Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisi yakunlandi

19:42 28 Fevral 2020 Siyosat
414 0

Senatorlar davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi va Toshkent viloyatidagi chegara bojxona postlari faoliyatini oʻrganish holati yuzasidan parlament soʻrovi natijalarini koʻrib chiqdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020-yil 6-fevral kuni taqdim etilgan soʻrovga berilgan javobga muvofiq parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda batafsil koʻrib chiqilganligi taʼkidlandi.

Parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar ijrosini toʻlaqonli taʼminlash, mazkur xizmatda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, Majburiy ijro byurosi va boshqa davlat organlarining oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish borasida mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar koʻrildi.

Biroq amalga oshirilgan ishlar bilan birga parlament soʻrovida koʻtarilgan baʼzi masalalarning ijrosi toʻliq taʼminlanmaganligi oqibatida sohada ayrim tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Jumladan, chegara bojxona postlari yaqinida avtotransport vositalari bilan bogʻliq tirbandliklarning oldini olish, jamoat tartibi va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash mexanizmi ishlab chiqilmagan.

Majlisda bu va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar bildirildi. Jumladan, 2020-yilning 15-apreliga qadar chegara bojxona postlari yaqinida jamoat tartibi va yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi. Uch oy muddatda mamlakatimizdagi chegara bojxona postlarida kecha-yu kunduz valyuta ayirboshlash, pul mablagʻlarini naqd pulga almashtirish, naqd va naqdsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish terminallarini oʻrnatish choralarini koʻrish zarurligi qayd etildi. Bu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlis Senati aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosarini – Bola huquqlari boʻyicha vakilni saylash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar. Bu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shuningdek senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining tarkibiga oʻzgartishlar kiritish masalasini ham koʻrib chiqdilar. Bu masala boʻyicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida 18 ta masala, shu jumladan 9 ta qonun koʻrib chiqildi.

Senatorlar tomonidan maʼqullangan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari jamiyat hayotining barcha sohalarida huquqiy asoslarni mustahkamlashga hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlar va islohotlar samaradorligini oshirishga, shuningdek xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Shuning bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi oʻz ishini yakunladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?