Muftiy Ravil hazrat Pancheyev: “O‘zbekistonda islom ma’naviyatining tarixiy haqiqatlari qaror topmoqda”

12:56 12 Iyun 2018 Madaniyat
295 0
Muftiy Ravil hazrat Pancheyev. Foto: Xalq so‘zi

Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga kirishgan ilk kunlardan boshlab, muqaddas islom dini buyurgan bag‘rikenglik, saxovat, muruvvat kabi amallarga hamohang tarzda o‘zbek zaminidan yetishib chiqib, jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan mashhur allomalar merosiga tayangan holda, bu yurtda islom dinining insonparvarlik mohiyatini targ‘ib etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni olib bormoqda.

O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatib boryapmiz. Binobarin, qalbi pok niyatlarga yo‘g‘rilgan ko‘pchilik insonlar qatori Sankt-Peterburg va Rossiyaning Shimoli-G‘arbiy mintaqasi musulmonlari Diniy boshqarmasi jamoasi, uning timsolida shu hududda islom diniga e’tiqod qiluvchi barcha fuqarolar teran tafakkurga asoslanib olib borilayotgan islohotlar hamda ularning samaralarini yuksak baholaydi.

XXI asrda insoniyat terrorizm degan manfur illat bilan to‘qnash keldi. Mana shunday sharoitda O‘zbekiston rahbari BMT Bosh Assambleyasining yuksak minbaridan turib din niqobi ostida amalga oshirilayotgan jinoiy xatti-harakatlar negizida jaholat, diniy va dunyoviy savodsizlik yotganini qat’iy ta’kidladi. Jaholatga qarshi esa faqat ma’rifat orqali kurashish samara keltirishi mumkin. Shavkat Mirziyoyev xalqparvar hamda tinchliksevar siyosatchi sifatida yosh avlodni ana shunday yot qarashlardan muhofazalash uchun barchani hamkorlikda harakat qilishga chaqirdi.

Uning “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”, degan fikrlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlaymiz.

Shu ma’noda, islom dinining tub mohiyatini tushuntirish, yoshlarni buyuk allomalarning boy merosi bilan tanishtirish, ma’rifatli islom g‘oyasini keng yoyish maqsadida bevosita Prezident tashabbusi bilan Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Surxondaryoda Imom Termiziy markazi, Toshkentda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil qilingani beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Go‘ri Amir andozasidagi masjid Bizni bu ko‘hna hamda mo‘tabar zamin bilan ko‘p muqaddas rishtalar bog‘lab turadi. Xususan, XIX asr oxiri — XX asr boshlarida bizning Sankt-Peterburgda birinchi va eng ko‘hna hamda katta sobor masjidi barpo qilingan. Bu xayrli ishga Buxoro amiri ham xayriya mablag‘i bilan hissa qo‘shgan ekan. Yana bir e’tiborli tomoni, shahrimizdagi mazkur muqaddas maskan uchun Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasi andoza qilib olingan. Bu borada taqdim etilgan 45 ta loyihadan unga eng yaqin keladigani tanlab olingan. Ammo o‘tgan asrning 50-yillarida mazkur masjid hududining bir qismi turarjoy binolari qurish uchun ajratilishi natijasida uning maydoni qisqarib qolgan. Vaqt o‘tib uning qumdan qilingan minora gumbazi muttasil sovuq ob-havo va yog‘ingarchiliklar tufayli to‘kilib tushdi. 1978 yilda esa tramvayning relsdan chiqib ketib binoga urilishi oqibatida gumbazning ma’lum bir qismi qulab, masjidni restavratsiya qilish ehtiyoji kun tartibiga chiqdi.

1970 — 1980 yillarda moliyaviy ahvol murakkab holatda edi. Har narsa vaqti-soati bilan deganlaridek, otam (u kishi haqida quyida so‘zlab beraman) ana shu kamchilikni bartaraf etish uchun mablag‘ topa olgan. Bu yo‘lda ob-havo sharoitlariga mos tushadigan gumbaz maketi tayyorlanib, mutaxassislar guruhi tashkil qilingan. Sopol pishirish uchun texnik chinnidan pechlar tayyorlangan. Uning muqobili hozir ham dunyoning hech bir yerida uchramaydi.

