Neft kompaniyasi “qora oltin”dan voz kechib, oʻzini kibersport biznesiga “urdi”

18:29 15 Avgust 2019 Dunyo
163 0

Illyustrativ foto

Amerikaning Black Ridge Oil & Gas neft kompaniyasi neft-gaz sohasidan butunlay voz kechib, yirik Allied Esports kibersport loyihasini sotib oldi. Bu haqda Inc. xabar berdi.

2010-2016-yillarda koʻplab kompaniyalarga zarar yetkazgan neft inqirozi ushbu brendni ham chetlab oʻtmadi.

Buning sabablaridan biri AQSHda slanes neftini qazib olish hajmining koʻpayishi va uni ishlab chiqarish samaradorligi bilan bogʻliq. Oqibatda Black Ridge Oil & Gas ham oxirgi uch yilda qator tarmoq muammolariga duch keldi.

Biroq uning rahbariyati vaqtni bekorga oʻtkazmadi. Mulkdorlari Allied Esports multimediaviy kibersport loyihasini toʻliq qoʻlga kiritdi va neft-gaz sohasida ishlashdan voz kechdi. Loyiha nomini esa Allied Esports Entertainment deya oʻzgartirdi.

Black Ridge ijrochi direktori Ken De Kubellisning fikricha, kibersport sektori bugun biznesning eng istiqbolli yoʻnalishlaridan biridir. Uning mutasaddilari tabiiy resurslarni qazib chiqarishdan koʻra oʻyinlar industriyasini istiqbolli deb bilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?