Non mahsulotlari tarkibida narkotik moddalar koʻpaygani aniqlandi

15:04 04 Mart 2019 Dunyo
743 0

Illyustrativ foto

Fransiyada koʻknor urugʻidan tayyorlangan bulochka va boshqa pishiriqlar tarkibida narkotik moddalar miqdori oshib ketgani haqidagi xabarlardan soʻng tekshiruvlar boshlandi.

Bugungi kunda shunday non mahsulotlari sotuvdan olib qoʻyilgan. Ekspertlar koʻknor urugʻidan tayyorlangan mahsulotlarni isteʼmol qilmaslikni tavsiya etyapti.

Fransiya raqobat, isteʼmol va firibgarlikka qarshi kurashish masalalari bosh boshqarmasi(DGCCRF) ham tekshiruvlar natijasi aniq boʻlmaguncha bu haqda ogohlantirgan.

Gap shundaki, Parij toksikologiya markazida koʻknor urugʻidan tayyorlangan pishiriqlar isteʼmol qilgan odamlar topshirgan tahlilda morfin va kodein miqdori koʻpayib ketgani aniqlangan. Shundan soʻng yuqorida nomi aytilgan idora tekshiruv oʻtkazilishini maʼlum qilgandi.

Mutaxassislar ushbu mahsulotlar tarkibidagi koʻknor urugʻini tekshirganda ularda yuqoridagi moddalar konsentratsiyasi koʻp ekanligi ayon boʻlgan.

Toksikologiya markazi professori Jan-Klod Alvarez tekshirilgan har bir mahsulotda 4 mg. morfin topilganini aytgan. Odatda koʻknor urugʻida opium alkaloidlari mavjud boʻlmaydi. Ekspertlarning fikricha, bulochka va bagetlarga ishlatilgan urugʻga koʻknor sharbati tushgan boʻlishi mumkin. Toksikologiya markazi ikki nafar xodimining ahvoli ham koʻknor urugʻli pishiriq tanovul qilgandan soʻng yomonlashgan. Mahsulotda 8 mg. morfin mavjudligi aniqlangan. Bu esa onkologik kasallarga tayinlanadigan dori tarkibidagi narkotik modda miqdori bilan teng.

“Koʻknor urugʻidan qilingan mahsulotlarni isteʼmol qilganlarning barchasida lanjlik, xotira chalkashligi, charchoq, ogʻizning qurib qolishi, qayt qilish va boshqa salbiy alomatlar kuzatilgan. Ular yaqin oradagi toksikologik markazga murojaat qilishlari kerak. Bunday belgilar eng koʻp homilador ayollar, emizikli onalar, bolalarga zarar yetkazadi”, - deyilgan DGCCRF ogohlantirish xatida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?