Nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

16:14 23 Avgust 2019 Hujjatlar
189 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularni mehnat faoliyatiga keng jalb qilish orqali hayot sifati va darajasini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, bozor iqtisodiyoti sharoitida nogironligi boʻlgan shaxslarning bandligini taʼminlayotgan korxonalarning barqaror faoliyat yuritishini ragʻbatlantirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etilmoqda.

Nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalariga qarashli yuridik shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ularning ishlab chiqarish quvvatlarini yanada modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston nogironlar uyushmasi, Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati va Oʻzbekiston karlar jamiyati (keyingi oʻrinlarda – nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari)ning yagona ishtirokchisi nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Belgilansinki, ishlovchilari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi boʻlgan shaxslardan iborat va nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatiga haq toʻlash fondi umumiy mehnatga haq toʻlash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan yagona ishtirokchisi nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar:

yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi, qoʻshilgan qiymat soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblash va toʻlashdan ozod qilinadi;

soliqqa tortiladigan yerlar boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan,

yer uchastkasining joylashgan oʻrniga qarab belgilangan yer soligʻini stavkasiga nisbatan 0,1 pasaytiruvchi koeffitsiyenti qoʻllangan holda toʻlaydi.

3. Davlat buyurtmachilariga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ishlovchilari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi boʻlgan shaxslardan iborat va nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatiga haq toʻlash fondi umumiy mehnatga haq toʻlash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan yagona ishtirokchisi nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslarning tovarlari (ishlari, xizmatlari)ni xarid qilish uchun kvotalar taqdim etilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasida ushbu qarorda koʻrsatib oʻtilgan normalarni nazarda tutsin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,
2019-yil 23-avgust


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?