamda direktori Gulshod Iztleuovaning qo‘llab-quvvatlashi bilan tashkil etilgan. Hozirda bu yerda 1500 dan ziyod eksponat saqlanmoqda. Mo‘’jazgina muzeyda topilmalardan tashqari qadimiy milliy liboslar, taqinchoqlar, mehnat qurollari bilan tanishish mumkin. 

— Ariqni qozayotgan ekskavatorning tishiga ilinib chiqqan ko‘za qoldiqlarini ko‘rib, menda bu yerda eski qal’a borligiga shubham qolmadi, – deydi «Keneges» OFY yashovchi Valeriy Moldabayev. – Mening bolaligim shu joyda o‘tgan. 12-13 yoshimda yer yuzasiga chiqib turgan devorlarni ko‘rardim. Shu paytdan boshlab tarixga qiziqqanman. Rus tarixchisi Vasiliy Yanning tarixiy romanlarini o‘qib, bu yerda suv tagida qolgan qal’a borligini faraz qilardim, o‘zimcha. Mana mening farazlarim ilmiy tasdig‘ini topmoqda. Men bundan judayam baxtiyorman. 

— Ekskavator tishlariga ilinib chiqqan ko‘za siniqlarini muzeyga topshirganda ilk bor xayratimni yashira olmadim. Ko‘zalarda ajoyib mayda naqshlar bor edi, – deydi A.Nurjanov. – Keyin shu joyni yana qazidik va yaxshi saqlangan butun ko‘za topdik. Hozirda topilmalar shifrlash uchun Fanlar akademiyasiga olib ketildi. 

Ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi ekin maydonlarida, ayniqsa, tozalangan ariqlar bo‘yida xohlagan kishi eramizning boshlaridan to XII-XIV asrlargacha bo‘lgan davrga tegishli kulolchilik idishlari qoldiqlarini uchratishi mumkin. Lekin ushbu hududlarning ko‘pchiligi sholi maydonlariga aylantirib yuborilgan. 

— O‘rta asr arab yozma manbalarida Mizdaqxon (Hozirgi Xo‘jayli tumani markazi) o‘zining hududi va aholi soni bo‘yicha Qiyat va Gurganjdan (Qo‘hna Urganch) so‘nggi Janubiy Orol bo‘yidagi uchinchi shahar ekani qayd etiladi. Mizdaqxon hududida 1200 ovul-shahar bo‘lgan, – deydi G‘.Xo‘janiyozov – Bizningcha, shulardan biri hozirgi Taxiatosh tumani hududida bo‘lgan bo‘lsa kerak. Chunki, Taxiatosh shahri qadimiy shahar qurilishiga ega bo‘lgan hududda barpo etilgan. Unga 2000 yili shahar hududidan topilgan (Ketmonchi bobo mozori) eramizning II-IV, VII-IX, X-XIV asrlariga oid buyumlar misol bo‘la oladi. 2012 yili tog‘ boshidagi Ketmonchi-2 mozori qoshidan o‘rta asrlarga oid minora qoldiqlari ham aniqlangan edi. 

Tarixiy manbalardan o‘rta asrlardagi xalqaro karvon yo‘lining bir qismi Buxoro – Varaxsha – Qizilqum – Shoraxan (To‘rtko‘l) – Kat (Shobboz-Beruniy) – Nuzkat – Vayxan – Nuqbog‘ – Mizdaqxon (Xo‘jayli) – Gurganj (Qo‘hna Urganch) yo‘nalishida o‘lkamiz hududidan o‘tgani ma’lum. Bizning fikrimizcha, Nuqbog‘ (Toza bog‘) Taxiatosh tumani hududiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Albatta, buni hali vaqt ko‘rsatadi. 

Qadimiy sirlarni asrlar bo‘yi qo‘ynida saqlab kelgan Taxiatoshda maxsus arxeologik amaliyotlar kelgusi yillarda qayta davom etadi. 

Eslatib o‘tamiz, Taxiatosh tumani hududidan XII-XIII asrlarga oid buyumlar qoldig‘i topilganligi haqida avval ham saytimiz orqali xabar bergandik. Endi Taxiatoshning yoshi faqat 1000 yilliklar bilan emas, balki 2000 yil va undan ham uzog‘iroq vaqtlar bilan o‘lchanadi. 


 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?