Ong qudrati bolalar xizmatida

16:23 12 Avgust 2019 Madaniyat
154 0

Jon Kexoning “Ong qudrati bolalar xizmatida” kitobi farzandlarimizga tarbiya berish borasida ajoyib koʻrsatmalar, qimmatli tavsiyalar beradi. Bolalarni qanday qilib pozitiv fikrlashga oʻrgatish, ularni boshqarish jarayonida yaxshi niyat qilishning qanchalik kuchli ekanligini uqtirish haqida hayotiy misollar keltiradi.

Goho tarbiya jarayonida oʻzimiz sezmagan holda faqat nasihat qilishga oʻtib ketamiz va tabiiyki bu farzandimizga yoqmaydi. Jon Kexo bolalarni ragʻbatlantirishni eng asosiy oʻringa qoʻyadi va amaliyotda ham bu usul ijobiy natijalar beradi.

Sen gullarga suv quyishni unutmabsan, baraka top. Bugun doʻkonda navbatda turganimizda sabr qilib turding, senga katta rahmat, Ukang kasalligini bilib unga mehribonchiliklar qilayapsan, barakalla. Bu abi gaplar bolani nafaqat ragʻbatlantiradi, balki uni yanada yaxshiroq ishlar qilishiga turtki boʻladi. Ayni kitobni oʻqirkansiz, undagi koʻrsatmalarga amal qilish qilish orqali siz:

Farzandingizni ruhlantirasiz:

Unda oʻzini va oʻzgalarni hurmat qilish malakasini shakllantirasiz;

Bolaning oʻziga boʻlgan ishonchini oshirasiz;

Bolada yangi gʻoyalar qidirb topish koʻnikmasini paydo qilasiz;

Farzandingizda masʼuliyat hissini paydo qilasiz.

Farzandingiz sizning siymoingizda boshqalarni hurmat qilish va qadrlashni koʻrsin, u ham ertaga xuddi shunday yoʻl tutadi. U oʻzi uchun sizning ishingiz koʻp boʻlishiga qaramay vaqt ajratib, tinglayotganingizni sezsin, oʻzining qadrli ekanligini his qiladi.Oʻzining kerakli ekanligini bilgan har bir bola boshqalarga nisbatan ham hamdard, oqkoʻngil boʻla oladi.

“Ong qudrati bolalar xizmatida” kitobini oʻqish jarayonida qiyin savollarga oson javoblar olasiz. Dunyoda soʻzning qudratidan kuchliroq vosita yoʻqligiga ham kitobni oʻqigach guvoh boʻlasiz. Kerak vaqtida kerak soʻzni ayta olish, bola ongiga ijobiy fikrlar toʻlqinini yuborish uchun esa ota-onaning oʻzi oʻz soʻziga eʼtiborli boʻlishi kerakligini ham ushbu risola yana bir bor eslatadi.

“Qizim Li doʻstlari kamligidan tashvishlanardi. Shuning uchun ham men uning xonasiga Lining doʻstlari koʻp deb yozilgan katta kartoq qogʻozcha ilib qoʻydim. Oradan bir necha kun oʻtdi, va Li oʻzining dugonalari koʻpayganini aytdi. Ikkimiz ham yaxshi niyatning, yaxshi soʻzning kuchidar hayratlanardik”. Kitobdan olingan ushbu parcha hayotiy. Oʻylaymizki, ushbu kitobdagi qoʻpgina masalahatlar aynan sizning farzandingizga, siz tarbiyalayotgan tarbiyalanuvchilarga asqatadi. Quyida kitobdan keltirilgan ayrim parchalar bilan tanishing.

Men har doim harakat qilaman.

Har bir muammoning yechimi bor.

Men bilan har doim hammasi yaxshi boʻladi.

Odamlar meni koʻrganida xursand boʻlib ketadi.

Mening doʻstlarim koʻp, men hammaga kerakliman.

Farzandingiz ushbu soʻzlarni qaytararkan ular voqelikka aylanadi. “Ong qudrati bolalar xizmatida” kitobi oilangiz va farzandlaringiz kamoloti uchun munosib tanlov boʻla oladi. Psixologning koʻp yillik tajribalaridan foydalaning.

Zuhra ROʻZIYEVA, kitobxon.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?