Oddiy yuk tashuvchi qanday qilib buyuk sardorga aylandi?

14:42 29 May 2020 Sport
442 0

Daniel Passarella juda kambagʻal oilada tugʻilib oʻsgandi.13 yoshga qadam qoʻyganida maktabni tashladi. Tezroq pul ishlab topishni oʻrganish niyatida tijorat bilim yurtiga oʻqishga kirdi. Ammo oʻqish kechgacha choʻzilar, Danielning futbol bilan shugʻullanishiga vaqt qolmayotgandi. Bunaqangi turmushdan qoniqmagan yigitcha oʻqishni yigʻishtirdi va qurilish firmasida yuk tashuvchi boʻlib ishlay boshladi. Ogʻir va qattiq mehnat uning muskullarini chiniqtirdi. Keyinchalik katta futbolda unga aynan shu narsaning koʻmagi tegdi.

15 yoshga kirganida Argentina poytaxtiga borib, omadini sinab koʻrdi. ”Boka Xuniors”da ham, “Independente” klubida ham u murabbiylarga yoqqandek boʻldi. Ammo ish shartnoma tuzishgacha yetib bormadi. Xafsalasi pir boʻlib ortga qaytgan Daniel “Mendan professional futbolchi chiqmaydi”, degan xayolga keldi. Oʻzi sakkiz yoshdan boshlab aʼzo boʻlgan “Arxentino” klubiga qaytdi. Darvoqe, uning otasi oʻshanda boshqa bir mahalliy klub “Resing”da ishlardi. ”Arxentino”da esa murabbiy, menejer, seleksioner, kotib kabi vazifalarning barchasini bir kishi – Karmelo Spataro bajarardi. Spataro qobiliyatli yoshlarni imkon qadar atrofiga toʻplab, ularning haq-huquqiga egalik qilardi. Mabodo, yigitchalar orasidan omadlilari chiqib nomdor klublar bilan shartnoma tuzsa pulning maʼlum bir foizi uning choʻntagiga tushardi. Spataroning biznesi shu edi.

Qizigʻi, Passarella mahoratli futbolchi darajasiga yetib, jahon chempioni boʻlganida Spataro uning bir yarim yoshli oʻgʻli bilan kelishuvga erishish taklifini bildirgandi.Goʻdak voyaga yetganida futbolchi boʻlishni xohlarmikan, deb oʻylab ham koʻrmaganini qarang.

Shu murabbiy Danielni ikkinchi divizion vakili “Sarmento”ga joylashtirib qoʻydi.Bu klubning “River Pleyt” bilan oʻrtoqlik uchrashuvi Danielning taqdirida burilish yasadi. Uni shu klubga qabul qilishdi. Bu jamoaga murabbiy oʻzgarib, uni Nestor Rossi boshqarishga kirishgan paytda Passarella uning huzuriga bordi. Yaqin oradagi oʻyinda maydonga tushish istagini bildirdi. Garchi, boʻlgʻusi raqib nomdor “Boka Xuniors” boʻlsa-da, murabbiy yigitning raʼyini qaytarmadi.Toʻgʻri, bu mavsumoldi nazorat oʻyini edi. Biroq baribir derbi nomi bor.Shu uchrashuvda Passarella raqibning oʻng qanotiga oʻyin bermadi. Gazetalar “Daniel maydonda shunday harakat qildiki, barchada u bunaqangi derbining yigirmatasini oʻtkazgandek taassurot qoldirdi”, deya yozishdi. Boshqa klublar “River Pleyt” uni bizga sotmasmikan, degan ilinjda yurishdi. Ammo raqobat naqadar kuchli boʻlmasin, qahramonimiz jamoada qoldi. Unga avvaliga 200 dollar miqdorida oylik maosh berdilar. Keyin esa ishlari yurishib, uy-joy muammosini hal etdi.

Passarella Argentina oliy divizionidagi dastlabki oʻyinini 1974-yilda oʻtkazdi.1975-yilda esa klub rahbariyati murabbiy Nestor Rossining xizmatidan voz kechdi. Uning oʻrnini egallagan Anxel Labruna jamoa oʻyinini kuchaytirdi. Natijada keyingi 18 yil ichida “River Pleyt” ilk bor mamlakat chempionligini qoʻlga kiritdi. Daniel oʻsha kezlardanoq himoyadan hujumga tashlanishni xush koʻrar, koʻp gol kiritardi. Ammo uning reydlari oqibatida jamoa himoya chizigʻida boʻshliq yuzaga kelardi. Bundan esa Labruna norozi edi. Shu boisdan murabbiy unga qanotda toʻp surishni taklif qildi. Ammo qahramonimiz taklifni rad qilib, zaxira oʻrindigʻida oʻtirishni maʼqul koʻrdi. Buni qarangki, unga yana omad kulib boqdi. Passarellaning oʻrniga maydonga tushgan Ektor Artikoning oʻyini qovushmadi. Danielning jozibador oʻyinini sogʻingan muxlislar uning maydonga qaytarilishini talab qila boshladilar. Jamoaning faxriy oʻyinchilari esa yigʻilish oʻtkazib, Passarelloning oʻynashi zarurligini, klubga uning energiyasi, temperamenti, aniq zarbasi, bosh bilan oʻynay olishi kerakligini aytishdi. Murabbiy taslim boʻldi.

