“Oʻzavtosanoat” butun tizimi bilan transformatsiya qilinadi

21:28 28 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
774 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Prezident farmonida 32 ta yirik davlat korxonasi va xoʻjalik birlashmasi transformatsiya qilinishi belgilangan. Xususan, “Oʻzkimyosanoat”, “Oʻzavtosanoat”, “Oʻzdonmahsulot”, “Oʻzsuvtaʼminot” tashkilotlari butun tizimi bilan transformatsiya qilinadi. Shu maqsadda Moliya vazirligida alohida departament tashkil etildi.

Mutasaddilarga qolgan tarmoqlarni ham chuqur tahlil qilib, transformatsiya boʻyicha takliflar tayyorlash vazifasi qoʻyildi.

Aholi va tadbirkorlarga batafsil maʼlumot beradigan xususiylashtirish maslahat klinikalari hamda koll-markaz tashkil etish, metodik qoʻllanma tayyorlab, joylarga yetkazish muhimligi aytildi. Shuningdek, televideniye orqali ham xususiylashtirish borasida maʼlumot berib boriladi.

Oliy Majlis palatalariga Prezident farmoni mohiyatini keng targʻib qilib, xususiylashtirish jarayonlarini halol va ochiq-oshkora oʻtishida parlament nazoratini oʻrnatish tavsiya qilindi. Shuningdek, xususiylashtirish hamda davlat mulkini boshqarishga oid qonun loyihalarini ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.

Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir oʻrinbosarlari, tarmoq rahbarlari va hokimlar hisobot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?