Organik qishloq xoʻjaligi tizim muammolarini bartaraf etadi

04:03 23 May 2020 Siyosat
131 0

Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotning yetakchi sohalaridan biri boʻlgani bois uni izchil rivojlantirish doimiy eʼtiborda turibdi. Xususan, agrar tarmoq imkoniyatlaridan keng foydalanish, ayniqsa, eksport salohiyatini oshirish iqtisodiy taraqqiyot kun tartibidagi asosiy masalalardan biriga aylangan, desak mubolagʻa emas.

Prezidentimizning “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlari xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ham ayni maqsadga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatli. Shu hujjat bilan Oʻzbekiston Respublikasida organik qishloq xoʻjaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish yuzasidan tegishli “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Unda qayd etilganidek, mamlakatimizda intensiv xoʻjalik yuritish usullari natijasida qishloq xoʻjaligi ekinlarining yillik yalpi ishlab chiqarish hajmi oshishiga erishilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasida 2018-yil yakunlariga koʻra, aholining sabzavot mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash darajasi 243, kartoshka – 157, poliz – 241, meva – 107, uzum – 269, goʻsht – 111, sut – 225 va tuxum – 106 foizni tashkil etdi.

Ushbu yoʻnalishdagi hosildorlik koʻrsatkichlari yaxshi, biroq bunday natijalarga asosan koʻp miqdorda mineral oʻgʻitlar va kimyoviy preparatlardan foydalanish orqali erishilmoqda. Boz ustiga, bu jarayonda koʻproq sifatga emas, miqdorga eʼtibor qaratilyapti, ekologiya ham zarar koʻrmoqda. Tashqi resurslardan foydalanish emas, balki ekotizimni boshqarishga asoslanuvchi organik qishloq xoʻjaligi tizimi esa aynan shu muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Bunda agrar tarmoqdagi jarayonlarning ekologiya va inson salomatligiga taʼsiri hisobga olinadi. Xususan, zararli pestitsidlar, sintetik oʻgʻitlar, veterinar dori vositalari, genetik modifikatsiyalangan urugʻlar, konservantlarning oʻrniga tuproq unumdorligini saqlaydigan va oshiradigan, zararkunandalar va kasalliklar koʻpayishining oldini oladigan usul va amaliyot kiritiladi.

Shu jihatdan Konsepsiyada organik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, transportda tashish, saqlash, tamgʻalash, realizatsiya qilishni tartibga soladigan normativ-huquqiy bazani yaratish nazarda tutilgan. Bu juda muhim masala, chunki aholini xavfsiz va sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash va shu bilan bir qatorda, tabiiy muhit uygʻunligini saqlash masalalari barcha taraqqiy topgan mamlakatlarda dolzarb masalaga aylangan. Shu boisdan yurtimizda ushbu soha bir tekisda rivojlanishi uchun undagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik negizini shakllantirish zarur.

Shuningdek, Konsepsiyada sertifikatlash, akkreditatsiya va nazorat tizimlarini shakllantirish ham nazarda tutilgan. Bu ham mazkur sohani rivojlantirishda muhim hisoblanadi. Doʻkonlardan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilayotganingizda eʼtibor bergan boʻlsangiz, ayrim mahsulotlarda “ekologik toza”, “xavfsiz” yoki “organik” degan yozuvlar tushirilgan. Fermerlar oʻz tovarlariga bunday yozuv tushirish huquqini qoʻlga kiritishi uchun organik qishloq xoʻjaligi sohasidagi maxsus sertifikatlar va tegishli hujjatlarni olishlari kerak. Aynan shundan hujjatlarini qoʻlga kiritgan mirishkorlarimiz bemalol totli mahsulotlari bilan jahon bozorlariga yoʻl olishlari mumkin.

Konsepsiyada organik mahsulotlar va xomashyolarni ishlab chiqarish uchun malakali kadrlarni tayyorlash va ularning malakalarini oshirish, milliy ishlab chiqaruvchilar uchun ichki bozorlarni rivojlantirish va eksport geografiyasini kengaytirish, organik mahsulotlar va xomashyolarni ishlab chiqarish doirasidagi ilmiy-tadqiqotlarni kengaytirish kabi yoʻnalishlardagi muhim chora-tadbirlar ham nazarda tutilgan.

Umuman, bu Farmon agrar tarmoq imkoniyatlaridan keng foydalanish, aholini xavfsiz oziq-ovqat bilan taʼminlash hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Bahodir TOJIYEV, 
Oliy Majlis Senati aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?