Nukusda “Guloyim” operasining taqdimoti boʻlib oʻtdi

10:03 07 Oktyabr 2019 Madaniyat
83 0

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida “Guloyim” operasining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston sanʼat arbobi Najimaddin Muxammedinov “Qirqqiz” dostoni asosida yozgan, librettosi esa Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Guliston Matyoqubova tomonidan tayyorlangan mazkur operada Guloyim boshqargan qirq qizning ozodlik uchun kurashi tasvirlanadi.

Operada asosiy rollarni mahorat bilan ijro etgan iqtidorli aktrisa Mehribon Jiyemuratova, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Eliza Aytniyazova, Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Dariboy Xojambergenov va boshqalar tomoshabinlarning olqishiga sazovor boʻlishdi.

Taqdimotdan soʻng soʻzga chiqqanlar, yigʻilganlarni qoraqalpoq madaniyati va sanʼatidagi ushbu tarixiy voqea bilan qizgʻin qutlashdi.

Shu tariqa, teatr jamoasi tomonidan “Ajiniyoz”, “Toʻmaris” operalari, “Oyjamol”, “Qirqqiz” baletlaridan keyin “Guloyim” qoraqalpoq milliy operasining sahnalashtirilganligi sanʼatsevarlar uchun ajoyib tuhfa boʻldi.

Hidoyat AHMEDOV(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?