Oʻzbekisonda OTMdagi aksariyat olimlarning ilmiy ishlari nega sanoatda deyarli qoʻllanilmaydi?

04:17 23 May 2020 Siyosat
703 0

Hozirgi globallashuv davrida barcha sohalar singari oliy taʼlim muassasalari (OTM) orasidagi raqobat ham borgan sari kuchayib bormoqda. Bu jarayonda esa, OTMning reyting koʻrsatkichi katta ahamiyat kasb etadi. Shu sababli OTM va ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzviylikni taʼminlash hamda innovatsion hamkorlikni oʻrnatish juda muhimdir.

Bugungi kunda taʼlim va ilm-fanning zamonaviy bozor talablariga javob beradigan, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan innovatsion iqtisodiyotning texnologik bazasini yaratish borasida ulkan imkoniyatlarga ega ekanligi OTM uchun byudjetdan tashqari mablagʻlar topish imkoniyatini beradi. Uning moliyaviy mustaqil boʻlishiga imkoniyatlar yaratadi. Natijada, reyting koʻrsatkichining oʻsishiga ijobiy taʼsir etadi. Lekin hozirgi kunda OTMda ishlovchi aksariyat olimlarning ilmiy ishlari ishlab chiqarishda qoʻllanilmaydi. Sababi ishlab chiqarish korxonalari va OTM orasidagi hamkorliklar talab darajasida emas. Shu bilan birga koʻpgina olimlarning ilmiy ishlari nazariy xarakterga ega yoki ishlab chiqarish bilan umuman bogʻlik emas.

OTM va ishlab chiqarish korxonalari orasida ishlab chiqarish samarasini oshiruvchi maʼlum bir masalalar, innovatsiyalar, ishlanmalar ustida ishlash mexanizmi yoʻlga qoʻyilmagan. Bir muddat avval bu masalani rivojlantirish uchun OTMda innovatsion guruhlar tuzildi va ularning ishlash rejalari ham tasdiqlandi. Lekin hozircha kutilgan natijalar olinmadi. Bu jarayonning sustligiga aksariyat OTMda zamonaviy jihozlangan ilmiy laboratoriyalarning yoʻqligi ham sabab boʻladi. Ishlab chiqarishga integratsiya qilish mumkin boʻlgan koʻpgina taʼlim sohalaridagi ilmiy ishlar natijadorligi, albatta, hozirgi zamonga mos jihozlangan ilmiy laboratoriyalarga bogʻliq. Bu ilmiy laboratoriyalarda nazariy ilmiy ishlar tajribalarda isbotlanadi va ularning ishlab chiqarishda qoʻllanilishi oʻrganiladi.

Shuning uchun ham OTMda zamonaviy jihozlangan ilmiy laboratoriyalarning tashkil etilishi taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi samaradorligining yetarli darajalarga olib chiqishga imkon beradi.

OTMning reytingi aniqlanganda professor-oʻqituvchilarning ilmiy faoliyati, oʻquv-metodik ishlar, oʻqitish sifati, talabalar bilimi va bitiruvchilar saviyasi asosiy koʻrsatkich sifatida qaraladi. Bu koʻrsatkichlarning barchasi mazkur OTMdagi professor-oʻqituvchilarning ilmiy-pedagogik saviyasiga bogʻlik.

Aksariyat OTMda ilmiy darajaga ega professor-oʻqituvchilar soni kamligi bois, ilmiy salohiyat koʻrsatkichi talab darajasidan ancha past. Holbuki, kelajakda mazkur OTMning ilmiy salohiyatini koʻtarishi lozim boʻlgan koʻpchilik yosh assistentlar, katta oʻqituvchilar faqat dars oʻtish bilan chegaralanib qolmoqda. Buning asosiy sababi, bevosita tanlov bilan ishga qabul qilishda raqobatning yoʻqligidir. Qaysi OTMda pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilishda raqobat kuchli boʻlsa, professor-oʻqituvchilarning saviyasi ham yuqori boʻladi va OTMning reytingi zamonaviy talab darajalariga yetadi.

