Muzey menejmenti kurslari tinglovchilarga nima beradi?

15:23 17 Sentyabr 2019 Madaniyat
125 0

Toshkent shahrida muzey menejmenti boʻyicha uzoq muddatli dasturni amalga oshirish ishlari sezilarli darajada oʻz samarasini koʻrsatib kelmoqda. Ushbu dastur Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi huzuridagi madaniyat va sanʼatni rivojlantirish Jamgʻarmasi, Britaniya Kengashi va Goldsmis universiteti bilan hamkorlikda yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, 2018-yilning dekabr oyida boshlangan. Loyiha doirasida turli muzeylarning xodimlariga soha boʻyicha beshta maxsus kurs oʻtilishi belgilangan. Bugun ushbu mashgʻulotning toʻrtinchi mavsumi boshlandi.

Kurs Oʻzbekiston muzeylarining maʼmuriy tuzilmasini takomillashtirish va mehmonxonalarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirishga qaratilgan. Kurs dasturi Byuuk Britaniyaning muzey ishidagi tajribasi asosida ishlab chiqilgan. Oʻz navbatida, dastur muzey menejmentining ilgʻor xalqaro amaliyotini oʻrganishni, loyihalarni boshqarishni hamda marketing va aloqalarni oʻz ichiga oladi.

Kurs mobaynida muzey mutaxassislariga mashgʻulot oʻtish bilan birga oʻzimiz ham yangi bilim va koʻnikmalarga ega boʻlamiz, tinglovchilar bilan tajriba almashamiz. — deydi Virjiniya Batton, loyiha treneri. —Maqsadimiz, muzeyga tashrif buyurgan insonlarga nafaqat madaniy hordiq olishiga, balki maʼlum darajada bilimga ham ega boʻlishiga imkon yaratishdan iborat.

Bu galgi oʻquv mashgʻulotlari Respublika Bolalar kutubxonasida boʻlib oʻtadi va besh kun mobaynida Oʻzbekiston muzey va idoraviy muassasalarning xodimlariga sohaning xorijiy mutaxassislari tomonidan muzey faoliyatiga doir yangi bilim va koʻnikmalar oʻrgatiladi. Yil mobaynida kursning soʻnggi — beshinchi mavsumi ham oʻtkazilib, tinglovchilarga maxsus sertifikat beriladi.

Mashgʻulotlar 20-sentyabrgacha davom etadi.

Yulduz OʻRMONOVA, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?