Shu tariqa Go‘ri Amirning Sankt-Peterburgdagi “egizagi”ga e’tibor aslo susaymadi. Shahar rahbariyati, xususan, gubernator Sergey Poltavchenko tomonidan masjid mintaqaviy darajadagi me’moriy yodgorlikka aylantirildi. Buning uchun byudjet mablag‘lari ham yo‘naltirildi. Ana shunday ulug‘ dargoh qurilishida o‘z hissasini qo‘shgan, Go‘ri Amir maqbarasi andozasidan foydalanish imkonini bergan o‘zbek xalqidan doim minnatdormiz.

Yetuk insonlar duosi

O‘zbekiston bilan kaminani birlashtiradigan yana ko‘plab go‘zal xotiralar bor. Otam muftiy Ja’far hazrat Pancheyev o‘tgan asrning 60-yillarida Buxorodagi Mir Arab madrasasida saboq olgan. 1975 yilda esa Toshkent islom institutining ilk bitiruvchilaridan bo‘lgan. Kezi kelganda e’tirof etishni istardimki, bugungi kunda Buxorodagi Mir Arab madrasasiga oliy diniy ta’lim muassasasi maqomi berilgani nafaqat o‘zbekistonliklar, balki rossiyalik din ulamolarini ham birdek quvontirdi.

Bolalik chog‘larimda Toshkent hamda Samarqandga borganimni katta quvonch va hayajon bilan eslayman. Bir safar, yugurib yurganimda, buyuk din ulamosi, ma’rifatparvar inson Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf meni ko‘rib qoldi. O‘shanda u kishi beg‘uborlik ila kaminaga alohida mehribonlik ko‘rsatgan edi. Ana shu yoqimli damlar xotiramda bir umr saqlanib qolgan. O‘zbekistonlik buyuk insonlar bilan ko‘rishganim, ularning duolarini olganimdan g‘ururlanib yuraman. Bunday his-tuyg‘u avloddan-avlodga o‘tib boraverishi o‘zbek xalqi bilan qilo‘tmas do‘st-birodarligimizni mustahkamlayveradi. Shuning uchun nafaqat otam, balki oilamizning barcha a’zosi o‘zbek zamini, bu yerdan yetishib chiqqan piru arkonlar, ustozlarning beminnat xizmatlari, qilgan yaxshiliklari, bergan beqiyos bilimlarini hech qachon unutmaydi.

Xabaringiz bo‘lsa kerak, o‘tgan yili otamning do‘sti, u kishi bilan birga Buxoro va Toshkentda o‘qib, hujralarda yashagan Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda tomonidan Ozarbayjon hamda O‘zbekiston din ulamolari bilan hamkorlikda xalqaro konferensiya tashkil etildi. Unda islom taraqqiyotiga yo‘nalish beruvchi insonlar qatnashdi. Aynan shunday shaxslar sharofati bilan islom sinov davrini boshdan kechirganimizga qaramasdan mintaqamizda saqlanib qoldi. Hatto, bir paytlari yurtimizga kelgan Arab davlatlari delegatsiyasi vakillari hayron qolib, xudosizlik bilan bog‘liq og‘ir yillarda islomni qanday asrab qolganimiz haqida so‘raganini eslayman.

