Oʻzbekistonning iqtisodiyotdagi kelajagi qanday? Javoblar amaliy misollarda

15:48 11 Noyabr 2019 Iqtisodiyot
427 0

Qiziq, nega ayrim mamlakatlar boy boʻlsa, boshqalari kambagʻal? 

Bu savol atrofidagi bahs-munozaralar hech qachon tugamasa kerak. Sababi iqtisodiyoti baquvvat davlatlarning muvaffaqiyat sirlari haqida keltirilayotgan asosiy omillar bilan tanishib, ular inkorini xohlagancha topish mumkin. Masalan, ayrim toifa odamlar yer osti boyliklari koʻp mintaqadagi mamlakatlar boy boʻladi, deb hisoblaydi. Ammo bugun iqtisodiyoti hammadan ilgarilab ketayotgan Singapur, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy yer usti yoki yer osti resurslari koni emas-ku?!

Boshqalarning nazdida, qadimdan sivilizatsiya markazi boʻlgan, boy madaniy-ilmiy merosga ega davlatlar nisbatan tez rivojlanadi. Shunday boʻlgan taqdirda, ayrim kichik-kichik davlatlar hali-beri jahon bozori “darvozasi”ga ham yaqin kelmasligi kerak edi. Xuddi shuningdek, ummon va dengizlardan uzoq boʻlish ham taraqqiyotga gʻov boʻlolmaydi. Gap boshqa joyda. Qayerdaki, iqtisodiy islohotlarning eng maqbul yoʻli tanlanib, ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarish toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa, oʻsha davlat rivojlanadi, tabiiyki, boy boʻladi.

Bu yirik investor, Oʻzbekistonga ishlab chiqarishning klaster usulini olib kirishga intilayotgan taniqli tadbirkor Murtazo Rahmatovning mulohazalari edi. U Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar yangilanayotgan Oʻzbekistonning zamonaviy qiyofasini yaratib, iqtisodiyot tarmoqlari rivojida katta imkoniyatlar eshigini ochib berayotganini taʼkidlaydi.

Oʻzbekistonda yashash, biznes yuritish trendga aylanadi

Darhaqiqat, keyingi paytda Oʻzbekiston iqtisodiyoti ochilmoqda. Islohotlarni liberallashtirish, biznes yuritishni soddalashtirish, investorlarga qulay shart-sharoit yaratish boʻyicha zarur barcha chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Bu esa mahalliy va xorijiy investorlarning eʼtiborini tortayotgani aniq.

— Yaqin istiqbolda Oʻzbekistonda yashash, biznes yuritish trendga aylanadi, — deydi suhbatdoshimiz M. Rahmatov. — Chet ellik investorlar oʻz biznesini shu yer bilan bogʻlashga harakat qiladi. Xorijlik tadbirkorlar bilan suhbatlarda shu gapni koʻp aytaman. Hozir Oʻzbekistonga investitsiya kiritishning ayni fursati, keyin kech boʻlishi mumkin. Chunki iqtisodiyot tarmoqlarida investitsiyaga chanqoqlik bor. Bevosita davlat rahbari tadbirkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarida xususiy sektor ulushini koʻpaytirishga jiddiy eʼtibor qaratayotgani shaxsan men uchun yangi loyihalar ustida ishlashga katta turtki boʻlyapti.

Aytish joizki, investor dastlab Buxoro, keyin Toshkent viloyatida paxta-toʻqimachilik klasterini joriy qildi. Bu yil esa Surxondaryoda zamonaviy sement zavodini ishga tushirdi.

Jarqoʻrgʻon tumanining Yangiobod mahallasida barpo etilgan ushbu zavod oʻrni yaqin-yaqingacha yaydoq joy boʻlib, qum uyumlariyu yakkam-dukkam choʻl oʻsimliklarini aytmaganda, boshqa hech narsa yoʻq edi. Bugun esa manzara butkul boshqacha. 84 gektar maydonni egallagan ulkan ishlab chiqarish majmuasi hududga oʻzgacha joziba bagʻishlagan. Ayniqsa, tunda u yanada goʻzallashib ketadi. Bino-inshootlardagi son-sanoqsiz chiroqlar yogʻdusida bamisoli koʻz oʻngingizda mashhur “Titanik” kemasi gavdalanadi.