1975-yilda Daniel mamlakat oʻsmirlar terma jamoasi tarkibida Fransiyada oʻtgan xalqaro turnirda gʻolib chiqdi. Oʻshanda bu jamoani mashhur murabbiy Menotti boshqarayotgandi. Aynan shu tarkibdan 1978-yilda bir necha jahon chempioni yetishib chiqqanini ham taʼkidlamoqchimiz. Xususan, 1976-yil Passarella uchun omadli keldi. Markaziy himoya chizigʻida oʻynab turib, u 35 ta uchrashuvda 24 ta gol kiritdi.Bu himoyachilar oʻrtasida oʻrnatilgan jahon rekordi sifatida tarixda qoldi.

Darvoqe, milliy terma jamoada ham bosh murabbiy unga u qadar ishonch bildirmayotgandi. Ammo 1978-yilgi jahon chempionati arafasida Menotti ikki asosiy himoyachisidan jarohat tufayli ajralib qoldi. Ularning biri Karraskos jamoa sardori ham edi. Shunda murabbiy bu vazifani kimga topshirish haqida uzoq oʻyladi va Passarella nomzodiga toʻxtaldi. Sababi oddiy edi:bu paytda qahramonimiz “River pleyt”ni sardor sifatida maydonga olib chiqayotgan, terma jamoada ham shu klub aʼzolari koʻpchilikni tashkil etardi. Buning ustiga Passarella barcha masalada Menottini qoʻllab-quvvatlardi. Masalan, mundialda ishtirok etadigan futbolchilar orasidan uch nafar ortiqcha oʻyinchi xizmatidan voz kechish kerak boʻlib qoldi. Shu uch futbolchining biri 17 yoshli Diyego Maradona boʻlgandi. Passarella shu masalada Menottining yonini oldi.

“River Pleyt”da u yetti yildan koʻproq toʻp surdi. Jamoaning yetti bor mamlakat chempioni boʻlishiga koʻmaklashdi. Uni vatanida “Buyuk sardor” deya atay boshladilar. Hatto haykal qoʻyishlariga sal qoldi. Ammo qoʻyilganida bu haykalga faqat bir kishining taʼzim qilmasligi kunday ravshan edi. Biz Maradonani nazarda tutyapmiz.

Lekin Maradonaning oʻyini kuchaygan sayin Passarellaning mavqei pasaya bordi. 1982-yilgi mundialda har ikkala futbolchining oʻz atrofiga tarafdorlarini toʻplab olishi terma jamoa oʻyiniga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Ikki qoʻchqorning boshi bir qozonga sigʻmas ekan. Jamoa jahon chempionatidan quruq qoʻl bilan qaytdi.

Menottining oʻrniga terma jamoani boshqarishga kirishgan Karlos Bilardo Maradonaning xizmatidan foydalanishni lozim topdi. Ammo jamoa mushkul ahvolga tushgan paytda Passarellaning xizmatiga tayangan chogʻlari ham uchradi. Masalan, 1986-yilgi jahon chempionati saralash bosqichining oxirgi oʻyinida jamoaning joniga Passarella ora kirdi. Peruga qarshi kechayotgan uchrashuvning 81 – daqiqasiga kelib, argentinaliklar 1:2 hisobida yutqazishayotgandi. Oʻyin shu natija bilan tugasa, ular mundial yoʻllanmasini qoʻlga kirita olishmasdi. Shunday tarang vaziyatda Bilardo Passarelloni hujumchi sifatida maydonga tushirdi va uning saʼy – harakati evaziga ikkinchi javob toʻpi kiritildi. Bu durang Argentinaga mundial yoʻllanmasini taqdim qildi. Ammo Passarellaga Meksikada boʻlib oʻtgan jahon chempionatida maydonga tushish nasib qilmadi.

Aytish joizki, qahramonimiz 1978-yilgi jahon chempionati, 1979-yilgi Janubiy Amerika chempionati gʻolibidir. U 35 yoshga kirgunga qadar toʻp surdi.Argentina va italiya chempionatlaridagi oʻyinlari davomida 134 ta gol kiritishga erishdi. Bu jahon futboli tarixida himoyachilar tomonidan qayd etilgan ikkinchi natijadir. Hammadan koʻp faqat Ronald Kuman kiritgan. Uning hisobida 193 ta gol bor.

Istam IBROHIMOV tayyorladi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?