Navbatdagi chora-tadbirlar: tadbirkorlik subyektlari faoliyati qoʻllab-quvvatlanadi

12:44 19 May 2020 Siyosat
347 0

Koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, korxonalar faoliyatini tiklab, tayyor mahsulot eksportini koʻpaytirish eng muhim va ustuvor masalaga aylandi. Shu bois mamlakatimizda iqtisodiy oʻsish va investitsiyaviy faollikni ragʻbatlantirish, ishlab chiqarish surʼatlarini tiklash uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Bu haqda gapirganda pandemiyaga qarshi kurashish hamda karantin sharoitida aholi va korxonalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari qabul qilinib, biznes tuzilmalarga koʻplab imtiyoz va preferensiyalar berilganini, 87 mingta tadbirkorlik subyektining jami 18 trillion soʻmlik bank kreditlarini qaytarish muddati uzaytirilganini, davlat mulkidan foydalanayotgan 11 mingdan ortiq tadbirkor ijara toʻlovidan ozod boʻlganini alohida taʼkidlash joiz.

Shu bilan bir qatorda kichik biznes vakillari, yakka tartibdagi tadbirkorlar kelgusi uch oy davomida yer va mol-mulk soligʻidan ozod etilmoqda. Buning natijasida 50 mingdan ortiq tadbirkor 300 milliard soʻmni tejaydi va ularning aylanma mablagʻi koʻpayadi. Eng quvonarlisi, tadbirkorlarga aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun 500 milliard soʻmgacha (ilgari 10 milliard soʻmgacha) berilgan kreditlar boʻyicha kompensatsiya miqdori 5 foizdan 10 foizga oshirilyapti. Bu boradagi ishlar esa izchil davom ettirilmoqda.

Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab‑quvvatlash boʻyicha navbatdagi chora‑tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon oʻz vaqtida qabul qilingani bilan katta ahamiyatga ega.

Farmonga koʻra, kichik tadbirkorlik subyektlari, bozorlar va savdo komplekslari, kinoteatrlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, jamoat transporti korxonalari, sport-sogʻlomlashtirish muassasalari, shuningdek, yoʻlovchi tashish, maishiy xizmatlar koʻrsatish, binolarni, shu jumladan, banketlar oʻtkazish uchun ijaraga berish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar 2020-yilning 1-iyunidan 1-sentyabriga qadar mol-mulk soligʻi va yer soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi.

Shuningdek, kichik tadbirkorlik subyektlariga Prezidentimizning 2020-yil 19-martdagi va 3-apreldagi tegishli farmonlariga muvofiq, aprel-may oylari uchun taqdim etilgan, mol-mulk soligʻi va yer soligʻining foizsiz kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) summalaridan, 1-yanvardan boshlab 15-maygacha boʻlgan muddatda yer va mol-mulk soligʻi boʻyicha hisoblangan penya va jarimalardan voz kechiladi.

Ahamiyatli tomoni, mazkur hujjat bilan tadbirkorlar uchun tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni)ni olib kirishda (import) qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashni 120 kungacha kechiktirish huquqi beriladi. Shu yilning 1-mayidan 1-iyuligacha boʻlgan davrda mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha kamaytiriladi. Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan davlat korxonalari va yuridik shaxslar bundan mustasno.

Yana bir muhim yangilik – mikrofirma va kichik korxonalarning aylanma mablagʻlari kamayishining oldini olish maqsadida 2020-yil 15-may holatiga soliq qarzlari va soliq qonunchiligini buzganlik uchun penya va hisoblangan jarimalar boʻyicha qarzdorliklarini undirish 1-sentyabrgacha toʻxtatiladi. Davlat soliq xizmati organlari 15-may holatiga mikrofirma va kichik korxonalarning bank hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini oʻtkazish va yechib olish boʻyicha inkasso topshiriqnomalarini qaytarib oladi.

Bular hali hammasi emas. Shuningdek, Farmonga muvofiq, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi Jamgʻarma toʻgʻrisidagi nizom talablarini hisobga olgan holda quyidagi foiz xarajatlarini qoplashga kompensatsiya berishni boshlaydi:

– tadbirkorlik subyektlariga Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan milliy valyutada beriladigan investitsiyaviy kreditlar boʻyicha, kredit shartnomasi amal qilishining birinchi yili davomida;

– 1-oktyabrga qadar tadbirkorlik subyektlariga aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun milliy valyutada 500 million soʻmgacha beriladigan kreditlar boʻyicha kredit shartnomasi amal qilish muddati davomida 10 foizlik punkt miqdorida.

Farmonda Moliya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, shuningdek, byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga (zaruriyat boʻlganda) soliq imtiyozlari berilishi va ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonining oshishi natijasida olinmay qolinadigan daromadlar munosabati bilan vazirlik huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan subsidiyalar ajratishi ham nazarda tutilgan.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmondan koʻzlangan maqsad bitta – koronavirus pandemiyasi davrida aholi bandligini oshirish, daromadlarini koʻpaytirish va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab‑quvvatlashdir. Zero, ishlab chiqarish surʼatlarini tiklash va tadbirkorlarni barqaror faoliyat yuritib ketishi zarur sharoitlarni yaratish hozirgi paytda har qachongidan ham muhim.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri oʻrinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?