Otalarimiz asrab kelgan fazilatlarni farzandlarimizga ham yetkazishimiz darkor 

Afsuski, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Bugun musulmonlarni bir-biridan ayirish, yot kuchlarning islom dinini bo‘lib tashlash, uning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan buzg‘unchi g‘oyalarga xizmat qilayotganlar safi kengayib boryapti. Ular bu ishlarni islomni yomonotliq qilish, birovning tinchini buzish, jaraq-jaraq pul topish maqsadida amalga oshirayotgani hech kimga sir bo‘lmay qoldi. Chin e’tiqod egalarining bu kabi ashaddiy dushmanlari bizni qashshoqlik, jaholat davriga qaytarmoqchi. Biz esa qarshilik ko‘rsatib, ma’rifat tug‘ini baland tutgan holda qat’iy kurashyapmiz. Binobarin, islom dinining asl mohiyati yanada keng ochilib, aholi e’tiqodi kuchayib borayotgani quvonarli holdir. Agar o‘tgan asrning 70-yillarida juma namozlari paytida 6,5 ming kishilik o‘ringa ega masjidimizning yarmi ham to‘lmagan bo‘lsa, hozir keluvchilarga joy yetmasligi bunga misol bo‘la oladi. Har qanday ob-havo sharoitida odamlar chin ibodat uchun oshiqishidan xursand bo‘lamiz. Biz esa ularga sharoit yaratib berishni o‘z burchimiz, deb bilamiz.

Sankt-Peterburgdagi birinchi va eng ko‘hna masjid. Foto: “Xalq so‘zi”

Shu o‘rinda bir vaqtlarda og‘ir bo‘lgani, biroq ba’zi ibratli holatlardan ham ko‘z yumib bo‘lmasligi haqida aytib o‘tmoqchiman. U paytlarda “Sen bu millatdansan yoki sen unisidan”, deb bir-birimizga ayirmachilik, millatchilik, mahalliychilik, umuman, past nazar bilan qaramaganmiz. Do‘st bo‘lganmiz. Bugun aynan shu muhim qadriyatdan foydalanib, diniy ma’rifat, sof ma’naviyat va axloq qoidalarini keng yoyishimiz zarur. Otalarimiz asrab kelgan fazilatlarni farzandlarimiz, nevaralarimizga ham yetkazishimiz darkor.

Mana, hozir muqaddas Ramazon oyi. Har yili masjidimiz hududida iftorliklar uyushtiramiz. Dastlab 50 kishi yig‘ilgan bo‘lsa, bugun ularning soni

2000 nafarga yetdi. Har kuni ular bu yerga kelib, duo qilib, og‘iz ochadi. Tatar, o‘zbek, chechen, qozoq, tojik kabi millatlarga mansub musulmon ahli islom kimlar uchundir urush va o‘ldirish uchun niqob emas, balki olijanoblik, ezgulik, ahillik hamda hamjihatlik e’tiqodi ekanligini namoyon etishmoqda.

Zotan, dinimiz yovuzlikka emas, balki yaxshilikka, odamlarni bir-biri bilan do‘st-birodar bo‘lishga, Alloh tomonidan berilgan har bir ne’mat, har bir kun uchun xursandchilik tuyishga chaqiradi. U bizga ota-onamiz bilan suhbatlashish, bolalarimiz bilan baxtli yashash, Yaratgan qudrati bilan oila, chaqaloqlar dunyoga kelishidan quvonish imkonini beradi. Biz buni qadrlaymiz.

O‘zbekiston haqida so‘zlashdan charchamayman

O‘zbekistonda islom yo‘nalishida so‘nggi yillarda nihoyatda salmoqli ishlar qilinayotgani haqida har qancha so‘zlashdan charchamayman. Zero, mazkur yo‘nalishda katta yutuqlarga erishish, tarixiy haqiqatlarni qaror toptirishga O‘zbekistonning to‘la ma’naviy huquqi bor. Buning yana bir asosli sababi uning ulug‘ mutafakkirlar yurti ekanligidir. Bu manzilda kamol topgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomlari butun dunyoda mashhur.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanishlar tufayli ushbu allomalarning ibratli maktablari qayta tiklandi, rivojlantirilyapti. Bu esa ular yaratgan bebaho diniy-ma’rifiy, ma’naviy durdonalarni aholi, ayniqsa, yosh avlod orasida keng o‘rganilishiga mustahkam zamin yaratyapti. Bunday sa’y-harakatlar, eng avvalo, jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishga xizmat qiladi.

