Orhan Durgut nima qilmoqchi?

13:54 23 Iyul 2019 Madaniyat
723 0

Prezidentimiz shu yilning 15-iyun kuni Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan “Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning beshinchi sammiti”da soʻzlagan nutqida Osiyoda hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish va rivojlantirish,oʻzaro ishonch choralarini oshirish boʻyicha davlatimizning qator taklif va tashabbuslarini bildirdi.

Xususan, “Dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, maʼrifat va madaniyatlarni oʻzaro boyitish masalalari boʻyicha tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyishni taklif etdi va bunda Toshkentdagi Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi samarali platforma boʻlib xizmat qilishi mumkinligini bildirdi.

Turkiyalik taniqli fotograf Orhan Durgut ham mazkur tashabbusdan ruhlanib, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida oʻzining fotokoʻrgazmasini tashkil etish taklifini bildirdi.

Fotogrof oʻz asarlarda dunyoning 33 davlatidagi 60 ta Islom shaharlarining tarixiy bino va muqaddas qadamjolarini aks ettirgan.

Eʼtiborli jihati, fotograf Imom Buxoriy ilmiy safarlarda boʻlgan Makka, Madina, Basra, Kufa, Bagʻdod, Damashq, Qaysariya, Asqalon va Eʼzobshaharlarida boʻlib, u yerdagi mashhur Islom madaniy meroslarini oʻz ijodida aks ettirgan.

Orhan Durgutning foto jamlanmasidan Oʻzbekistonning Samarqand, Buxoro, Xorazm, Toshkent, Termiz shaharlarida joylashgan muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar xususan, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Registon ansambli, Shohizinda, Ichan Qalʼa, Hakim At-Termiziy, Xasti Imom, Koʻhna Ark kabi mashhur tarixiy obidalar va maqbaralar ham oʻrin olgan.

Mazkur xalqaro fotokoʻrgazma Imom Buxoriy tavallud topgan oy (810-yil 20-iyul) munosabati bilan tashkil etilayotganligi bois, muhaddisning “Sahih al-Buxoriy” asarining qoʻlyozma nusxalari ham koʻrgazma doirasida xalqimiz eʼtiboriga havola etildi.

Imom Buxoriyning “Sahih al-Buxoriy asarining qoʻlyozma nusxalari”va “Dunyo Islom shaharlari” nomli xalqaro fotokoʻrgazma joriy yilning 19-iyulidan 19-avgustiga qadar davom etadi.

Tadbir doirasida oʻtkazilgan davra suhbatida sohani yanada rivojlantirish yuzasidan professorlar islomshunos mutaxassislarning fikr-mulohazalari va takliflari eshitilib, kelgusida amalga oshirilishi lozim vazifalar belgilab olindi.

Orhan Durgut – turkiyalik fotograf:

Men soʻnggi paytlarda dunyo mamlakatlarida islom diniga nisbatan boʻlayotgan asossiz xurujlarni koʻrib, eshitib ich-ichimdan qiynalardim. Bu jarayonda qanday yordam bera olishim mumkinligi haqida oʻylardim. Shundan soʻng, kasbim fotograf boʻlganligi uchun Islom shaharlariga safar qilishni va u yerdagi qadimiy bino va inshootlar, muqaddas qadamjolar, maqbaralarni fotolarini toʻplashni, toʻplangan fotolarni xalqaro darajadagi koʻrgazmalar tashkil qilib, namoyish etishni, ushbu koʻrgazmalar orqali Islom dinida boʻlgan, uning sofligi uchun kurashgan ajdodlarimiz yuksak aql-zakovot sohibi va bunyodkor insonlar boʻlganini isbotlashni oʻz oldimga maqsad qildim. Shu maqsad yoʻlida bir necha yillar mehnat qildim. 60 dan ortiq islom shaharlarida boʻlib fotolar toʻpladim.

Ushbu fotokoʻrgazmamni birinchi marotaba Oʻzbekistonda tashkil etmoqdaman. Samarqandda tashkil etish fikri esa, bu zaminda islom sivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk muhaddis Imom Buxoriy mangu qoʻnim topgan.

Qolaversa, Prezidentingiz yaqinda Tojikistonda oʻtkazilgan sammitda Osiyoda dinlararo hamjihatlikni mustahkamlash, maʼrifat va madaniyatlarni oʻzaro boyitish masalalari boʻyicha tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyish taklifini bildirdi. Va, bu muloqotni amalga oshirishda Toshkentdagi Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi samarali platforma boʻlib xizmat qilishi mumkinligini aytdi.

Koʻrgazma Imom Buxoriyning tavallud sanasi arafasida tashkil etilganidan benihoya xursandman. Bunda menga yaqindan yordam bergan barcha tashkilotchilarga cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman.

Umid SORIYEV, “Xalq soʻzi“.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?