Maʼlumki, OTMda har bir professor-oʻqituvchi ishini davom ettirish uchun har besh yilda oʻzining egallab turgan yoki boshqa lavozimga tanlov asosida konkursdan oʻtadi. Har besh yilda uning egallab turgan lavozimi vakant hisoblanadi va bu haqida OTM tomonidan tanlovga bir oy qolganda OAVda eʼlon beriladi. Mazkur vakant lavozim uchun qoʻyilgan tanlovda OTMni oʻqish besh yillik davrida yoki magistraturani bitirganligi haqidagi, dotsent va professor lavozimlariga qoʻshimcha mos ravishda dotsent va professor ilmiy unvonlari haqidagi diplomlari, tanlov boʻlayotgan lavozim taʼlim yoʻnalishiga mos boʻlgan xohlagan shaxs ishtirok etishi mumkin. Lekin juda koʻp hollarda shu lavozimni egallab kelgan oʻqituvchining oʻzidan boshqa hech kim tanlovga hujjat topshirmaydi, yaʼni raqobat umuman boʻlmaydi.

Achinarli tomoni shundaki, tanlovda ishtirok etayotgan professor-oʻqituvchilar bu holatni, yaʼni tanlovdan raqobatsiz oʻtishlarini yaxshi biladilar. Shuning uchun ham ular oʻz ustida ishlab, ilmiy saviyasini oshirishga ehtiyoj va motivatsiya sezmaydi. OTMda oʻqituvchilar fan nomzodi yoki fan doktori darajasini olgandan keyin asosan dars oʻtish bilan chegaralanib qolmoqdalar. Professor-oʻqituvchilarning OTMda ilm-fan bilan doimiy shugʻullanmasligi, ilmiy maktablar yoʻlga qoʻyilmaganligi sababli ham ilmiy salohiyat koʻrsatkichlari oʻzgarishsiz qolmoqda.

Albatta, ilmiy ishlar bilan shugʻullanish uchun insondan maʼlum bir yoʻnalish boʻyicha kuchli bilim, iqtidor, entuziazm va boshqa sifatlar talab qilinadi. Afsuski, OTMga oʻqituvchi sifatida ishga qabul qilinayotgan magistr diplomiga ega ayrim yosh oʻqituvchilar, shuningdek, magistraturada tahsil olayotgan magistrantlarning koʻpchiligida bu sifatlar mavjud emas. Eng asosiysi, ilmiy ish qilish uchun ularning bilimi yetarli emas. Shuning uchun ularning bir qismi magistraturani bitirgandan keyin OTMda emas boshqa sohalarga ishga oʻtib ketmoqdalar. OTMda qolgan kadrlarining bilim-saviyalari ilmiy ish bilan shugʻullanish uchun yetarli darajada deya olmaymiz. Shuning uchun ham ular faqat dars oʻtish bilan chegaralanib qolmoqdalar. Ularning dars oʻtish sifati ham bilimiga yarasha, shuning uchun ayni holatlar talabalar eʼtiroziga ham olib kelmoqda.

Xulosa shuki, magistraturaga qabul qilish toʻgʻrisidagi Nizomni tubdan oʻzgartirish lozim. Kirish imtihonlarining shaffofligini yana-da oshirish orqali faqat kuchli bilimli, iqtidorli talabalarni tanlab olishga erishishimiz zarur.

Shu bilan birga magistratura bitiruvchilari OTMga stajyor-oʻqituvchi yoki assistent lavozimiga ishga qabul qilinganida ikki tomonlama shartnomada mazkur magistrantning keyingi 7 yil ichida PhD ilmiy darajasini olishi, aks holda shartnoma OTM rahbari tomonidan bir tomonlama bekor qilinishi koʻrsatilishi kerak. Bu qiyinroq talab boʻlsa ham ishga qabul qilingan magistrning tezroq ilmiy ishlarga kirishishiga va ilmiy daraja olishiga sabab boʻladi. Natijada OTMning ilmiy salohiyati intensiv oshib borishi taʼminlanadi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 25-avgustdagi Qarorining 1-ilovasi bilan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan “Oliy taʼlim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomda tanlovda ishtirok etish uchun stajyor-oʻqituvchi, assistent oʻqituvchi, katta oʻqituvchi, dotsent va professor lavozimlariga qoʻyiladigan talablarni kuchaytirish zarur.

Natijada talab etilayotgan shartlarni bajarish uchun professor-oʻqituvchilar besh yil davomida oʻz ustida tinimsiz ishlab, malakasini oshirib boradi. Ayni holat esa, OTMning oʻquv-metodik ishlari, oʻqitish sifati hamda ilmiy salohiyatining oshishini taʼminlaydi va reyting koʻrsatkichining yuqori boʻlishini taʼminlaydi.

Muxtor IBRAGIMOV,

Muhammad VALIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Fan, taʼlim, madaniyat va sport 

masalalari qoʻmitasi aʼzolari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?