“Orzu” kemasiga xorijlik mehmon 5 ming AQSH dollari bilan xaridor boʻldi

17:06 13 Sentyabr 2019 Madaniyat
803 0

Xabaringiz bor, ayni kunlarda Qoʻqon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivali boʻlib oʻtmoqda va unda bagʻdodlik usta hunarmandlar ham oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etishyapti. Eʼtiborli jihati shundaki, Oʻrdaoldi maydonida milliy hunarmandchilik anʼanalari asosida tayyorlangan mahsulotlar koʻrgazmasining eng gavjum nuqtasi –tadbirkor Mirzaolim Tursunov va hunarmand Baxtiyor Shermatov uchun ajratib berilgan joy boʻlib turibdi.

Yogʻoch oʻymakorligi yoʻnalishida ishlangan katta-kichik antiqa yelkanli kemalar  mashhur filmlarni yodingizga soladi. Ulardagi eng mayda detallar ham yuksak did va mahorat bilan ishlangan. Shu yaqin atrofdan oʻtayotgan kishi borki, ustaning isteʼdodiga qoyil qolmoqda. Hashamatli kemalar fonida suratga tushish istagida boʻlganlarning sanogʻi-yu adogʻi koʻrinmaydi.

Mirzaolim Tursunov harbiy xizmatni Sankt-Peterburg shahridagi harbiy qismlardan birida oʻtagan. Bu harbiy qism askarlariga Ermitaj – tasviriy va amaliy sanʼat muzeyini qoʻriqlash topshirilgan va suhbatdoshimiz taqdirning bunday siylovidan haligacha minnatdor.

– Ermitaj oʻz salobati bilan, minglab eksponatlari bilan meni mahliyo qilgandi, – deya eslaydi M. Tursunov. – Men oʻsha yerda tarixga mehr qoʻydim va dunyo xalqlari oʻtmishi bilan bogʻliq koʻplab kitoblarni varaqladim. Xizmatim yakunlanib, qishloqqa qaytganimdan soʻng noyob asori-atiqalarni toʻplay boshladim. Oradan oʻtgan 30 yil mobaynida 500 dan ortiq turdagi milliy hunarmandchilik namunalarini shaxsiy kolleksiyamda jamlashga muvaffaq boʻldim.

Mirzaolim Tursunovning hunarmand Baxtiyor Shermatov bilan tanishishi ajoyib boʻlgan. Tuman markazidagi doʻkonlardan birida sotuvga qoʻyilgan antiqa kemachani koʻrgan Mirzaolim akada yangicha gʻoya tugʻildi. Soʻrab-surishtirib, uning ustasini topdi. Baxtiyor aka kamgap, qoʻni-qoʻshni bilan ham koʻpda muloqot qilavermaydigan inson. Maqsadini tushuntirdi, niyatini roʻy-rost aytdi: “Pul, gʻoya, rivojlantirish – mendan; mehnat, sabr-toqat va kelajakka ishonch – sendan!”

Tadbirkor va hunarmandning hamkorligi tez orada meva bera boshladi: ular yogʻoch oʻymakorligi asosida sovgʻabop buyumlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishdi. Dastlab kichik oʻlchamda kemachalar yasashdi va ular salmoqli pulga sotildi. Asta-sekin chor tarafdan buyurtmalar kela boshladi va Mirzaolim aka endi katta oʻlchamdagi mahsulotlar tayyorlashni, bu orqali hamma-hammani lol qoldirishni rejalashtirdi. Bundan ilhomlangan hunarmand Baxtiyor Shermatov uch oy deganda uzunligi salkam 4,7 metr, balandligi 3,5 metr keladigan yelkanli kema yasadi. Unga “Orzu” deya nom berishdi.

– Ikkimizning ham orzuimiz, maqsadimiz bir, – deydi Mirzaolim aka, - odamlarga ezgulik ulashish! Eʼtibor bering-a, yelkanning tayanch nuqtasida dur-javohirlarga toʻla sandiq, sal yuqorida esa gulgʻuncha tasvirlangan. Bu – dunyo boyliklari bir kun tubsizlikka gʻarq boʻladi va qalbingda asraganing – gulgʻuncha bilan yolgʻiz qolasan! Shunday ekan, boshqaruvingda boʻlgan hayot kemasi chambaragini qoʻlingda mahkam tutginki, dovullarga dosh bersin, degani. Mahsulotlarimizni mana shunaqa falsafiy fikrlar bilan boyitganmiz.

Suhbatdoshimizning aytishicha, “Orzu” aynan I Xalqaro hunarmandchilik festivali uchun tayyorlangan. Xorijiy sayyohlardan biri uni 5 ming AQSH dollariga sotib olish istagini bildirgan, lekin Mirzaolim aka festival yakunlanishini kutishni lozim topdi.

– Ishonch bilan aytishim mumkinki, “Orzu” koʻrgazmamiz gultoji boʻlib, koʻpchilikni maftun qilib turibdi, – deydi u faxr bilan. – Festival boshlanganidan beri mingga yaqin odam har tarafdan kelib, aynan “Orzu”ning fonida suratga tushib ketdi. Xaridorga sotib yuborsam, bu mahsulotimizning daragini eshitib, uni koʻrish umidida kelganlarga nima deyman?! Festival boshidan buyon 10-15 ta buyurtma oldim. Aytishim mumkinki, bu festival bizni kashf etdi!

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.

Xursandbek Arabboyev olgan suratlar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?