Namanganda elektr taʼminotida cheklovlar toʻxtatildi. Tabiiy gaz bosimi ham koʻtarildi. Bu kunlar ilib qolganiga bogʻliq emasmi?

12:14 04 Dekabr 2019 Iqtisodiyot
335 0

Namangan viloyati hududida aholiga elektr energiyasi taʼminotida cheklovlar toʻxtatildi.

Bu haqda “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ direktori oʻrinbosari Sayfiddin Husainov maʼlum qildi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati tomonidan gaz va elektr taʼminotida uzilishlar bilan bogʻliq holatlar yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanida soʻz olgan Sayfiddin Husainov, viloyat hududida aholiga elektr energiyasi taʼminotida cheklovlar toʻxtatilganini qayd etib, uzilishlar faqat avariya holatlaridagina roʻy berishi mumkinligini taʼkidladi.

Mavsum masʼuliyatidan kelib chiqib, endilikda favqulodda holatlarni bartaraf etish uchun tezkor tuzatuv mutaxassislari soni 1,5 barobarga oshirildi. Shuningdek, viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi qoshida ish olib borayotgan ishonch telefonlarini qayta eslatgan Sayfiddin Husainov, isteʼmolchilar bilan tezkor aloqani oʻrnatish maqsadida kelgusi haftadan uzluksiz ishlaydigan “Call centre” ishga tushirilayotganini maʼlum qildi.

Viloyat hududida aholiga yetkazib berilayotgan tabiiy gazning taqsimlash stansiyalaridan chiqish bosimi ham 2-dekabrdan 3-dekabrga oʻtar kechasi besh barobarga koʻpaytirildi. Bu koʻrsatkich 6-noyabrdan 2-dekabrga qadar 0,2 atmosferani tashkil qilib, belgilangan koʻrsatkichdan 15 barobar kam ekani va aholi noroziligiga sabab boʻlayotgan edi.

Matbuot anjumanida “Hududgaz Namangan” MCHJ direktori oʻrinbosari Oʻtkirbek Mamadaliyev endilikda gaz bosimi bir atmosferaga chiqib, bu koʻrsatkichni uch atmosferaga yetkazish boʻyicha bosqichli ishlar olib borilayotganini aytib oʻtdi.

Gaz taʼminoti idorasi mutasaddisi, shuningdek, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida yuzaga kelayotgan uzilishlarga ham izoh berib, gaz taʼminotda birlamchi isteʼmolchilar — koʻp qavatli uylarda yashovchilar hamda ijtimoiy obyektlar ekanini hamda shu sababdan mavjud 83 ta AGQSHlarga vaqtincha 10 soatlik cheklov qoʻyishga toʻgʻri kelganini aytib oʻtdi. Gaz bosimining ortishi bilan bu cheklovlar bosqichma-bosqich bekor qilinadi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?