Mudhish qotillikni kim qilgani aniqlandi

20:42 19 Mart 2019 Jamiyat
518 0

Illyustrativ foto

2019 yil 17 mart kuni Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Xushroʻy koʻchasi, 13-uyda yashagan N.A. (ayol kishi, 1972 yilda tugʻilgan) va uning birinchi turmushidan boʻlgan farzandlari H.N. (1994 yil) va Sh.N. (1995 yil)ning jasadlari koʻkrak qafasi, oʻpka va yurakka sanchilib kirgan ogʻir tan jarohatlari bilan topilgan. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining “Telegramm” ijtimoiy tarmogʻidagi rasmiy kanalida xabar beriladi.

Voqea joyiga tezkor tergov guruhi yetib borgan hamda kechiktirib boʻlmaydigan tergov harakatlari oʻtkazilib, sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.

Hodisa sodir boʻlgan joyni koʻzdan kechirish davomida xonadonga oʻrnatilgan kuzatuv kamerasining xotira qurilmasi (hard disc) ashyoviy dalil tariqasida olinib, undagi videotasvirlar koʻzdan kechirilganida, ushbu qotillik jinoyati N.A.ning sharʼiy nikohdagi turmush oʻrtogʻi I.X. tomonidan sodir etilganligi aniqlangan.

Mazkur jinoyat ishi yuzasidan Jizzax viloyati prokuraturasi va viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda gumon qilinuvchi I.X. Zomin tumanida qoʻlga olingan.

I.X.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a” va “j” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergovning borishi ustidan Bosh prokuratura tomonidan alohida nazorat oʻrnatildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?