Oʻlmay turib “oʻlgan”lar

17:37 03 Iyul 2019 Jamiyat
665 0

Soʻnggi paytlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda xalq vakillari boʻlgan deputatlar faoliyati keskin tanqid qilinmoqda. Deputatlarning hammasi ham joylarda aholi vakillari bilan uchrashib, aniq holatni oʻrganish, ijro hokimiyati ustidan parlament va deputatlik nazoratini olib bormayapti. Mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha deputatlik soʻrovi institutidan oqilona foydalanmayapti.

Axir, partiyaning saylovlarda bergan vaʼdalarini amalga oshiruvchi haqiqiy kuch bu — deputatlik korpusi hisoblanadiku? Ayrim deputatlar oʻz vakolatlari va masʼuliyatini ha­mon toʻligʻicha ang­lab olmayapti: na bir masala yuzasidan aniq tashabbus bilan chiqadi, na oʻz saylovchilari bilan uchrashib muloqot oʻtkazadi... Afsuski, Kengashlardagi sessiya va doimiy komissiya yigʻilishlarida ishtirok etib, qoʻl koʻtarib, tasdiqlab berishdan bosh­qasiga yaramayapti. Ammo, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining oltmish toʻrtinchi sessiyasi haqida bunday deya olmaymiz. Chunki bu galgi sessiya, oʻtgan sessiyalardan tom maʼnoda farq qilib, shaffoflik ruhida, qizgʻin bahsu munozaralarga boy oʻtdi. Deputatlar kunning dolzarb masalalarini muhokama qilishdi.

Oliy Majlis Senati aʼzosi, XDP deputatlik guruhi rahbari, viloyat kengashi deputati Zaynab Berdiyeva:

Deputatlik guruhimiz tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 4-apreldagi “Dafn etish va dafn ishi toʻgʻrisidagi” Oʻzbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqidagi qarorining Samarqand shahridagi ijrosi oʻrganildi, deputatlik soʻrovnomalari yuborildi. Natijada Samarqand shahri hududida joylashgan 40 ta qabristonga xizmat koʻrsatuvchi maxsus texnikalar yangilandi, 27 ta qabriston nazoratchisi va qorovul shtat birligi joriy qilinib, barcha ishchilar maxsus kiyimlar bilan taʼminlandi. Birgina Navbogʻchiyon qabristoniga mahalliy byudjet hisobidan 158 million soʻm mablagʻ ajratilib, 218 metr qismi devor bilan oʻraldi. Mavjud 500 metr devorlar qayta taʼmirdan chiqarildi. Super qabristoniga esa 130 million soʻm mablagʻ ajratilib, 205 metr qismi devor bilan oʻraldi. Ishchilar uchun zamonaviy tipdagi yuvinish xonasi, omborxona, tobutxona, tahoratxona va hojatxonalar qurib berildi.

Ammo oʻrganishlar davomidagi tegishli qonun talablarining Samarqand shahridagi ijrosi talab darajasida emasligi maʼlum boʻldi. Masalan, Vazirlar Mahkamasining yuqorida qayd qilingan qarori ijrosiga koʻra, shahardagi Xoʻja Abdu Darun qabristoni joyiga borib oʻrganilganida ayrim qabrlar choʻkkanligi, qabrlarni saqlash va qabr usti yodgorliklarini oʻrnatish tartibi buzilganligiga guvoh boʻldik. Dafn etishga ajratilgan uchastkaga uzunligi 1,5 metr, eni 1 metr va balandligi 0,5 metrdan 1metrgacha oʻlchamda qabr usti yodgorliklari oʻrnatish belgilangan boʻlsada, ayrim qabr yodgorliklari 10-16 kvadrat yaʼni uzunligi 3-4 metr, eni 4 metr, balandligi esa 2 metr va undan yuqori qabr usti yodgorliklarini koʻrib ajablandik.

Ayrim qabr yodgorliklari ustiga katta-katta gumbazlar qurilganligi yetmagandek, shu kabi qabr yodgorliklari yonida bir-ikki joylar nomaʼlum sabablarga koʻra, egallab olinganligidan hayratda qoldik. Hatto ayrim qabrtoshlarda tirik odamning tugʻilgan sanasi-yu yili,ism-sharifi yozib qoʻyilganiga nima deysiz? Axir, bu ketishda shahrimizdagi mozorlar yer maydonlari qisqarib ketmaydimi? Bunday manzaralarga diniy ulamolarimiz nima derkin?

Toyloq tumani bosh imom xatibi, Begmurod Ismoilov:

Haqiqatdan bu juda dolzarb mavzu. Bugungi kunda xalqimiz zehniyatida “Men sendan kam emasman!” degan manmanlik tuygʻusi avj olgan. Yaʼni ota-onasi, yaqin qarindoshlariga tirikligida ehtirom koʻrsatmaydi-yu, u dunyoga ketgach, qabrlariga katta-katta sangu marmarlarni oʻrnatib, zebu ziynatga burkab, kamiga oʻzlariga joy ajratishlik, tirik yurgan baʼzi odamlar oʻzlariga qabrtoshi yozdirib qoʻyishdek xunuk manzaralarni kuzatyapmiz. Bu muqaddas Islom dinimizda, shariatimizda koʻrsatilmagan. Aksincha, bu jarayonlar muqaddas hadis kitoblarimizda qattiq qoralangan. Biz kim bilan qoʻshni boʻlamiz? Bizga qabristonning qayeridan joy tegadi? Bu muhim jihatlar emas! Moʻmin-musulmonning oldida turgan asosiy burchlaridan biri - Allohning undan rozi boʻlishi, u dunyoga rihlat qilgan odam iymon bilan ketishi kerak. Bu borada biz diniy ulamolar ham xalqimiz ichida maʼnaviy targʻibotni kuchaytirishimiz kerak.

Toyloq tumani Olmazor qishlogʻida yashovchi pensioner Sultonmurod Razzoqov:

Yaqinda qishlogʻimiz qabristonida bir yigit qabrtoshga oʻyib yozilgan, qushlar bulgʻab ketgan arabcha diniy oyatlarni zoʻr berib namchil latta bilan artayotganini koʻrib qoldim. “Yomon oʻrnashib qolarkan, kimyoviy moslamada zoʻrgʻa tozaladim” dedi u...

Men ayrim shaharlardagi muqaddas avliyolar yotgan qabristonlarda joylar “falon puldan, falongacha pullanarmish” degan gap-soʻzlarni koʻp eshitganman. Atrofini panjaralar bilan oʻrab, soyabonlar qurib, gumbazsimon sayqal berib yuborganlarini ham koʻrganman. Toʻgʻri marhumlarni eslab yod etish urf-odatimiz, lekin bunday naqshinkor marmar toshlarni qabr ustiga qoʻyish ham nechogʻli oʻrinli? Hech tushuna olmayman. Bu oʻzining kim ekanligini boshqalarga koʻz-koʻz qilishmi? Avvalo, shariatimizda marhumga qabr toshi qoʻyish mumkin emas deyilgan. Hozir hayolimga “Tugʻilmagan bolaga, tut beshik”degan xalq naqli keldi. Qanday qilib tirik yurgan odam oʻzi uchun qabrtoshi yozdirib qoʻyishi mumkin? Aql bovar qilmaydi.

Umid Soriyev, “Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?