Oʻzlashtirishi qiyin, uquvi yoʻq oʻquvchilar uchun oʻqituvchi javob bermasin — Alisher Qodirov

10:33 22 Oktyabr 2020 Siyosat
1290 0

Oʻqituvchi oʻz ishini zavq bilan amalga oshirishi kerak. Oʻtadigan mavzusi boʻyicha dunyoda bir soat avval qanday yangilik boʻlgan boʻlsa, shuni ham biladigan darajada faol boʻlishi zarur, deya oʻz munosabatini bildirmoqda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov.

"Maktab boshqaruvi oʻqituvchidan samarali foydalanish uchun unga zamonaviy vositalar va shinam muhit yaratib berish haqida oʻylashi kerak. Oʻqituvchi darsini berib boʻldimi, xohlasa kutubxonaga, xohlasa uyiga ketsin. Qayer uning uchun qulay boʻlsa, oʻsha yerda ertaga boʻladigan darsi haqida oʻylasin, oʻtgan darslarini hisobotini toʻldirish haqida emas! Oʻqituvchi raqobatbardosh boʻlish uchun vaqtini behudaga sarflamaydi, xavotir olmang.

Har bir maktab, shtatiga zarur sonda kuzatuvchi ekspertlar (20 ta sinf boʻlsa 20 nafar, 30 ta sinf boʻlsa 30 nafar) ishga olinishi kerak. Har bir darsga bitta ekspert. Ular tajribali, nafaqadagi pedagoglar yoki pedagogikani yaxshi biladigan mutaxassislardan iborat boʻlishi mumkin. Ekspertlar oʻqituvchilik qila olmaydi. Muhim jihati, ekspertlar kundalik rotatsiya tizimi asosida ishlashi, shtat boʻyicha bir maktabdan oylik olib, kuzatuvni boshqa maktabda olib borishi ham mumkin boʻladi. Bu xolislikni taʼminlaydi, qolaversa, 200-300 mingta yangi ish oʻrinlari ham yaratiladi.

Darsni kuzatish uchun har bir sinfga kamera oʻrnatiladi. Har bir maktabda kuzatuv-tahlil xonalarida ekspertlar ishlaydilar. Har bir darsni bitta ekspert kuzatadi va avvaldan belgilangan mezonlarga muvofiq, maxsus dasturga oʻqituvchining mahorati va oʻquvchining faolligi haqida maʼlumotlar kiritadi. Har bir oʻqituvchi va oʻquvchi dasturda oʻz kodiga ega boʻladi, shu kodning reyting bazasi oʻqituvchi uchun maosh hisoblashda, oʻquvchi uchun esa oylik va choraklik reyting bahosini hisoblashda asos boʻladi. Maʼlumotlar uch oy saqlanadi va eʼtirozlarni tahlil qilish uchun foydalanilishi mumkin. Oʻqituvchi reyting natijalariga koʻra maosh oladi. Har bir darsda yuqori koʻrsatkichga ega boʻlgan oʻqituvchi koʻp maosh olsin, kamrogʻi kamroq, oʻqituvchilik qoʻlidan kelmayotgan oʻqituvchi raqobatdan chiqib ketaversin.

Shunda oʻqituvchini eng koʻp vaqtini olayotgan - bolani bilimini baholash va jurnal toʻldirish mashaqqatidan ozod qilgan boʻlamiz. Oʻqituvchi darsini beradi, ekspert oʻqituvchini ham, oʻquvchini ham baholaydi. Dars berish alohida, oʻquvchini bilimini baholash, muntazam qayd etib borish, chorakliklar chiqarish, kamiga ota-onalar bilan tortishish alohida mashaqqat. Oʻqituvchining eng ogʻir yuki aslida shu. Haftasiga bir marta olinadigan yozma vazifalarni oʻqituvchi tekshirib baholab berishi mumkin.

Oʻqituvchining ishi mavzuni bolalarga qiziq va aniq tushuntirib berishdir. Oʻqituvchining ishi va oʻquvchining oʻzlashtirish darajasi bir-biriga bogʻlanmasligi kerak. Oʻzlashtirishi qiyin, uquvi yoʻq oʻquvchilar uchun oʻqituvchi javob bermasin. Reyting ballari past boʻlgan oʻquvchilar keyingi sinfda qaytadan oʻqiydi. Bu oʻquvchilar uchun ham motivatsion ham jazolovchi omil boʻladi.

Oʻzlashtirish darajasi past boʻlgan bolalarning ota-onalari bilan sinf rahbarlari alohida ish olib boradi. Sinf rahbarlari faqat “Tarbiya” fani oʻqituvchilaridan iborat boʻlishi juda muhim. Qolgan oʻqituvchilar tarbiyachilik qilmasligi kerak. Muhim jihati, maktabdagi bir sinfga (A, B, V hammasi) bitta sinf rahbari boʻlishi kerak. U ham “Tarbiya” darsini oʻtadi, ham sinflarga rahbarlik qiladi. Tarbiyachi oddiy oʻqituvchilardan koʻra 50-70 foiz koʻp oylik olishi kerak.

Bunday tizim 5-6 sinflardan boshlab oʻquvchilarni kategoriyalarga ajratish uchun ham sharoit yaratadi. Ilmga qobiliyati borlarni alohida, hunar yoki tadbirkorlikka qobiliyati borlarni alohida dasturlar asosida tayyorlash imkoniyati yuzaga keladi.

Maktabda zamonaviy texnologiyadan keng foydalanadigan oʻqituvchi, zamonaviy sharoitlarda bolalar bilan ishlashi kerak. Shunda biz shaklan emas, mazmunan zamonaviy maktabga ega boʻlamiz", deydi Qodirov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?