“Oʻzbekiston – buyuk yoʻllar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat” haftaligi tantanali ochildi

21:05 22 Avgust 2019 Madaniyat
295 0

22-avgust kuni Toshkent shahrida “Oʻzbekiston – buyuk yoʻllar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat mavzusidagi meros haftaligi”ga start berildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov, YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari v.b. Fuad Pashayev, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va targʻib etish boʻyicha butunjahon jamiyati Ilmiy kengashi aʼzosi Frederik Starr, Fanlar Akademiyasi prezidenti Behzod Yoʻldoshev hamda akademik Edvard Rtveladzelar soʻzga chiqishdi.

Haftalikni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi: “Bugun Oʻzbekiston ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida yangilanish davrini boshdan kechirmoqda. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizning butun dunyoga ochilishi uchun barcha sharoitlarni yaratmoqda. Jahon ham, oʻz oʻrnida, Oʻzbekistonga yuz tutmoqda. Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston xorijliklarda nafaqat oʻzining jahon eʼtirof etayotgan turistik salohiyati, balki biznes yuritish uchun mavjud imkoniyatlari hamda boy madaniy merosi bilan ham qiziqish uygʻotmoqda. Boshlanayotgan Madaniy meros haftaligimiz bizning hamkorlikdagi mehnatamiz samarasi boʻladi. Unda davlat tashkilotlari va diplomatik korpus vakillari bilan bir qatorda xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan ilmiy tashkilotlar va xalqaro fondlar vakillari ham ishtirok etmoqda. Fursatdan foydalanib, 26-avgust kuni Samarqanddagi madaniy merosni asrash va rivojlantirish muammolariga bagʻishlangan konferensiyada ishtirok etayotgan bosh kotib Odri Ozule xonim boshchiligida YUNESKO tashkilotiga minnatdorchilik bildiraman. Shuni alohida qayd etishni istardimki, Oʻzbekiston YUNESKO bilan mamlakat kesimidagi dasturni yuritayotgan yagona mamlakat hisoblanadi”. Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqovning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda madaniy merosni saqlash va ommalashtirish yoʻlida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. “Oʻzbekistondagi islohotlar samarasi oʻlaroq yaratilayotgan sharoitlar, shuningdek davlat va jamoatchilik tashkilotlari hamda ijtimoiy biznes vakillarining bir gʻoyada birlashishi bu kabi dunyoda yagona loyihani amalga oshirish imkonini beradi.

Bu nafaqat olimlar uchun ilmiy material boʻlib xizmat qiladi, balki yosh avlod uchun oʻziga xos maʼnaviy ozuqa hamdir”, - deydi u. Shu bilan birga, akademik Edvard Rtveladze dunyoning yetakchi institutlari, universitetlari, ilmiy markazlari hamda fanlar akademiyalari bilan ilmiy hamkorlikni rivojlantirish kerakligiga eʼtibor qaratdi. Ilf-van va olimlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri boʻlib, hukumatning qator hujjatlarida oʻz aksini topgani, milliy madaniy merosni saqlash masalasi esa davlat rahbarining diqqat markazida ekanini qayd etdi. “Aynan shu eʼtibor va tegishli sharoitlarning yaratilishi – loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishning garovidir”, - xulosa qildi u. Xuddi shu kuni Oʻzbekistonning jahon kolleksiyalarida saqlanayotgan hamda Oʻzbekiston muzeylaridagi madaniy merosga bagʻishlangan 20 ta yangi albom-kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi. Ularning bari jahonning nufuzli olimlari, tadqiqotchilari, taniqli muzeylar vakillari hamda noyob kolleksiyalar egalari tomonidan oʻtkazildi. Bu albomlarning oʻziga xosligi ularda eng yangi texnologiyalarning qoʻllanganligida – kitoblar toʻldirilgan reallik effektiga ega boʻlib, ular Oʻzbekistondagi birinchi shunday kitoblar hisoblanadi. Shuningdek, Oʻzbekistonning madaniy merosiga bagʻishlangan hujjatli filmlar taqdimoti ham yigʻilganlarni befarq qoldirmadi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Tasviriy sanʼat galereyasida oʻtkazilgan “Kushonlar xazinasi” hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida noyob qadimiy qoʻlyozmalarga bagʻishlangan koʻrgazma boʻlib oʻtdi.

Kun davomida oʻtkazilgan barcha tadbirlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi, ularning bari soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda Prezident boshchiligida olib borilayotgan islohotlar amalda yaqqol samara berayotganini taʼkidlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?