“Surxonsementinvest” xorijiy korxonasining loyihaviy qiymati qariyb 144 million AQSH dollariga teng. Zavod toʻliq quvvat bilan faoliyat koʻrsatishga oʻtgach, yiliga 1,2 million tonna sement ishlab chiqarilib, uning 750 ming tonnasi eksport qilinadi. Birinchi bosqich doirasida esa salkam 80 million dollar oʻzlashtirilib, “M-500” markali sement ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Soha mutaxassislarining eʼtirof etishicha, bu korxonaning afzalliklari koʻp. Masalan, u Avstriya, Germaniya, Italiya, Rossiya va Xitoydan keltirilgan eng soʻnggi rusumdagi texnologik liniyalar va resurs tejamkor uskunalar bilan jihozlangan.

— Zavodda sementning asosiy tarkibiy xom ashyosi boʻlgan klinker quruq usulda tayyorlanadi, — deydi korxona bosh direktori oʻrinbosari Dilshod Ahmedov. — Yana bir eʼtiborli jihati, buning uchun tabiiy gazdan emas, koʻmirdan foydalanamiz. Bu mahsulot tannarxi turdoshlariga nisbatan ancha arzon boʻladi, deganidir.

Zavodning 700 kishilik jamoasi nafaqat mahsulot bahosini arzonlashtirish, balki uning sifatini ham tubdan yaxshilash niyatida. Shu maqsadda sement sanoatida yangi boʻlgan texnologik liniyadan foydalanilyapti.

Gap shundaki, tegirmonlar valli boʻlib, bu energiya resurslarini tejash barobarida, “M-500”, “M-600”, “M-700” markali sement ishlab chiqarish imkonini beradi.

Yoʻlsozlikdagi ilk klaster

Mamlakatimiz janubidagi mazkur yirik korxona hududda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishdan tashqari, yoʻlsozlikda ilk klaster paydo boʻlishiga zamin yaratdi.

— Biznes rivojlanishi uchun, avvalo, infratuzilma, yoʻl boʻlishi kerak, — deydi M. Rahmatov. — Ammo aksariyat joylarda, ayniqsa, chekka hududlarda yoʻllarning hozirgi ahvoli koʻngildagidek emas. Ularni yaxshilash uchun nima qilish kerak? Qanday yoʻl yaxshi boʻladi? Oʻrganishlarimizga koʻra, 20 — 30 santimetr beton va usti 5-6 santimetr asfalt qoplamali yoʻl — eng yaxshisi ekan. Faqat qurilishda “M-500” va undan yuqori markadagi sement, shuningdek, qattiq shagʻaldan foydalanish talab etiladi. Bu borada bizda muammo boʻlmaydi. Yoʻlsozlik uchun zarur qurilish ashyolarining barchasi shu yerning oʻzida ishlab chiqariladi. Shagʻal korxona qoshida Fransiya texnologiyasi asosida tayyorlanayotgan boʻlsa, bitum klasterga aylantirilishi rejalashtirilayotgan Jarqoʻrgʻon neftni qayta ishlash zavodi tomonidan yetkazib beriladi.

Yaqinda davlatimiz rahbarining zavodimizga tashrifi chogʻida Jarqoʻrgʻon neft konlarida geofizik qidiruv, burgʻilash, qazib olish, qayta ishlash va sotish jarayonlarini toʻliq qamrab oladigan klasterni tashkil etish loyihamizni taqdim etdik. U Prezidentga maʼqul keldi. Endi bu yerdagi neft qazib olish, yetkazib berish va qayta ishlash quvvatlari birlashtirilib, ish bir tizimda olib boriladi.