Muxbirimiz Omonulla Fayziyev Ravil hazrat Pancheyev bilan suhbatlashmoqda. Foto: “Xalq so‘zi”

Zero, bugun Yer yuzida ro‘y berayotgan geosiyosiy o‘zgarishlar va globallashuv jarayonining tezlashuvi nafaqat insoniyatning imkoniyatlari kengayishiga olib kelmoqda, balki qarama-qarshilik hamda to‘qnashuvlarning kuchayishiga, mamlakatlar o‘rtasidagi tafovutning chuqurlashuviga ham sabab bo‘layotir. Buning natijasi o‘laroq, tinchlik va barqarorlikka tahdid soluvchi, ko‘lami bo‘yicha transmilliy tusdagi, misli ko‘rilmagan xavf-xatarlar yuzaga keldi. Shu bois har bir tinchliksevar davlat hamda xalq barqarorlikni saqlab qolish yo‘lida hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda, bunda ma’rifiy dasturlardan foydalanilyapti.

Diniy sohadagi hamkorligimiz rivojlanmoqda

Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston bilan qator jabhalar qatori, diniy sohada ham muhim hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bu — Diniy boshqarmalar o‘rtasida ma’rifat yo‘nalishidagi hamkorlik, ekstremizm va terrorizmga qarshi birgalikda kurashish, ko‘p tomonlama anjumanlar o‘tkazish, sayyohlikni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.

2017 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Sankt-Peterburg va Rossiyaning Shimoli-G‘arbiy mintaqasi musulmonlari Diniy boshqarmasi hamkorligida, o‘zbek ulamolari ishtirokida Sankt-Peterburg shahri va boshqa hududlarda yoshlar, mehnat migrantlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu yil hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama shartnomani imzolash, boshlangan ma’rifiy ishlarni davom ettirish niyatidamiz.

Sankt-Peterburgdagi masjidning ichki ko‘rinishi. Foto: “Xalq so‘zi”

Bizning ma’naviy hayotimiz masjiddan hamda ibodat xonalaridan tashqarida ham davom etadi. Sankt-Peterburg shahri, Leningrad viloyati rahbarlari bilan birgalikda migrantlar bilan ishlash bo‘yicha qilinadigan ulkan faoliyat buning yorqin misolidir. Juma namozidan keyin odamlar kelishi uchun tegishli qo‘mitalar, Rossiya federal migratsiya xizmati, ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik va mehnat qo‘mitalari vakillari ishtirokida seminarlar tashkil qilyapmiz. Yo‘nalishlar yildan-yilga kengayib bormoqda. Muhojirlar esa aniq faoliyat bilan shug‘ullanib keladigan hokimiyat vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashadi. Ularning boshqa joylarga murojaat etishi, o‘z masalalariga javob izlashiga hojat qolmaydi. Chunki mazkur sohada ishlaydigan aniq mutasaddi shaxsdan javob olish imkoniyati yaratiladi. Agar ta’lim bo‘yicha savol tug‘ilsa, ta’lim qo‘mitasi, farzand bilan bog‘liq masala bo‘lsa, sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddisi shu yerning o‘zida aniq tushuncha berishga shay turishadi.

O‘zbekistonda olib borilayotgan diniy-ma’rifiy ishlar bizga behad quvonch bag‘ishlashini e’tirof qilgan holda, xalqlarimizni osoyishtalik va farovonlik aslo tark etmasligini Yaratgandan iltijo qilib so‘raymiz. Prezident Shavkat Mirziyoyevga xayrli islohotlarni yanada keng ko‘lamda ro‘yobga chiqarishida yutuqlar tilaymiz.
Muftiy Ravil hazrat PANCHЕYEV,
Sankt-Peterburg va Rossiyaning Shimoli-G‘arbiy mintaqasi musulmonlari
Diniy boshqarmasi raisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?