Nogironlikni belgilashda sansalorlik boʻlmaydi

04:23 23 May 2020 Siyosat
86 0

Bugun jamiyatda taqdir taqozosi bilan tugʻma xastalik yoki hayot davomida orttirilgan biror ogʻir kasallik va favqulodda holatlar tufayli mehnat qobiliyatini yoʻqotgan insonlarga boʻlgan eʼtibor kuchaymoqda.

BMTning nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasiga muvofiq, nogiron soʻzi oʻrniga “nogironligi boʻlgan shaxs” atamasi tatbiq etilmoqda. Bu atamaning kiritilishida nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi, oʻz salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoit yaratishni maqsad qilingan. Maʼlumotlarga koʻra, bugun sayyoramizda salkam bir milliardga yaqin nogironligi boʻlgan shaxslar hayot kechirmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2017-yil 1-dekabrda qabul qilingan “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bu boradagi ishlarda muhim huquqiy asos boʻlmoqda.

Ushbu hujjatda belgilangan chora-tadbirlar izchillik bilan hayotga tatbiq etilishi natijasida keyingi yillarda oltmish toʻrt ming nafar yolgʻiz keksalar, pensionerlar va nogironligi boʻlgan shaxslar uyida tibbiy-ijtimoiy xizmat bilan qamrab olindi. Reabilitatsiya texnik vositalari va protez-ortopediya buyumlariga muhtoj boʻlganlarga yuz ming dona shunday vositalar yetkazib berildi. Tibbiy-ijtimoiy muassasalarda ikki yuz milliard soʻmdan koʻproq qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Mamlakatimizda aholining ushbu qatlamini manzilli ijtimoiy himoya qilish, nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatishning barqaror tizimi joriy etilgan.

Joriy yil 2-mart kuni qabul qilingan “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” Farmonda jamiyatimizning boshqa sohalari kabi bu yoʻnalishda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab berildi. Bu chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etish bizning zimmamizga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Avvalo, zamon talabi va aholi ehtiyojidan kelib chiqib sohaning huquqiy asosini takomillashtirish dolzarb ahamiyatga ega.

Taʼkidlash kerak, “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonun qabul qilinganiga oʻn toʻrt yil boʻldi. Mazkur qonunda nogironlikka asosan tibbiy tushuncha sifatida yondashilib, bunday insonlarning jamiyatga faol integratsiyalashuvini taʼminlash borasida huquqiy asoslar yetarli aks ettirilmagan. Soʻnggi yillarda sohaga yangicha yondashuvlar kirib kelmoqda.

Xalqaro tamoyillar va milliy qonunchiligimiz tajribasidan kelib chiqqan holda, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari va manfaatlarini keng qamrovda himoyalay oladigan yangi qonun ishlab chiqish va qabul qilish zarurati yuzaga keldi. Bugungi kunda parlament parlament quyi palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi yangi qonun loyihasida ana shunday ustuvor vazifalar oʻz ifodasini topgan.

Milliy qonunchilikda mavjud boʻlmagan “nogironlik belgisi boʻyicha kamsitish”, “nogironligi boʻlgan shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari”, “protez-ortopediya buyumlari”, “abilitatsiya”, “surdotarjima”, “surdotexnik vositalar”, “tiflotexnik vositalar” kabi yangi tushunchalar birinchi marta aks ettirilmoqda.

Nogironligi boʻlgan shaxslarning tibbiy-ijtimoiy himoyasi haqida gapirilganda, tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyalari (TMEK) tomonidan nogironlikni belgilash, nogironlikni qayta-qayta tasdiqlash kabi muammolar eʼtirozlarga sabab boʻlayotganini eshitamiz.. Amaldagi tartibda belgilangan muddatdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladigan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanmagani sababli ayrim hollarda nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan shaxslardan ham har olti oyda yoki yiliga bir marta shifoxonalarda davolanish talab qilinmoqda.

Mazkur muammolarni hal etish maqsadida nogironlikni belgilash mexanizmlarini va uning muddatlarini, tegishli meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan bir qator yangi normalar qonun loyihasiga kiritilmoqda. Jumladan, nogironlikni belgilash yangi qonun loyihasida tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari va oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan bolalar pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshirilishi belgilanyapti. Bundan tashqari, nogironlik belgilari yaqqol koʻrinib turgan bemorlarni ortiqcha tashxis-tekshiruvlari oʻtkazmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalariga yuborish tartibi kiritilmoqda.

Fuqaroning sogʻligi taqozosi bilan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga borolmasligi davolanayotgan tibbiy muassasa tomonidan tasdiqlansa, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza ushbu shaxsning uyida oʻtkazilishiga ruxsat berilmoqda.

Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari ishini tashkil etishda kerakli tibbiy uskunalar bilan jihozlangan davlat tibbiyot muassasalariga biriktirib qoʻyilishi ham komissiya ishini tezlashtirishda muhim hisoblanadi.

Qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi, Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati, Nogironlar assotsiatsiyasi kabi bir qator davlat va jamoat tashkilotlar vakillari ishtirokida muhokama tashkil etildi. Shuningdek, keng jamoatchilik fikr-mulohazalari va takliflari asosida shu kunlarda qonun loyihasi ikkinchi oʻqishga tayyorlanyapti.

Bir soʻz bilan aytganda, qonun loyihasining qabul qilinishi nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni jamiyat hayotida faol ishtirok etishida muhim omil boʻladi.

Muxtorjon HOJIMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?