Oʻzbekiston hojilarga yaratilgan shart-sharoit boʻyicha birinchi beshtalikdan joy oldi

12:49 31 Iyul 2019 Madaniyat
436 0

Foto: "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi” maxsus muxbiri Said RAHMONOV

Saudiya Arabistonining Makka shahridan xabar qiladi.

Saudiya Arabistoni Haj vazirligi tomonidan Oʻzbekiston hojilarga yaratilgan shart-sharoitlar boʻyicha Malayziya, Indoneziya, Turkiya singari birinchi beshtalik davlatlar safiga kiritildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi, “Haj-2019” Ishchi guruhi rahbari Jasur Akramov Makka shahrida yurtimiz hojilari bilan tashkil etilgan uchrashuvda maʼlum qilindi.

Bunday yuksak eʼtirofga oʻz-oʻzidan erishilgani yoʻq, albatta. Uning zamirida Prezidentimiz tavsiyasi asosida muqaddas haj ziyorati tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani, boʻlgʻusi hojilar uchun zarur barcha shart-sharoit yaratib berilayotgani mujassamdir.

Darhaqiqat, bu yilgi haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari nisbatan erta boshlanib, yuqori tajribaga ega shirkatlar bilan shartnomalar tuzildi, eng zamonaviy mehmonxonalar ijaraga olindi. Bundan tashqari, 7200 nafar ziyoratchiga mavsum davomida namunali xizmat koʻrsatish uchun 35 nafardan iborat Ishchi guruhi, 140 nafar guruh rahbari (ellikboshi), 35 nafar shifokor va 15 nafar oshpaz jalb etilgani diqqatga sazovordir.

— Haj amalini bajarish uchun ushbu muqaddas manzil-makonga yetib kelib, bekamu koʻst ibodat qilishga intilayotganingiz, bugungi kunga qadar Paygʻambarimiz (s.a.v.)ga salom yoʻllaganingiz, umrani ado etganingiz — ulugʻ baxt, — deydi Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov. — Bu Ollohning eng suygan bandalariga nasib etadi. Davlatimiz tomonidan haj mavsumi davomida sizlar uchun barcha shart-sharoit muhayyo qilib berilmoqda. Bu Prezidentimiz tashabbusi bilan odamlarni rozi qilish yoʻlida olib borilayotgan xayrli ishlar samarasidir. Zotan, odamlari rozi yurtga Yaratgan ham neʼmatlarini yogʻdiradi inshaAlloh.

Uchrashuvda keyingi paytda diniy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida ham soʻz yuritilib, masjid-madrasalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda imtiyozlar berilgani, Xalqaro islom akademiyasi taʼsis etilgani, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tuzilgani, Xalqaro Islom sivilizatsiya markazi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari tashkil etilgani, Hadis, Kalom, Aqida, Fiqh va Tasavvuf ilmi maktablari tuzilgani alohida qayd etildi. Ayniqsa, haj qiluvchilar soni keskin oshirilib, umra safariga cheklanmagan miqdorda ziyoratchilar borishi mumkin ekanligini xalqimiz uchun katta imkoniyat boʻlgani aytib oʻtildi.

Ziyoratchilarni qiziqtirayotgan savollarga muftiy va Ishchi guruhi aʼzolari tomonidan batafsil javob qaytarilib, haj ibodatining qolgan ruknlarini bajarish yuzasidan yoʻl-yoʻriq va koʻrsatmalar berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?