“Ochiq adliya”: fuqarolik jamiyati tomon dadil qadam

19:37 19 Mart 2019 Jamiyat
162 0

Illyustrativ foto

Adliya vazirligi tomonidan tizimdagi ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida hamda korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali mexanizmi sifatida yana bir loyihaga qoʻl urildi. Bu haqda Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Vazirlik faoliyati haqida keng jamoatchilikka muhim axborotlar berish, ularning huquqiy maʼlumotlarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashga qaratilgan “Ochiq adliya” (“Open Justice”) ijtimoiy dasturi tasdiqlandi.

Tez surʼatlarda rivojlanib borayotgan dunyo davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqligi, ularning fuqarolar bilan interaktiv faoliyatini rivojlantirishni talab etmoqda. Ayniqsa, aholi oʻrtasida internetdan foydalanuvchilar soni koʻpligi va zamonaviy texnologiyalarning ommalashayotganini inobatga olsak, fuqarolar bilan ishlaydigan har bir tashkilot oʻz faoliyatini yangi bosqichga koʻtarishi lozim. Adliya vazirligi tomonidan “Ochiq adliya” (“Open Justice”) ijtimoiy dasturini qabul qilishdan koʻzlangan maqsad ham aslida shu.

“Ochiq adliya” ijtimoiy dasturini ishlab chiqishga qanday omillar sabab boʻldi? Dastur loyihasi fuqarolarga qanday imkoniyatlarni taqdim etadi? Bu haqda quyida batafsil maʼlumot olishingiz mumkin.

Video va audio-yozuvga ruxsat beriladi

Adliya vazirligi eʼtibordan chetda qolayotgan jihatlar, oʻz vazifasini lozim darajada bajarmayotgan xodimlarni aniqlash boʻyicha jamoatchilik yordamidan foydalanishga qaror qildi.

Shu maqsadda jismoniy hamda yuridik shaxslarning vakillariga adliya organlari binolarida audio-video yozish moslamalaridan foydalanishga ruxsat beriladi. Notarial idoralar va davlat xizmatlari markazlari xodimlarining oʻz vazifalarini bajarishda yoʻl qoʻyayotgan kamchiliklari ustidan internet orqali tezkor shikoyat yoʻllash tizimi yaratiladi, bunda xodimning aybi aniqlangan holatlar keng yoritib boriladi. Oʻz vazifalarini lozim darajada bajara olmayotgan xodimlar reytingi shakllantirilib, ularning malakasini oshirish boʻyicha ishlar olib boriladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda faol muloqotlar oʻtkaziladi

Bu zamonaviy tajribani qoʻllagan holda, vazirlikning “Facebook” ijtimoiy tarmogʻidagi “Adliya bilan muloqot” hamda “Huquqiy axborot” telegramm kanali har bir chiqayotgan qonun hujjatining mazmunini sodda, tushunarli tarzda fuqarolarga yetkazib bermoqda. Keng muhokamaga sabab boʻlayotgan qonun hujjatlari loyihalari yuzasidan berilgan huquqiy ekspertiza xulosasining mazmuni ham ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi.

Murojaat yuborish osonlashadi

Adliya vazirligi veb-saytida jismoniy va yuridik shaxslar adliya organlariga yuborilgan oʻz murojaatlarini kuzatib borishlari mumkin. Shuningdek adliya organlari xodimlari ustidan berilgan hamda oʻz tasdigʻini topgan shikoyatlar haqida maʼlumot olish imkonini beruvchi maxsus platformani ishga tushirish ham nazarda tutilmoqda.

Xodimlar bir-birini nazorat qiladi

Vazirlik oʻz binosidagi xonalarning joylashish strukturasini ham qayta koʻrib chiqdi. Xodimlar keng maydonda bir birini bemalol kuzata oladigan darajada joylashtirildi. Tashkilotga kelgan fuqarolar ham xodimlar qanday ish bilan band boʻlishini oʻz koʻzlari bilan koʻrishlari mumkin. Sodda qilib aytganda devorlar va eshiklar endi shaffoflikni taʼminlaydi. Bu usul korrupsiyaviy omillarning ham olini oladi. Hozirgi paytda mazkur tartibdagi xonalardan dunyoning koʻplab rivojlangan mamlakatlarida ham foydalanilmoqda.

“Ochiq eshiklar kuni”

Vazirlik faoliyati bilan yaqindan tanishishni istovchilar uchun vazirlik yana bir imkoniyatni taqdim etmoqda. Endilikda yiliga kamida 2 marotaba Adliya vazirligi markaziy apparatida, Davlat xizmatlari agentligida, adliya organlari va muassasalarida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari oʻtkaziladi.

Xarajatlar eʼlon qilib boriladi

Bundan tashqari, Adliya vazirligi va uning tarkibiy boʻlinmalarining moliyaviy faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlar vazirlikning veb-saytida eʼlon qilinadi. Bunda xarajatlar, ularning bajarilishi bilan bogʻliq hisobotlar, xarid qilish bilan bogʻliq shartnomalar roʻyxati bilan tanishish mumkin boʻladi.

Adliya hisobot beradi

Yana bir muhim yangiliklardan biri, bu — adliya organlarining har yil yakuni boʻyicha aholiga bajarilgan ishlar yuzasidan hisobot berishidir. Mazkur tashabbus 2018 yil yakunlari boʻyicha amalga oshirildi va “Adliya hisobot beradi” nomli risola tayyorlanib, keng jamoatchilikka taqdim etildi. Endi ushbu hisobot anʼanaviy tarzda har yili taqdim qilinadi.

Shu oʻrinda yana bir maʼlumot: 2018 yili davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlarining “Ochiqlik indeksi” boʻyicha reytingi eʼlon qilingan edi. “Ochiqlik indeksi” reytingi 59 ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organini qamrab oldi. Mazkur reytingda Adliya vazirligi birinchi oʻrinni egalladi hamda 88,12 ball toʻpladi.

Hech qaysi idora oʻz xodimlarini toʻliq nazorat qila olmaydi. Bunga resurs yetmaydi. Shu sababli muammoning yechimi sifatida jamoatchilik nazorati va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish har doimgidan ham dolzarb boʻlmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?