Namanganda kosmonavtlar uchun paypoqlar ishlab chiqaradigan mashhur brend oʻz korxonasini ochadi

10:25 19 Mart 2019 Iqtisodiyot
433 0

Namanganda Rossiyaning “Fabrika Nashe” korxonasi paypoq mahsulotlari ishlab chiqariladigan yangi fabrikaga tamal toshi qoʻyildi. Bu haqda Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 28-fevral – 1-mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlarni bajarish doirasida boʻlib oʻtdi.

Ramziy toshni qoʻyish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir birinchi oʻrinbosari Achilbay Ramatov, Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Alisher Abdualiyev, Namangan shahri rahbariyati va “Fabrika Nashe” korxonasi vakillari ishtirok etdilar.

Fabrikani qurilishi va foydalanishga topshirilishi uchun 1,6 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya yoʻnaltiriladi. Bu yerda 300 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Boʻlajak korxona hududida rossiyalik hamkorlar bilan loyihani amalga oshirish bosqichlari va obyektni tezda ishga tushirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Maʼlumot uchun, Rossiyaning Smolensk shahrida joylashgan ushbu fabrikaga 1953 yilda asos solingan. Uning eng mashhur mahsuloti yuz foiz paxtadan tayyorlangan paypoqlardir. Ushbu tovarlar dunyoning 21 ta mamlakatiga eksport qilinadi. Aynan ushbu korxona rossiyalik kosmonavtlar va ushbu davlat Olimpiya terma jamoalari aʼzolari uchun paypoqlar yetkazib beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?