Oʻzbek va turk xalqlari mustahkam ildizlar bilan bogʻlangan

16:00 10 Sentyabr 2019 Jamiyat
80 0

Bugun Turkiyaning Adana viloyati savdo palatasi boshqaruv kengashi Vitse prezidenti Yuksel Bayram boshchiligidagi delegatsiyasi Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻzbek va turk xalqlari tarixi asrlar davomida shunday mustahkam ildizlar bilan bogʻlanganki, ularni bir-biridan ayro tasavvur qilish mushkul. Turk xalqi Oʻzbekiston zaminini “ota yurt”, deb eʼzozlaydi. Qardosh turk xalqining diyorimiz va xalqimizga boʻlgan mehri va hurmatini anglash uchun shuning oʻzi yetarli hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2017-yil 25-26-oktyabr kunlari Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi hamda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning 2018-yil 29-aprel – 1-may kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan davlat tashriflari ikki mamlakat munosabatlarining rivojlanishiga yangi turtki berdi.

Ushbu tashriflar davomida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi hamkorlikning muhim istiqbollarini belgilab beruvchi kelishuvlarga erishildi hamda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar eshigi ochildi.

Xorazm viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyasi joriy yilning 28-aprel – 3-may kunlari Turkiyaning Adana, Antaliya va Istambul shaharlarida boʻlgan edi. Ushbu tashrif davomida Adana shahar meri Zeydan Karalar va Adana provinsiyasi gubernatori Maxmut Demirtash bilan uchrashuv oʻtkazilib, ikki viloyat oʻrtasida turli yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi hamda Adana viloyatining sanoat palatasi, tijorat birjasi va sanoat zonasi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston - Turkiya biznes forumi oʻtkazildi.

Mazkur biznes forum yakuni bilan bir qator investitsiyaviy kelishuvlar imzolandi: 

“Delfingold sanayi ve Tijaret A.S.” kompaniyasi tomonidan 5,0 mln. dollar investitsiya kiritilishi hisobiga zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish loyihasi;

tadbirkor Dinger Axmet tomonidan 2,0 mln. dollar investitsiya kiritish hisobiga Urganch shahridagi kichik turistik zonasida mehmonxona qurish loyihasi;

“JeyKiBi” kompaniyasi tomonidan 10,0 mln. dollar investitsiya kiritilishi hisobiga azorasp tumanida dastlab 1500 gektar maydonda zaytun bogʻini yaratish loyihasi boʻyicha kelishuvlar imzolandi.

Ushbu hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish uchun viloyat hokimligi tomonidan zaruriy choralar koʻrilib, har bir kelishuvning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi.

- Turkiya kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida soʻngi yillarda olib borayotgan ishlarimiz natijasida bugungi kunda dastlabki yutuqlarimiz ham koʻzga tashlanmoqda. Xususan, 2018-yilgacha viloyatimizda Turkiya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni bor-yoʻgʻi 4 ta boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 17 taga yetgan. Umuman olganda, viloyatimizdagi xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalarning 14,0 foizi Turkiya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar hisoblanadi, - deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Sh.Tulyaganov.

Shundan soʻng ikki viloyat oʻrtasida tadbirkorlik subyektlari aloqalarini rivojlantirish boʻyicha kelishuv imzolandi va tadbirkorlar oʻrtasida B2B formatidagi uchrashuv oʻtkazildi.

Bugun tushdan keyin Turkiya ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya viloyatimizdagi mashinasozlik, yengil sanoat, Xazorasp erkin iqtisodiy zonasi, qurilish materiallari ishlab chiqariladigan korxonalar faoliyati bilan tanishadi. Ushbu tashrif Xorazm va Adana oʻrtasidagi barcha sohalardagi hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?