“Oʻtkan kunlar” ibrati

17:07 25 Dekabr 2019 Madaniyat
671 0

Vazirlar Mahkamasining xalqimizning sevimli yozuvchisi Abdulla Qodiriy tavalludining 125-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi farmoyishi nafaqat ulugʻ adib xotirasining abadiylashtirilishi, balki uning shaxsi, betakror asarlari targʻibotida ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Abdulla Qodiriy oʻz davrining ilgʻor bir ziyolisi sifatida Vatan va millat taqdiri xususida qaygʻurdi. Zamon talotoʻplari adib qalbini iztirobga soldi. “Oʻtkan kunlar” romani orqali xalqning milliy ongini uygʻotmoqchi, “tariximizning eng kir, qora kunlari” — yurtni mustamlaka balosiga yoʻliqtirgan keyingi noahil “xon zamonlari”dan soʻz ochib, bu ayanchli haqiqatdan xalqqa saboq bermoqchi boʻldi.

Romanning maʼno-mundarija doirasi nihoyatda keng. Unda xilma-xil insoniy taqdirlar, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-axloqiy, oilaviy-ishqiy muammolar qalamga olingan. Biroq ular orasida yurtning taqdiri, mustaqilligi masalasi alohida ajralib turadi. Asarning bosh qahramonlari Otabek va Yusufbek hoji shu yurt istiqloli, farovonligi, osoyishtaligi yoʻliga hayotini, jonini tikkan fidoyi kishilar sanaladi.

“Oʻtkan kunlar” romani bamisoli ulkan va tiniq koʻzgu, unda oʻzbek millatining muayyan tarixiy sharoit, vaziyatdagi turmushi, urf-odatlari, ruhiy-maʼnaviy dunyosi, boʻy-basti, qiyofasi keng koʻlamda aniq-ravshan tasvirlanadi. Romandagi uchlik — oshiq, maʼshuqa va agʻyor, bir qarashda, anʼanaviy ishq dostonlarini ham eslatadi. Unda Otabek bilan Kumushning toza muhabbati, ishqiy kechinmalari, baxti va baxtsizligi juda zoʻr mahorat bilan koʻrsatiladi. Asardagi juda kam insonlar qalbidan chuqur joy oladigan bir “durri bebaho” — ishq-muhabbat tuygʻusiga doir inja tafsilotlar kitobxonni hayajonga soladi. Otabek bilan Kumushning saodatli onlaridan mahrum etgan fojiaviy sahnalar kishini chuqur oʻyga toldiradi. Muallif oshiqlarning ishqiy sarguzashtlari bahonasida muayyan tarixiy davrni — Turkistonning rus bosqini arafasidagi ahvoli, qora kunlarini koʻz oldimizda gavdalantiradi. Ayni damda oʻlkaning tutqunlikka tushishining bosh sababi jaholat, qoloqlik va oʻzaro ichki nizolardir, degan fikrni gʻoyat ustalik bilan asarning mazmun-mohiyatiga singdiradi.

Adibning badiiy soʻzida betakror joziba mujassam boʻlgani bois “Oʻtkan kunlar”ni necha bor oʻqisa ham, odam toʻymaydi, qayta mutolaaga ehtiyoj sezaveradi. Roman oʻquvchini zeriktirmaydi. Qayta oʻqish jarayonida asarning yangidan-yangi qirralari ochiladi. Bir oʻqilganda eʼtiborsiz oʻtilgan epizodlarga boshqa safar diqqat qaratiladi. Bu hol, tabiiyki, adibning obraz yaratish mahoratiga, inson qalbini chuqur anglashiga daxldordir. Zero, koʻrkam adabiyotdek sanʼat dunyosida badiiy soʻz — poetik nutq muhim sanaladi: soʻz vositasida manzara, ruhiyat va obraz chiziladi.

Abdulla Qodiriy soʻzida oʻquvchini oʻziga bogʻlab turadigan, insonni oʻziga ohanrabodek tortadigan quvvat bor. Buni oʻquvchi sezmasligi mumkin emas. Aynan soʻzning taʼsiri bois Kumush oʻlgan sahnada hoʻng-hoʻng yigʻlaydi kitobxon. Aytmoqchi, bu epizodning oʻzi yigʻlab yozilgan. Demak, adibning titragan, ichikkan, oʻksigan yuragi shu sahifalarga koʻchgan. Badiiy ijoddagi bir qonuniyat shuki, mujmal tasavvurlar mujmal ifodalanadi, yigʻlab yozilgan sahifalar yigʻlab oʻqiladi. Chinakam adibning estetik dunyosi, ijodkor qalbi ana shunday sahifalarga muhrlanadi.

