“Odamiyning yaxshirogʻi uldurkim...” yoxud Suyima Gʻaniyevani yod etib

11:44 22 Oktyabr 2019 Madaniyat
355 0

XXI asrda yangi avlodlarga bizdan nimalar qoladi? Shubhasiz, millatning tili, bu tilda yaratilgan yuksak asarlar va ulugʻ ajdodlarimizning sharafli nomlari! Buni yurakdan his qilib, millat oydinlarini dunyoga tanitayotgan, jahonning eng nufuzli muzeylarida saqlanayotgan qoʻlyozmalarni qunt bilan oʻrganib, oʻz vorislariga topshirgan, til va millat rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan olimlarimizning izlanishlari hech qachon besamar ketmaydi.

Tilimiz jonkuyari

Oʻzbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos Suyima Gʻaniyeva Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan qator ilmiy tadqiqotlari, risolalari bilan oʻz nomini ulugʻlik pillapoyasiga koʻtargan olima edi. Buyuk ajdodimiz ijodini toʻliq anglash uchun uning asarlari izohlari, bugungi adabiy tilimizga tatbiq qilingan muqobillari, lugʻatlar muhim oʻrin tutadi.

Suyima Gʻaniyeva butun umrini mana shunday ezgu ishlarga bagʻishladi. Navoiy ijodiga murojaat qilib, ushbu buyuk zot oʻz asarlarida ona tili — turkiyning tuganmas imkoniyatlari, qudrati va quvvatini namoyon qila olganini koʻrsatib berdi. Bu boshqa turkiy shoir, yozuvchilar ijodiga beqiyos taʼsir qilganini ilmiy tadqiqotlar asosida isbotladi. Bir yogʻi Xitoy, bir yogʻi Hindiston, bir yogʻi kichik Osiyo, bir yogʻi Kavkaz hamda Volgaboʻyidan tortib, Sibirgacha choʻzilgan mamlakatlarda yashovchi turkiy xalqlar Navoiy asarlarini qanday tarjima qilib, oʻrganib kelayotgani bilan qiziqdi. Bobokalonimizning jahon qoʻlyozma fondlari va shaxsiy kutubxonalarda saqlanayotgan qoʻlyozmalarini axtarib, topib oʻrgandi.

Suyima opa Navoiy asarlarining faqat izohlari, tabdili, lugʻatlarini tayyorlash emas, oʻzbek tilidagi har bir soʻzning mazmun-mohiyati, tuzilishi, tarixiga eʼtibor qaratdi. Qadim lugʻatlarda boru, bugun muomaladan chiqib ketgan oʻzbek tilidagi soʻzlarni tikladi. Navoiy asarlari, til va uslubi vositasida oʻzbek tili grammatikasi har qanday soʻz va ifoda yaratishga qodirligini namoyon etdi. Haqiqatan ham, buyuk shoir bu tilda dunyo va milliy adabiyotimizda tengsiz xazina qoldirgan. Navoiy davridan beri necha tillar unutilib, yoʻqolib ketdi. Qancha tillar juda tor doiralardagina yashab qoldi. Suyima Gʻaniyevaning Navoiy asarlari asosida yaratgan lugʻatlari eski turkiy soʻzlarning bugungi ona tilimizga isteʼmolga kiritilishiga xizmat qildi. Masalan, oʻrta asrlarga oid koʻplab harbiy atamalar adabiy tilimizga kirib keldi. Suyima Gʻaniyeva Navoiyning serqirra ijodini oʻrganish, asarlarini boshqa tillarga tarjima qilish orqali millatparvarligi, yurtparvarligi, maʼrifatparvarligini isbotladi.

Matnshunoslik va tarjima — zahmattalab ish. Olima talabalik yillaridan koʻplab kutubxonalarda oʻtirib, Navoiy ijodining teranligi, murakkab badiiyatini xalqona tilda ochib berish yoʻllarini izladi. Zamondosh navoiyshunoslar orasida ulugʻ bobomizning tabarruk dastxatini koʻrishga musharraf boʻldi. Ungacha Navoiyning bizgacha oʻz qoʻli bilan yozgan biror asari yetib kelganmikan, degan savol atrofida fikr yuritar edik. Suyima opa 1991-yilda Firdavsiy “Shohnoma”sining 1000-yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya munosabati bilan Tehronga borib, “Koxi Guliston” nomli muzeyda Navoiy dastxatini topdi.

Suyima Gʻaniyeva 1983-yildan boshlab, 2003-yilgachanashrlar izohi va tarjimalari ustida qancha ter toʻkdi. Har bir jildi maʼnaviy-madaniy hayotimizda katta voqea boʻldi. Navoiyning tasavvufga oid asarlarining toʻliq matni doston va nasrdagi anʼanaviy “hamd”, “naʼt” qismlarini kerakli izohlari bilan tiklagan, “Munojot”, “Siroj ul-muslimin” asarlarini Navoiy asarlarining 20 jildligiga kiritgan, olti jild nashrini tayyorlagan, ikki jildga muharrirlik va yana bir jildga izohlar tuzgan. Yurtimizda Navoiyning kitoblaridan biror jildi kirib bormagan kutubxona deyarli yoʻq.

Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida: “Odamiyning yaxshirogʻi uldurkim, porso va pok boʻlgʻay va haq soʻzni ayturda bevahmu bok boʻlgʻay. Oʻzi poku, koʻzi pokni inson desa boʻlur, tili arigʻ (nozik) va koʻngli arigʻni musulmon desa boʻlur”, deydi. Suyima Gʻaniyeva tom maʼnoda, umr boʻyi shu aqidaga amal qilib yashadi. Alisher Navoiy hayoti va ijodini oʻrganib, ilmiy risolalari orqali ona tilimiz ravnaqiga beqiyos hissa qoʻshdi. Zahmatkash olimamizning ilmiy izlanishlari kelgusi avlod uchun katta maʼnaviy meros boʻlib qoladi.

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?