Nega davlat rahbarining investitsiyaviy faoliyatni tartibga soluvchi qonunlarni takomillashtirish toʻgʻrisidagi topshiriqlari toʻliq bajarilmasdan qolmoqda?

12:06 23 Avgust 2019 Siyosat
108 0

Ziyoda Ashurova, Munisxon Karimova/ “Xalq soʻzi”- Online. Senat yalpi majlisida “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019-yil ikkinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilindi.

Senat tomonidan oʻtkazilgan tahlil va oʻrganishlar natijalariga koʻra joriy yilning birinchi yarim yilligida Dasturning 139 ta bandi ijrosini taʼminlash belgilangan. Shundan 101 ta bandning ijrosi taʼminlandi va 22 ta band muddatidan oldin bajarildi. Hozirgi kunda ijrosi taʼminlangan bandlar soni jami 123 tani tashkil etmoqda.

Amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida hisobot davrida yalpi ichki mahsulot oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foiz oʻsdi. Byudjet daromadlari qariyb 51 trln. soʻm yoki prognozga nisbatan 109 foizni tashkil etdi. Mahalliy byudjetlar ixtiyorida 2,6 trln. soʻmdan ortiq yoki oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobar koʻp mablagʻ qoldi.

Mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalarni jalb qilishni kuchaytirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar natijasida joriy yilning birinchi yarmida asosiy kapitalda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ulushi 2,5 barobarga ortdi va 1,7 mlrd. dollarga yetdi.

Hududlarda investitsiya loyihalarini birinchi yarim yillikda amalga oshirish darajasi 44 foizni tashkil etdi. Bunda Toshkent shahri (27%), Toshkent viloyati (31%) va Qashqadaryo viloyati (37%) eng ortda qolayotgan hududlar hisoblanadi.

Vazirlik va idoralar tomonidan respublikaning xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha amalga oshirayotgan ishlarini qoniqarli deb hisoblab boʻlmaydi.

Vazirlar Mahkamasiga Dasturda belgilangan muddatlarda bajarilmagan bandlarning soʻzsiz ijrosini taʼminlash choralarini koʻrish, shuningdek viloyatlar va tumanlarda oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida Oliy Majlis Senati tomonidan aniqlangan, investitsiya muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillar va muammolarni bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish tavsiya etildi. Muhokama yakunlari boʻyicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Joylarda tadbirkorlar va investorlarning muammolarini hal qilish maqsadida tashkil etilgan Bosh vazir qabulxonalari investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilashga qaratilgan samarali institutlar sifatida faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston Respublikasining jahon hamjamiyatidagi nufuzini yanada mustahkamlash va mamlakatning 15 ta xalqaro reytingdagi oʻrnini yaxshilash maqsadida masʼul vazirlik va idoralar biriktirildi.

Mamlakat iqtisodiyotida oʻtgan davr mobaynida investitsiyaviy muhitni takomillashtirishga qaratilgan keng qamrovli amaliy ishlarga qaramay, hududlarda investitsiyaviy faoliyatni yaxshilash borasida jiddiy kamchilik va muammolar mavjud.

Jumladan, xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlar chogʻida qonun hujjatlarining barqaror emasligi, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga tez-tez oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi, bir-biriga zid boʻlayotgan normalar mavjudligi xorijiy sarmoyadorlar va ichki investorlarga salbiy taʼsir qilayotganligi alohida taʼkidlandi.

Mazkur holatlar qonun ijodkorligida “aqlli tartibga solish” modeli elementlarining (SOVAZ) keng qoʻllanilmasligi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining taʼsirini majburiy baholash tizimi joriy etilmaganligi natijasida kelib chiqmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizda investitsiyaviy faoliyatni tartibga soluvchi qonunlarni takomillashtirish toʻgʻrisidagi davlat rahbari topshiriqlari toʻliq bajarilmasdan qolmoqda. Xususan, xorijiy investorlarning huquqlarini kafolatlash boʻyicha “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish va kiritish topshirigʻi hanuzgacha bajarilmagan.

Bundan tashqari, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish toʻgʻrisidagi Dastur bandi ham bajarilmasdan kelmoqda. Ushbu bandda belgilangan “Maxsus erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi parlamentga hozirga qadar kiritilmagan.

Investitsiyaviy faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar uchun kreditlar olish jiddiy muammoga aylangan. Tijorat banklarida resurslarning yetishmasligi, foiz stavkalarining yuqoriligi, kredit buyurtmalarini koʻrib chiqishda byurokratik toʻsiqlar mavjudligi, oʻz navbatida, tadbirkorlarning eksport majburiyatlarini bajarishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Shuning oqibatida joriy yilning birinchi yarim yilligida Dasturda koʻzda tutilgan investitsiyaviy loyihalar soni 9088 ta boʻlib, ularning umumiy qiymati 60,3 trln. soʻmni tashkil etadi, yaratilishi koʻzda tutilgan ish oʻrinlari esa 172488 ta. Biroq birinchi yarim yillikda jami 3332 ta loyiha (37%) boʻyicha umumiy qiymati 13,6 trln. soʻmlik (23%) loyihalar amalga oshirilib, bor-yoʻgʻi 38252 ta ish oʻrni (22%) yaratilgan.

Hududlarda investitsiya loyihalarini birinchi yarim yillikda amalga oshirish darajasi 44 foizni tashkil etdi. Bunda Toshkent shahri (27%), Toshkent viloyati (31%) va Qashqadaryo viloyati (37%) eng ortda qolayotgan hududlar hisoblanadi.

Vazirlik va idoralar tomonidan respublikaning xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha amalga oshirayotgan ishlarini qoniqarli deb hisoblab boʻlmaydi.

Vazirlar Mahkamasiga Dasturda belgilangan muddatlarda bajarilmagan bandlarning soʻzsiz ijrosini taʼminlash choralarini koʻrish, shuningdek viloyatlar va tumanlarda oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida Oliy Majlis Senati tomonidan aniqlangan, investitsiya muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillar va muammolarni bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish tavsiya etildi. Muhokama yakunlari boʻyicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?