Oʻzbek atirlari Singapurliklarga manzur boʻldi

16:01 09 Avgust 2019 Jamiyat
355 0

Singapurda oʻzbek madaniyati kechasi boʻlib oʻtdi. Unda ikki davlat rasmiy, siyosiy, iqtisodiy, ilm-fan, madaniy doiralari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizning Singapurdagi elchixonasi tomonidan oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekistondan Begim attorlik liniyasi asoschisi Gulchehrabegim Mahmudova, Anor brendi yaratuvchisi Dilnoza Umirzoqova, Visit Uzbekistan hamkorlik platformasi va shu nomdagi imidj jurnali tashabbuskori Dinara Doʻltayeva, isteʼdodli fotograf Muhiddin Alimboyev hamda professional oshpaz Hasan Rasulov oʻz salohiyatlarini namoyish etishdi.

Marosim avvalida davlatimizning Singapurdagi elchisi Qahramon Shokirov taniqli mezbon biznesmeni Filip Tanga Oʻzbekistonning MICE-turizm(ishbilarmonlik turizmi) boʻyicha elchisi sertifikatini topshirdi.

F.Tan Oʻzbekiston hukumati va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirdi.

- Soʻnggi yillarda Singapurdan Oʻzbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlar soni 60 foiz oshdi. Bu hali boshlanishi deya aniq ayta olaman, - dedi u. - Singapur biznes vakillari Oʻzbekistonda boʻlib oʻtayotgan islohatlarni katta qiziqish bilan kuzatib bormoqdalar va mamalakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik, ayniqsa, savdo-sotiq va investitsiyalar sohasida juda katta salohiyat bilan rivojlanishiga ishonaman!

Maʼlumot uchun, maʼmuriy qarorgohi Singapurda joylshagan Citystate Group - Avstraliya, Xitoy, Gonkong, Hindiston, Indonezii, Filippip orollari, Malayziya, Tailand va Vyetnamda ish olib boruvchi eng katta halqaro kompaniyalardan biri.   Mazkur tashkilot asosiy yoʻnalishlaridan tashqari sugʻurta, moliyaviy xizmatlar, savdo-sotiq, taʼlim va maishiy xizmat sohalari buyicha ham faoliyat yuritadi. Jumladan, kompaniya biznes-turizm, infratuzilmalar va restoran biznesi jabhasida yirik brendlardan biri sifatida tan olingan.

Pegasus Travel Management esa dunyodagi yetakchi ishbilarmonlar uchun salohiyatli davlatlarga biznes-tashriflar uyushtirish, yuqori darajada turlar va konferensiyalar, retrit va VIP-tashriflar uyushtirishga ixtisoslashtirilgan.

F.Tan Oʻzbekistonning Singapurdagi elchixonasi bilan yaqindan hamkorlik qilib, yurtimizga yirik sarmoyadorlar, yirik kompaniyalar rahbarlari tashriflarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Marosim yosh va iqtidorli ijodkor Muhiddin Alimboyevning Visit Uzbekistan(Oʻzbekistonga tashrif buyur) fotokoʻrgazmasi bilan davom ettirildi. Unda diyorimizning tarixiy oʻziga xos joylari, noyob meʼmorchilik majmualari, milliy qadriyatlar rang-barangligi muhrlangan goʻzal tasvirlar namoyish qilindi.

Tadbir qatnashchilari ustazoda oshpaz Hasan Rasulovning gastronomik mahoratiga ham tan berishdi. Ushbu pazanda Oʻzbekistonda sakkiz tonnalik palov pishirgan insonlardan biri boʻlib, uning nomi ham Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgan. U singapurliklarni osh, somsa va milliy shirinliklar bilan mehmon qildi.

Dilnoza Umirzoqova tomonidan tayyorlangan Feel Uzbekistan(Oʻzbekistonni his et) dizaynerlik namoyishi oʻzida milliy liboslarni uygʻunlashtirgani bilan koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Ishtirokchilar oʻzbek matolari yorqinligiga tan berishdi.

Begim brendi ostida esa Bukhara Spirit, Samarkand Spirit, Rubi of Timur, Kohinoor Dimonds va Silk Road iforlar kolleksiyasi ham barchaga manzur boʻldi. Ulardan sharqona muhit ufurib turgani taʼkidlandi.

Oʻzbekistonga keladigan sayyohlar va biznes-mehmonlar uchun birinchi nashr - ingliz tilidagi Visit Uzbekistan jurnali taqdimoti kecha mazmunini yanada boyitdi. Unda mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, Oʻzbekistonning turizm, investitsiyaviy salohiyati, ijtimoiy, madaniy hayotidagi voqealar, sanʼati, gastronomiyasi, urf-odatlari va boy merosi taqdim etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?