Ota-onalar tomonidan oʻz farzandlariga uy sharoitida diniy taʼlim berish huquqi belgilanadi

16:34 17 Sentyabr 2020 Siyosat
215 0

Mustaqillikdan keyin mamlakatimizda vijdon va din erkinligini taʼminlash boʻyicha qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasining qabul qilinishi ushbu sohadagi huquqiy asoslarni yaratish va doimiy takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Loyihada qator imtiyozlar qatʼiy belgilandi. Masalan, unda jamoat tartibini saqlash, boshqa fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi, axloqi, huquqlari va erkinligini taʼminlash maqsadida diniy sohani davlat idoralari tomonidan tartibga solinishi lozim boʻlgan sabablar batafsil tushuntirilgan.

Saylovoldi uchrashuvlarimizda shu yoʻnalishdagi savollarga ham koʻp duch kelganmiz. Xususan, bir muloqotimizda diniy taʼlim muassasalarida farzandlarining professional taʼlim olishlari yuzasidan qanday imkoniyatlar borligi xususida soʻrashgan edi. Ochigʻini aytaman, oʻsha vaqtda aytarli ijobiy javob berolmagandim. Qoʻlimda asos yoʻqligi pand bergandi.

Bugun esa oʻsha savolga ushbu qonun loyihasida batafsil band belgilandi. Yaʼni, har bir shaxsning diniy taʼlim muassasalarida professional diniy taʼlim olishi, shuningdek, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan oʻz farzandlariga diniy amaliyot asoslari va odob-axloq qoidalarini (uy sharoitida diniy taʼlim berish) oʻrgatish huquqi belgilandi.

Tan olish lozim, ilgari bunday taʼlim olishda katta hadik turardi, “kimningdir” bilib qolishidan choʻchiganlar soni sanoqsiz edi. Hatto uyda oʻz farzandlariga diniy amaliyot asoslari va odob-axloq qoidalarini tushuntirishga ham qoʻrqadiganlar yoʻq emasdi. Mana, endilikda qonuniy asos bilan mazkur qoʻrquvlarga chek qoʻyildi.

Yana bir muhim jihat borki, amaldagi qonunchilikka muvofiq avvallari diniy tashkilot rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi shart edi. Ammo mazkur talab qonun loyihasida qatʼiy bekor qilindi.

Shuningdek, meʼyoriy hujjatning maqsadlaridan biri vakolatli davlat organlari va diniy tashkilotlar oʻrtasida jamiyatda dinlararo va millatlararo totuvlikni saqlash boʻyicha munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Xulosa qilib aytganda, qonun loyihasi inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan diniy sohada umumeʼtirof etilgan huquq va erkinliklarni, yurtimizdagi hozirgi diniy vaziyatning oʻziga xos xususiyatlari va bevosita Oʻzbekiston sharoitida dinlararo munosabatlarni shakllanishining tarixiy sharoitlarini oʻz ichiga olgan. Ushbu omillarni inobatga olmagan holda mamlakatimizda yashovchi millatlar va elatlar oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik va hamjihatlik munosabatlarining muvozanatini saqlab qolish, ularning turli diniy eʼtiqodlari va his-tuygʻularini hurmat qilishni taʼminlashning imkoni mavjud emas.

Umidaxon ZOKIROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?