Nega yangi texnik reglamentga ehtiyoj sezilmoqda?

19:10 11 Iyul 2019 Iqtisodiyot
248 0

Kecha Sanoat xavfsizligi markazi qoshida mehnatni muhofaza qilish sohasida ishchilar malakasini oshirishga moʻljallangan yangi oʻquv markazi ochildi.

Oʻquv markazining faoliyati amaliyotga zamonaviy himoyalanish vositalarini keng joriy etish, masʼul shaxslarni mehnatni muhofaza qilish boʻyicha xorij tajribasi bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, yakka tartibda himoyalanish vositalarining qoʻllanilishi samaradorligini oshirish hisobiga ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan. Binobarin, maʼlumotlarga qaraganda, oxirgi uch yilda ishlab chiqarishda yuz bergan baxtsiz hodisalar soni 1 214 tani tashkil etgan boʻlsa, shundan 241 tasining oqibati oʻlim bilan tugagan.

— Oʻquv markazining faoliyati ishlab chiqarishdagi xodimlar uchun mehnatning xavfsiz sharoitlarini yaratishga yoʻnaltiriladi, — deydi Sanoat xavfsizligi markazi direktori Alisher Tillayev. — Bu borada markazga xorijiy hamkorlar yaqindan yordam beradi.

Aytish joizki, yakka tartibda himoyalanish vositalari yildan-yilga takomillashib bormoqda. Eskirgan normalar va himoyalanish vositalaridan foydalanish esa insonlar hayoti va salomatligini xavf ostiga qoʻyadi. Shuning uchun bugungi kunda yakka tartibda himoyalanish vositalarini ekspluatatsiya qilishning yangi texnik reglamenti ustida ish olib borilmoqda. Unda avval hisobga olinmagan xatarlar ham qamrab olinadi.

Oʻquv markazi ochilishida AQSH, Belgiya, Rossiya kabi xorijiy davlatlarning yakka tartibda himoyalanish vositalari ishlab chiqarish sohasidagi yetakchi kompaniyalari ham ishtirok etib, innovatsion himoya vositalarini namoyish etdilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?