Nogironligi yaqqol koʻrinib turgan odam qayta tibbiy koʻrikdan oʻtishi shartmi?

18:02 28 Fevral 2020 Siyosat
166 0

Bu aslida shart boʻlmasa ham amaldagi tartib boʻyicha nogironlar tibbiy koʻrikdan oʻtib, ovora boʻlmoqda. Bu holatni Senat raisi “oyogʻi yoki qoʻli yoʻq nogironning shu aʼzosi qayta oʻsib chiqmaydi-ku?!”, deb keskin tanqid qildi.

Senat yalpi majlisida tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va nogironlikni aniqlash holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborishga oid masala koʻrib chiqildi.

Ushbu masala yuzasidan Senat aʼzosi, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi aksiyadorlik jamiyati direktori Ravshanbek Qurbonov soʻzga chiqib, nogironligi boʻlgan shaxslarni manzilli ijtimoiy himoya qilish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tashkil etilganini qayd etdi.

Biroq, sohada kamchiliklar va oʻz yechimini kutayotgan muammolar saqlanib qolmoqda. Senat raisi Tanzila Norboyeva oʻz mulohazalarini bildirar ekan, nogironlik boʻyicha muammolar koʻpayib ketganini qayd etdi. Tibbiyot sohasiga boʻlgan eʼtibor kuchaytirilganiga qaramasdan, bunday holatlar borligi tizimli strategiyaning oʻzi yoʻqligini koʻrsatmoqda. Aslida nogironlik masalasi bilan nafaqat sogʻliqni saqlash, balki bandlik, Savdo-sanoat palatasi ham shugʻullanadi. Lekin ular oʻrtasida oʻzaro hamkorlik yoʻq.

— Nogironlarga zarur boʻlgan protezlash markazlari kerakligi haqida qancha gapiramiz, — dedi Tanzila Norboyeva. — Lekin markazlar hali yetarli emas. Protez vositalari zarur boʻlgan nogironlarning bor-yoʻgʻi 3 foiziga xizmat koʻrsatilyapti. Nogironlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish borasida ham shifokorlar yetishmasligi va boshqa muammolar mavjud. Nogironlar tibbiy koʻrikdan oʻtishda 8-10 kundan ortiq vaqt sarflashining oʻzi ularni qiyin ahvolga tushirmoqda.

- Parlament soʻroviga javob berishda esa faqat raqamlarni qayd etish emas, bizga aniq reja berasiz, — dedi Senat raisi. – Muammoning yechimlari aks etmagan javob boʻlsa, qaytarib yuboriladi. Shu narsa eʼtiborda boʻlishi kerakki, nogironlik faqat tibbiy emas, balki ijtimoiy masaladir.

Norgul ABDURAIMOVA, OʻzA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?