Odam savdosi bilan shugʻullangan ayolga sud 3,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini berdi

18:01 23 Dekabr 2019 Jamiyat
160 0

Uyiga ikki yosh ayolning xorijdan tayinli ish topishga yordam berishni soʻrab kirib kelishi Buxoro shahrida yashovchi Zilola Shoqulovani (ism-sharifi oʻzgartirilgan) sira ajablantirmadi. Axir, nega ham ajablansin? Tajribasi bor. Bir muddat Rossiyaga, bir muddat Hindistonga ishlagani bordi. Bir hind yigiti bilan norasmiy tarzda turmush ham qurdi. Hatto shu mamlakatda yashovchi, asli oʻzbekistonlik boʻlgan Gulyaxon bilan tanishligi sabab Ohista ismli qizni bu davlatga ishlagani ham yubordi.

Faqat “Bu qanaqa ish ekan”, deb soʻramang...

Zilola huzuriga kelgan har ikkala ayolning tuzukroq ish topilsa, Turkiyaga bormoqchi ekanliklarini eshitib, ularga zimdan nazar tashladi. Gap orasida Hindistonda tanishi borligini aytib, u orqali ish topish mumkinligiga ishora qildi. Oradan bir necha kun oʻtgach, ular yana Zilolanikiga kelishdi. Faqat bu safar ikki emas, uch kishi edilar.Zilola bu gal ochigʻiga koʻchdi. Hindistonda fohishalik bilan shugʻullanib, koʻp pul topish mumkinligini, ularga yordam berishini, oʻzi hisobidan aviachipta xarid qilishini aytdi. Keyinchalik ham ularga bir necha bor qoʻngʻiroq qilib, viza tayyorlab berish, yoʻl va boshqa xarajatlarni oʻzi qoplashini bildirdi. Ayollardan biri fohishalik bilan shugʻullanish niyati yoʻqligini, iloji boʻlsa, Turkiyadan ish topib berishini soʻragan edi, Hindistonga borib ishlash ham yomon taklif emasligini aytib, gapni qisqa qildi. Bu orada shu ayollarning suratlarini tanishi Gulyaxonga joʻnatib, uning roziligini ham oldi.

Zilolaning ish usuli kunday ravshan edi. Xorijda yashayotgan tanishi unga yoʻl va boshqa xarajatlar uchun pul yuboradi. Zilola bu pul evaziga fohishalik bilan shugʻullanishga rozilik bildirgan ayolni Hindistonga joʻnatadi. Faqat bir sharti bor: u bu pulni “ishlab” berishi, yaʼni qarzini uzishi, chizilgan chiziqdan chiqmasligi kerak.

“Uddaburon” nihoyat, uchala ayolni koʻndirdi. Ularni navbat bilan joʻnatadigan boʻldi. Toshkentga borib, shu ayollarning biri nomiga “Toshkent — Almati”, “Almati — Dehli” yoʻnalishiga aviachipta oldi. Buni mijoziga Qozogʻiston orqali Hindistonga borish qulayligi, u yerdan viza bor-yoʻqligini soʻrashmasligi bilan izohladi.

Zilola aeroportda Mohini kuzatib qolarkan, ish xamirdan qil sugʻurgandek oson bitdi, deb oʻylagandi. Ammo bunday boʻlib chiqmadi. Uning qilmishi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan fosh etildi. Pirovardida odil sud oldida javob berdi.

Sud ushbu jinoyat ishini atroflicha koʻrib chiqib, Z. Shoqulovani Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135 – moddasi 2 – qismining “b”, “g”, “d”, “s” bandlarida koʻrsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topdi.Muqaddam sudlanmagani, moddiy ahvoli ogʻirligi, qaramogʻida toʻrt yoshli farzandi borligi, oilasida yagona boquvchi ekanligi, jabrlanuvchilarning unga moddiy va maʼnaviy daʼvolari yoʻqligini, sodir qilgan jinoyatining ijtimoiy xavflilik darajasini hisobga olgan holda unga uch yil olti oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

Biz yuqorida bir jinoyat tafsilotini nega bayon etdik? Maqsadimiz, ota-onalar, xususan, xotin- qizlarni hushyorlikka daʼvat etishdir. Toki, ular Zilolaga oʻxshagan kimsalarning aldoviga uchib, moʻmay pul topaman, deb oʻzlarini isnodga qoʻyishmasin. Oilalari, mahallalari, ona – yurtimiz shaʼniga dogʻ tushirishmasin. Bu ish Zilolaga oʻxshaganlar uchun ham saboq boʻlsin. Zero, xalqimizning ardoqli shoiri Abdulla Oripov yozganidek, “Sizning yuzingizdan chimmatni oldik, Hayo pardasini olganimiz yoʻq”.

Farrux Tursunov,

jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro viloyat sudi sudyasi.

Xushvaqt Qurbonova,

mazkur sudning targʻibot ishlari boʻyicha masʼul xodimi.

“Xalq soʻzi“


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?