Olimlar: Havoning isishi ham koronavirusga taʼsir qilmasligi mumkin

09:00 26 Mart 2020 Dunyo
210 0

Foto: www.google.com

Ob-havo sharoitlari koronavirusning tarqalishiga taʼsir qilmaydi, deb yozadi Italiyaning Il Giornale nashri.

Virusolog Roberto Burioni havoning isib ketishi natijasida pandemiya pasayadi, degan taxminlarga qoʻshilmadi. Mutaxassisning fikriga koʻra, virusga qarshi kurashda davlatlar tomonidan qabul qilingan cheklov choralari samarali, xolos.

Uning taʼkidlashicha, iliq kunlar kelishi bilan barcha respirator kasalliklar haqiqatdan ham, kamroq yuqadi, havodagi soʻlak tomchilari esa tezroq bugʻlanib ketadi. Ammo bu narsalarning hozirgi vaziyatga taʼsiri dargumon.

Shuningdek, Bikokka Milan universiteti, Rim universiteti III va Kyeti-Peskara universiteti olimlari ham shunday xulosaga kelishgan. Ular Uxan, Lombardiya, Venetoda COVID-19 bilan xastalangan odamlar miqdorini taqqoslab koʻrishgan va ularning sonini bu hududlardagi ob-havo sharoitiga bogʻliqligini aniqlashmagan.

Italiyalik olimlar infeksiyaga qarshi kurashda iliq ob-havo sharoitining foyda berishi haqidagi taxminni atipik pnevmoniya bilan taqqoslash natijasida yuzaga kelgan, deb hisoblashmoqda. 2002-yil oxirida boshlangan bu virusning epidemiyasi 2003-yil oʻrtalariga kelib soʻnib qolgan edi. Mutaxassislar fikriga koʻra, oʻsha epidemiyani hozirgisi bilan taqqoslash oʻrinli emas.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, xastalanganlar soni 350 mingdan oshdi. Shulardan 16 mingdan ortigʻi vafot etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?