Noxushliklarni islom diniga bogʻlashdan maqsad nima?

18:36 23 May 2019 Madaniyat
311 0

Soʻnggi vaqtlarda internet tarmoqlarida “imom unday boʻldi”, “masjid bunday boʻldi” qabilidagi iddaolar aks etgan materiallar tez-tez koʻzga tashlanmoqda. Jumladan, “Denovda hamshahriga marixuana bergan masjid noibi qoʻlga olindi”, “Uyi tomsiz qolgan imomga yordam beraylik”, “Dahshatli alangadan moʻjiza tufayli omon qolgan imom zudlik bilan operatsiya qilinishi zarur” kabi maqolalar eʼlon qilindi. Xoʻsh, bunday chiqishlardan maqsad nima? Ularda haqiqat va xolislikka qay darajada amal qilinyapti?

Afsuski, bu savollarning barchasiga ham ijobiy javob berib boʻlmaydi. Baʼzi materiallarda haqiqiy voqelikka ters borish, shov-shuv ortidan quvish, oʻquvchilar eʼtiborini koʻproq jalb qilish, hatto fitna-fasodlarni koʻpirtirish holatlari kuzatilmoqda. Masalan, yaqinda eʼlon qilingan “Qoʻqonda imom yordamchisi giyohvand moddalar bilan qoʻlga tushdi” sarlavhali xabarda kosibchilik bilan shugʻullanib, shu bilan birga, Qoʻqon shahridagi masjidlardan birida imomga yordamchilik qilib kelgan bir shaxs giyohvand moddalar bilan qoʻlga tushib, jazo tayinlangani haqida gap boradi.

Shu oʻrinda kishini oʻyga toldiradigan jihat: asosiy kasbi kosibchilik boʻlgan insonning imomga yordamchilik qilganini (“yordamchi” degan shtat yoʻq) sarlavhaga olib chiqishdan maqsad nima? Nega sarlavha “Kosib giyohvand moddalar bilan qoʻlga tushdi” shaklida emas? Boz ustiga mazkur shaxs oʻtgan yili ishdan boʻshab ketganiga nima deysiz?..

Jinoyat qilgan odamning dinga munosabati, masjidga aloqasi oldingi planga olib chiqilmasligi lozim. Bu odam jinoyat qilgan ekan, qonuniy jazosini oldi. Biroq har qanday imkoniyatdan foydalanish ilinjida diniy idora, masjid yo imom, umuman, islom shiorlarini yomonotliq qilishga urinish toʻgʻri emas, hatto gunohdir.

Internetdagi betizgin erkinlik sababli baʼzilar hurmat-ehtirom kabi insoniy tuygʻularga, qonun-qoida kabi meʼyorlarga rioya qilmayotgani ham koʻzga tashlanmoqda. Alloh taolo Qurʼoni karimda: “U (inson) biron soʻzni talaffuz qilmasmagar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir boʻlgan bir kuzatuvchi (farishta u soʻzni yozib olur)”, deb bayon qilgan (Qof surasi, 18-oyat). Ushbu oyati karimadan jurnalistlarning ham aytganlari va yozganlarini muakkal farishtalar yozib borishi, vaqti yetib daftar koʻtarilganda bugun yozganlarimiz ertaga oʻzimizning foydamiz yoki zararimizga hujjat boʻlishi ayon boʻlmoqda.

Shunday ekan, biror soʻzni aytishdan, yozishdan oldin Alloh taolo va Uning Rasulining bizni ogohlantirgan kalomlari, ajdodlarimiz ibrati, islom dini qadr-qimmati haqida oʻylasak, buning javobgarligi hamda masʼuliyatini yanada teranroq anglagan boʻlar edik.

Aytish joizki, hammani lol qoldiradigan material yozaman, deb arzon shuhratga uchib, noxolis yoʻldan borish jurnalistika etikasiga ham, millatimiz axloqiga ham, dinimiz taʼlimotiga ham mutlaqo toʻgʻri kelmaydi.

Toʻgʻri tushunamiz, oʻsha jinoyatchining asl kasbi qolib, imomga yordamchi ekanining sarlavhaga chiqarilishining ham oʻziga yarasha sabablari bor: dindor odam jinoyatchi boʻlmaydi, dindor odam ogʻufurushlik bilan shugʻullanmaydi, dindor odamning bu kabi qabihlik bilan shugʻullanishi boshqalarnikidan ikki chandon dahshatli hodisa sanaladi... Maqolaga sarlavha qoʻyilganda ana shu jihatlarga eʼtibor qaratilgan. Biroq oʻquvchini qiziqtirish, jinoyatning koʻlamini boʻrttirib koʻrsatish uchun qoʻlga tushgan jinoyatchilarning namoz-niyozi borini dinga bogʻlayverish odamlarda din va dindorlarga nisbatan salbiy fikrni shakllantirishga, ulardan hadiksirashga sabab boʻlib qolishi mumkin.

Ana shundan ehtiyot boʻlgan maʼqul, azizlar.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?