Tadbirkorning aytishicha, Termizdan Dushanbegacha boʻlgan xalqaro ahamiyatga ega yoʻl klaster usulida bunyod etiladi. Ayni maqsadda xorijdan 50 nafar yetuk muhandis-texnolog jalb qilinadi. Shu maʼnoda, 1500 dan ziyod mahalliy mutaxassislar uchun qurilish jarayoni ham ish, ham tajriba maydoniga aylanadi. Xalqaro standartlar asosida yoʻl qurish sir-sinoatini puxta oʻzlashtirgan oʻzimizning qorakoʻzlar esa yana ming-minglab ishchilarga ustozlik qiladi. Natijada ilgʻor texnologiyalarni oʻrgangan zamonaviy mutaxassislar avlodi paydo boʻladi.

Yoʻlsozlik korxona faoliyatidagi bir yoʻnalish, xolos. Klaster doirasida kelgusida 12 million dollardan ziyod investitsiya jalb qilinib, quruq qurilish aralashmalari, gidratlangan ohak, temir-beton mahsulotlari ham tayyorlash rejalashtirilmoqda.

Katta bozorga kiramiz

Sement zavodi ish boshlaganiga hali koʻp boʻlmasa-da, uning ovozasi qoʻshni davlatlarga ham yetib boribdi. Buni hozirdanoq hamkorlik qilish, mahsulot olish niyatidagi koʻplab chet el kompaniyalari vakillari tashrif buyurayotganidan ham ilgʻash mumkin. Biz ishlab chiqarish maydonida afgʻonistonlik tadbirkorlar bilan uchrashib qoldik. Muhammad Alim ulardan biri boʻlib, u mehnat qilayotgan Mozori-Sharifdagi kompaniya qurilish tashkilotlariga sement yetkazib berishga ixtisoslashtirilgan ekan.

— Hozirgi paytda sementni, asosan, Pokiston va Erondan olib kelyapmiz, — deydi u. — Oʻzbekistonning bizga eng yaqin viloyatida shunday mahsulot ishlab chiqaradigan zavod faoliyat boshlaganini eshitib, darhol yoʻlga chiqdik. Mana, uning faoliyati bilan tanishdik, savdo boʻyicha muzokaralarga kirishdik. Quruq qoʻl bilan qaytmoqchi emasmiz. Dastlab kichik hajmda mahsulot olish boʻyicha kelishuvga erishmoqchimiz.

Xorijlik mutaxassisning fikricha, “Surxonsementinvest” xorijiy korxonasi bilan hamkorlik oʻrnatilsa, har tomonlama yutadi. Masofa yaqinligi tufayli logistika xarajatlari oshib ketmaydi. Mahsulot yetkazib berish uchun esa poyezdni kutib oʻtirmasdan, avtopoyezdlardan ham bemalol foydalansa boʻladi.

Oʻzbekiston tomoni uchun ham foydali jihatlar kam emas. Birgina Kobulda yaqin istiqbolda xalqaro moliyaviy tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladigan uchta halqa yoʻli, temir yoʻllar, koʻplab koʻprik va boshqa inshootlar qurilishini inobatga oladigan boʻlsak, Afgʻoniston biz uchun katta bozor ekanligi maʼlum boʻladi. Zamonaviy quvvatning aynan Jarqoʻrgʻonda qurilishi zamirida esa oʻsha katta bozorni oʻzlashtirish maqsadi mujassamdir. Negaki, bu yerda temir yoʻllar uchun shpallar va boshqa temir-beton materiallar ham tayyorlash saʼy-harakatlari boshlangan.

Manfaatlar uygʻunlashsa, rivojlanish boʻladi

Avvaliga paxta-toʻqimachilik sohasida klasterlar paydo boʻlgan boʻlsa, bugun u boshqa sohalarga ham sekin-asta kirib bormoqda. Uning ommalashish sababi nimada? Afzalliklari qayerda koʻzga tashlanadi?

Mutaxassislarning fikricha, klasterni hamma sohaga tatbiq qilish kerak. Binobarin, Prezident tomonidan ilgari surilayotgan ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarishning yangi usulida manfaatlar uygʻunlashadi. Yaʼni xom ashyo yetkazib beruvchidan tortib, uni chuqur qayta ishlab, qoʻshimcha qiymat yaratuvchilarning barchasi bir joyda birlashadi. Koʻriladigan pirovard natijadan esa tepadan quyi boʻgʻingacha ishtirokchilarning barchasi birdek bahramand boʻladi. Bunday joyda esa rivojlanish kuzatiladi.

