Muzeylar menejmenti dasturining uchinchi mavsumi boʻlib oʻtdi

14:40 20 May 2019 Madaniyat
376 0

Zamonaviy sanʼat markazida Britaniya Kengashi, Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi qoshidagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi va Londonning Goldsmit universiteti bilan hamkorlikdagi Muzeylar menejmenti dasturining uchinchi mavsumi boʻlib oʻtdi.

Dastur ikki yilga moʻljallangan boʻlib, Oʻzbekistonning muzey va galereyalari xodimlarini malakasini oshirishishga qaratilgani tadbirda taʼkidlab oʻtildi. Shuningdek, u oʻzbek arboblari uchun sanʼat menejmentini oʻqitish va tatbiq etish boʻyicha jahonda nufuzli oʻringa va katta tajribaga ega Goldsmit Universitetining yetakchi mutaxassislari tomonidan maxsus ishlab chiqilgan boʻlib, muzeylar boshqaruvining xalqaro tajribasi, loyihalar boshqaruvi, marketing va muloqot mavzularini qamrab oladi.

Tadbirda Goldsmit Universiteti yetakchi mutaxassislari, Davlat amaliy sanʼat muzeyi, I. V. Saviskiy nomidagi davlat sanʼat muzeyi, Oybek uy-muzeyi, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti xodimlari ishtirok etdi.

Uchinchi bosqichida muzeylari XXI talablariga javob beruvchi, zamonaviy auditoriyani jalb qilish uchun omillar strategik shaklda oʻrganiladi.Auditoriyani qiziqishlarini tushunish, mijozlarni talablariga asoslangan boshqaruvning yetti unsuri, ular bilan chuqur va turli yoʻnalishdagi aloqalarni yaxshilash, strategik rejalash, sanʼat sohasida marketing kabi qator prinsiplar koʻrib chiqildi.

— Biz kurs mobaynida uchta guruhga boʻlingan holda muzeylarni rivojlantirish, ularda menejmentni qanday yuksaltirish borasida loyihalar taqdim etamiz, — deydi Oʻzbekiston milliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi koʻrgazmalar tashkil etish boʻlimi mudiri Maftuna TOʻYCHIYEVA. — Bunda bizga Britaniyaning yetakchi mutaxassislari bilim va koʻnikmalarimizni oshirishda koʻmak beradi. Dastur mobaynida orttirgan tajribamizni amaliyotga tatbiq etib kelmoqdamiz. Masalan, oʻtgan mavsumda muzeylarning koʻchma koʻrgazmalarini tashkil etish haqida taqdimot qilgan edik. Hozirda koʻplab muzeylar xiyobonlarda, taʼlim muassasalarida koʻchma koʻrgazmalar tashkil qilmoqda.

Yulduz OʻRMONOVA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?