Abdulla Qodiriy romanlarini oʻzbek adabiy tilining zamonaviy koʻrinishda shakllanayotgan bir davrda yozdi. Adabiy tilning rutbasi, maqomi yuksalishida adibning xizmati katta boʻldi. Til millatni birlashtiruvchilik qudratiga ega qadriyatdir. Qodiriyshunos olimlar fikriga eʼtibor berilsa, Abdulla Qodiriy toshkentlik boʻla turib oʻz romanlarida mahalliy sheva unsurlarini umuman qoʻllamaydi. Hatto qahramonlarining nutqini individuallashtirishda ham boshqa badiiy vositalardan foydalanadi. Demak, adib shu zaylda bor mahorati bilan oʻzbek adabiy tilining boyligini, oʻzbek tilining keng imkoniyatlarini namoyish ham qiladi.

“Tana buzoqning turqi tuqgʻanigʻa tamgʻa” yoki “...oldidagi ovni koʻrmay, uzoqdagi yovni koʻradi”, “Xonning qoʻyini boqish uchun, qovoqlarni belga taqish uchun...”, “Endi koʻrsam, miltiqning oʻqidek, pushti gulning toʻqidek kelinim bor ekan” kabi yuzlab xalqona iboralardagi saj, ritm va latiflik adib asarlari tiliga, qahramonlari nutqiga joziba baxsh etadi.

Abdulla Qodiriy bejiz: “Oʻzbek tili kambagʻal emas, balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar”, degan fikrni aytgan emas. Aynan oʻzbek tilining naqadar boy imkoniyatlarga egaligini asarlari bilan isbotladi. Qolaversa, maʼrifatli bir ziyoli sifatida oʻzbekning soʻzi uchun, adabiy tilning istiqboli uchun qaygʻurdi. Abdulla Qodiriy ijodidagi bunday chin haqiqatni har kim har doim yodda tutmogʻimiz lozim.

“Oʻtkan kunlar” xayoliy va hayotiy omillar uygʻunligida maydonga kelgan ulkan bir maʼnaviyat qasriki, uning ichkarisiga kirgan odam insoniyat abadiyatiga daxldor tushunchalarning badiiy talqiniga, eng nafis his-tuygʻularning betakror tasviriga, oʻzaro chambarchas bogʻlangan ijtimoiy va individual holatlar zanjiriga duch keladi, aqli hayron qoladi.

Oybek Abdulla Qodiriy ijodiga bagʻishlangan tadqiqotida adib shaxsiyati va ijodiga baho berib, yozadi: “Abdulla Qodiriy isteʼdodli, qalbi butun va oʻziga xos ravishdagi shaxs edi... Abdulla Qodiriyning prozasi birinchi navbatda gʻoyatda hayotiyligi bilan ajralib turadi”. Rost gap, isboti — umrboqiy “Oʻtkan kunlar”.

Nazarimizda, Abdulla Qodiriy asarlarining umrboqiylik asoslarini, eng avvalo, adibning favqulodda isteʼdodidan, shaxsiyatidan, dunyoqarashini shakllantirgan zamindan, adabiyotdagi abadiy mavzularning maromiga yetkazib tasvirlashidan, soʻzning ruhiyatga taʼsiri va shu singari koʻzga koʻrinib-koʻrinmay hamda hisga taʼsir etib-etmay turgan boshqa bir qator sirli unsurlardan izlash kerak.

“Oʻtkan kunlar” romanini har bir avlod oʻzicha tushunadi va tushuntiradi. Garchand shu kunga qadar roman hajmidan bir necha barobar koʻp hajmli talqinu tahlillar yozilgan boʻlsa-da, bunday sharhlash va tushuntirishlar zanjiri kelgusida ham davom etadi. Chunki roman oʻzining choʻng badiiyatiga koʻra shunday talqinlar uchun manba boʻla oladigan sanʼat asaridir.

Bahodir KARIM,

filologiya fanlari nomzodi, professor.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?