Muzeylar eksponatlari xatlovda

16:57 02 May 2019 Madaniyat
735 0

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasida quyidagi tanqidiy fikrlar aytilgan edi: “Afsuski, yurtimiz tarixini oʻrganishimizda oʻtgan davrda arxeologik tadqiqotlar yetarli darajada olib borilmadi. Shuning uchun Fanlar akademiyasining Arxeologiya va Sanʼatshunoslik institutlari faoliyatini, oliy oʻquv yurtlari va muzeylardagi arxeologik izlanishlarni chet ellik hamkorlar bilan birga tashkil etish zarur”.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasining 1019 yil 12 fevralda “Yurtimizning qadimiy va boy tarixini oʻrganish, ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish hamda ularni kelajak avlodga yetkazish, mamlakatimiz muzeylarida saqlanayotgan tarixiy eksponatlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqildi.

Ushbu chora-tadbirlar doirasida muzey ashyolari va kolleksiyalarini toʻliq xatlovdan oʻtkazish tartibi va muddatlari aniq belgilab olinib, ishchi guruhi shakllantirildi. Milliy muzey tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini hisobga olish va saqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan oʻz tarkibida 3000 tagacha muzey ashyolari hamda kolleksiyalari boʻlgan kichik muzeylar fondidagi barcha ashyolar har yili, 3000 tadan koʻp ashyolarga ega boʻlgan muzeylarda xatlov ishlari har ikki yilda bir marta oʻtkazilishi belgilandi. Shunga koʻra mamlakatimizdagi muzeylarda saqlanayotgan ashyo va kolleksiyalarni xatlovdan oʻtkazish jadal olib borilmoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi, Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi, I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeylarida xatlovdan oʻtkazish ishlari yakunlanmoqda.

Shuningdek, respublikamizdagi muzeylarda 2,4 mln.ga yaqin muzey ashyolari va kolleksiyalari mavjud, hozirgi kunda ularning 90 foizining elektron bazasi yaratildi. Termiz arxeologiya muzeyi, Oʻzbekiston davlat tabiat muzeyi, Namangan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi, Usmon Yusupov uy-muzeyi, Muxtor Ashrafiy uy-muzeyi, Urganch suratlar galereyasi, Shahrisabzdagi Amir Temur nomli moddiy madaniyat tarixi muzeylari kataloglarining elektron bazasi toʻliq yakunlandi.

Yana qoʻshimcha tarzida maʼlum qilish oʻrinliki, Madaniyat vazirligi tomonidan muzeylarni yanada kengroq targʻib qilish, faoliyatini jamoatchilikka koʻrsatish, sayyohlar uchun jozibadorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston muzeylari yagona portalini yaratish ishlari ham olib borilmoqda.

Shahlo ABDULLAYEVA, Madaniyat vazirligining muzeylar va kutubxonalarni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?