Namangan “Gullar bayrami” bilan yanada maftunkor tus oldi

22:55 26 May 2019 Madaniyat
656 0

Bugun viloyat markazida Namanganning oʻzigagina hos boʻlgan “Gullar bayrami” boshlandi. Ellik toʻqqizinchi bor oʻtkazilayotgan anjuman haqidagi xushxabar butun olamga taralgani bois ardoqli bayram mehmonlari safi nafaqat yurtdoshlarimiz, balki, yaqin va olis xorijdan tashrif buyurgan insonlar bilan yanada kengaygan. Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻidagi maftunkor manzaralar, sermazmun tomoshalaridan shodlangan insonlarning bari gullar timsolida nafosatga oshufta shahar ahlining ahdu-shijoatiga tasanno aytmoqda.

Anʼanaviy bayram bugun erta tongda “Namangan” xalqaro aeroportida hurmatli mehmonlarni tantanali kutib olish bilan boshlandi. Ular sharafiga gullar bilan bezatilgan bir yuz ellikdan ziyod transport vositalaridan iborat karvon ishtirokida shahar boʻylab oʻziga xos avtoparad tashkil qilindi. Bogʻning sharqiy darvozasi oldida tashkil etilgan tantanali ochilish marosimi “Gullar bayrami” madhiyasi bilan boshlandi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning tabrigidan soʻng yosh ijrochilar konserti namoyish qilindi.

Eʼtiborli jihati, endilikda Namanganning xalqaro brendiga aylangan gullar butun boʻy – basti bilan namoyon qilinadigan ayyomda bevosita ishtirok etish istagida boʻlgan mehmonlar orasida Eron, Hindiston, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Qirgʻizistondan kelgan yaqin va olis xorijliklar ham anchagina. Binobarin, gulsevar kent ahlining qutlugʻ ayyomida namoyish qilinadigan turfa gullar koʻrgazmasi, unga monand madaniy tadbirlarni har qancha tomosha qilsa, zavqlansa arziydi. Ayniqsa, rang-barang gulu chechaklardan orolanib, koʻngilga yoqadigan iforga burkangan Bobur bogʻidagi ajib manzaralardan koʻz uzish qiyin. Usta gulkorlar, korxona, tashkilot va muassasalarning havaskor bogʻbonlari bayram tadorigi doirasida 5 million tupdan ortiq gul joylashtirilgan koʻrgazma, 100 dan ortiq kompozitsiyali koʻrinishlar barpo qilishdi. Bundan tashqari anjumanda bir qator xorijiy davlatlar, shuningdek, Toshkent shahri, Andijon, Fargʻona viloyatlaridan tashrif buyurgan usta gulkorlar ham oʻz koʻrgazmalari bilan qatnashishmoqda.

- Gulchilarning anʼanaviy bayramini oʻz koʻzim bilan koʻrish maqsadida Namanganga keldim,-deydi Eronning Mozandaron shahridan tashrif buyurgan Muhammad Ramazoniy. – Bayramda ixtisoslashtirilgan firmamizda parvarishlanadigan noyob gullar namunalarini namoyishga qoʻyganmiz. Kaktusning ikki mingdan ortiq turi bor. Bugun turfa chechaklarga toʻla bogʻ, undagi sayru-tomoshalarni koʻrib, shahar ahlining tabiatga mehri, gulparvarligiga tan berdim. Taassurot shuning oʻzigina emas. Orada sohada katta tajribaga ega boʻlgan namanganliklar bilan hamkorlik oʻrnatish niyatini ham dilimga tugib qoʻydim.

Aytish lozimki, endilikda xalqaro maqom kasb etgan “Gullar bayrami”ga xorijiy davlatlar axborot agentliklari, televideniye va kundalik matbuot nashrlari ham katta qiziqish bildirishmoqda. Xususan, Turkiyaning TRT telekanali, Anadolu axborot agentligi, “Yeni shafaq” gazetasi, Xitoyning Sinxua agentligi, “Szinszi Jibao” nashri,Rossiya, Eron, Qirgʻizistonning bir qator jurnalistlari oʻz vatandoshlariga Namangandagi anjuman tafsilotlarini tezkorlik bilan uzatib turishibdi.

Bayram dasturi esa butun jahonga koʻz-koʻz qilsa arziydigan miqyosda tayyorlangan. Xususan, madaniyat va istirohat bogʻi bir hafta davomida chinakam saylgoh, koʻngilochar tadbirlar maskaniga aylanadi. Poytaxtdan tashrif buyurgan usta sanʼatkor va soʻz ustalari, viloyat badiiy jamoalari, dorbozlik hamda boshqa turdagi xalq oʻyinlari ijrochilarining chiqishlari tomoshabinlarga bir olam zavq bagʻishlashi tabiiy. Bundan tashqari ona yurt, tabiat manzaralarini aks ettirgan suratlar koʻrgazmasi, adabiy mushoiralar, tanlovlar tashkil etiladi. Eng yaxshi koʻrgazma tashkil etgan gulchilarni esa yengil avtomashina va boshqa qimmatbaho sovrinlar kutmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?