— Loyihalarimizdagi dastlabki natijalardan ayonki, klaster mazmun-mohiyatiga koʻra, xalqni farovon, elni boy qilishga xizmat qilyapti, — deydi M. Rahmatov. — Ayniqsa, agrar sohani busiz rivojlantirib boʻlmaydi. Buxoro va Toshkent viloyatlaridagi paxta-toʻqimachilik klasterlarimiz faoliyati bilan tanishib, ishchi-xodimlarimiz bilan gaplashib koʻring, bunga oʻzingiz ishonch hosil qilasiz. Misol uchun, ishchilarning oʻrtacha oylik maoshi 2,2 million soʻmni tashkil etmoqda. Muhimi, ular mavsumiy emas, doimiy ish bilan taʼminlangan. Bu dastlabki natijalar, xolos. Yaqin orada 12 ming bosh qoramol parvarishlashni yoʻlga qoʻyib, sut va goʻshtni qayta ishlash zavodlarini ishga tushirsak, daromad yana ortadi. Undan soʻng bizga shubha bilan qaraganlar ham klasterning afzalligiga ishonch hosil qiladi.

Bu yerda gap ishchi-xodimlar uchun “Ijtimoiy savatcha”ni joriy qilish haqida ketmoqda. Bu nima degani? Har bir xodimga har haftada bir savatdan oziq-ovqat mahsulotlari beriladi. Unda 5 kilogrammdan goʻsht, yogʻ, un, kolbasa, 1 kilogrammdan sariyogʻ va pishloq boʻladi. Hozirgi hisob-kitoblarga qaraganda, “Ijtimoiy savatcha”ning bittasi uchun ishchilar oylik maoshidan 50 ming soʻmdan pul ushlab qolinadi. Hamma xom ashyo va mahsulotlar klasterda yetishtirilgani uchun mahsulot tannarxi juda arzonga tusharkan. Natijada qishloq aholisini ijtimoiy himoya qilish imkoniyati kengayarkan.

Bugungi kunda Buxoro, Surxondaryo va Toshkent viloyatlaridagi klasterlarda 14 ming nafar kishi ishlaydi. Qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilishi hisobiga yaqin ikki oyda bu koʻrsatkich 17 mingga yetishi kutilyapti. Natijada davlatga toʻlanadigan soliq 13 mlrd. soʻmga yetadi.

Organik dehqonchilik — navbatdagi marra

Hozirgi kunga qadar klaster loyihalari doirasida paxta tolasi va chigitini qayta ishlash yoʻlga qoʻyildi. Hademay quvvatlar yanada koʻpayadi. Axir bir tarmoq boshqa yoʻnalishlar rivojiga keng yoʻl ochayotir. Masalan, chorvachilik yoʻlga qoʻyilgach, biogaz va biogumus olina boshlanadi.

Loyiha tashabbuskorining fikriga koʻra, biogumus goʻsht va sutni qayta ishlashdan keladigan daromaddan ham koʻp foyda berarkan. Bunday oʻgʻit organik dehqonchilikning asosini tashkil etadi-da!

Shu jihat hisobga olingan holda, kelgusida mineral oʻgʻit va kimyoviy vositalardan butunlay xoli boʻlgan organik dehqonchilik yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan. Sababi bu usulda yetishtirilgan mahsulotga talab nihoyatda katta. Ehtimol, oddiy qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan jahon bozoriga kirish qiyindir. Lekin organik mahsulotlarning savdo yoʻli hozircha ochiq. Bundan foydalanib qolishning ayni mavridi keldi.

Suhbatdoshimiz ushbu loyihalarning barchasi ikki-uch yil ichida toʻliq ishga tushib ketishini aytadi. Binobarin, Prezidentimiz gʻoyasi asosida hayotga tatbiq qilinayotgan klaster ishlab chiqarishga innovatsiyalarni kengroq jalb etish orqali iqtisodiyotni tubdan rivojlantirish, pirovardida, jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulotlar yetkazib berish, aholi turmushi farovon boʻlishiga xizmat qiladi.

Said RAHMONOV, Ilhom RAHMATOV

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?